![«Turkiyadan qo‘lingizni torting» - Qilichdoro‘g‘li Rossiyani fitnada aybladi](/uploads/posts/2023-05/ddsrklhanirkehenp6pi_9u5y-ej4xoi.jpg)
Foto: Anadolu
Turkiya Respublika xalq partiyasi rahbari, muxolifatdagi «Xalq koalitsiyasi»dan prezidentlikka nomzod Kamol Qilichdoro‘g‘li Rossiyani saylovoldi fitnalarini uyushtirganlikda aybladi.
«Aziz rus do‘stlar, kecha bu mamlakatda fosh qilingan montajlar, fitnalar, Deep Fake kontenti va yozuvlari ortida siz turibsiz. 15 maydan keyin ham do‘stligimizni davom ettirmoqchi bo‘lsangiz, Turk davlatidan qo‘lingizni torting. Biz hamon hamkorlik va do‘stlik tarafdorimiz», deb yozdi u ijtimoiy tarmoqda.
U murojaatini turk va rus tilida taqdim qildi.
Bir necha kun oldin Rajab Toyyib Erdo‘g‘an kurd jangarilari yetakchisining Qilichdoro‘g‘liga ovoz berishga chaqirgan videosini namoyish etgan edi.
«Terrorchi tashkilotlar bilan yurgan Qilichdoro‘g‘lining bu vatanni bo‘lib tashlashiga yo‘l qo‘ymaymiz», dedi Erdog‘an.
Deutche Welle tomonidan olib borilgan surishtiruv videoni soxta ekanini ko‘rsatdi. Jurnalistlar videoning foni va mazmuni butunlay boshqacha bo‘lgan ikki xil lavhadan yig‘ilganini aniqlashdi.
Qilichdoro‘g‘li Respublika xalq partiyasini (mamlakatdagi eng qadimgi partiya va Erdo‘g‘an blokidan keyin parlamentdagi ikkinchi eng katta partiya) boshqaradi. Uning nomzodi 6 ta partiyadan iborat «Xalq alyansi» tomonidan ko‘rsatilgan. Ilgari siyosatchi Rossiya haqida bunday keskin bayonotlar bermagan, aksincha, saylovda g‘alaba qozongan taqdirda u bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan.
Sotsiologlarning qayd etishicha, Turkiyadagi prezidentlik saylovida to‘rt nafar nomzod ishtirok etayotgan bo‘lsa-da, ulardan faqat ikkitasi – Erdo‘g‘an va Qilichdoro‘g‘li g‘alaba qozonish uchun real imkoniyatga ega.
Avvalroq, Turkiya prezidentligiga to‘rt nomzoddan biri, «Vatan» partiyasi raisi Muharrem Inje o‘z nomzodini qaytarib olgan edi. U muxoliflarni o‘z obro‘siga putur yetkazishda, jumladan, soxta pornovideolarni tarqatishda va kelib chiqishi noma’lum mablag‘larni o‘g‘lining hisobiga o‘tkazishda aybladi. Shundan so‘ng, Qilichdoro‘g‘li uni muxolifat safiga qo‘shilishga chaqirgan edi.
Turkiyada prezidentlik saylovi 14 may kuni bo‘lib o‘tadi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring ![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar