Londonga ketayotgan poyezddagi hujumda 14 kishini o‘ldirishga uringan erkak aybdor deb topildi

Buyuk Britaniyada 33 yoshli Entoni Uilyams Londonga ketayotgan poyezd va boshqa joylarda sodir etgan hujumlari uchun 14 kishini o‘ldirishga urinishda aybdor deb topildi. Bu haqda Buyuk Britaniya transport politsiyasi (British Transport Police) xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqealar 2025 yil 31 oktyabr va 1 noyabr kunlari sodir bo‘lgan. Uilyams Piterboro va Londonda, shuningdek, Londonga yo‘nalgan poyezdda odamlarga hujum qilgan. Jami 14 kishi jabrlangan, ular orasida ikki nafar o‘smir ham bor.
Sudda ma’lum qilinishicha, poyezddagi hujum vaqtida yo‘lovchilar va vagon xodimlari boshqalarni himoya qilish hamda hujumchini to‘xtatishga harakat qilgan. Hodisa oqibatida bir necha kishi og‘ir jarohat olgan. Barcha jabrlanganlar tirik qolgan.
Uilyams hujumlarni sodir etganini tan olgan, ammo odamlarni o‘ldirish niyati bo‘lganini rad etgan. Himoya tomoni uning shizofreniya bilan bog‘liq o‘tkir psixoz holatida bo‘lganini bildirgan. Sudda uning ruhiy holati va odamlarni o‘ldirish niyatini shakllantira olgan-olmagani muhokama qilingan.
Shuningdek, Uilyams hujumlardan oldin oilaviy shifokoriga ruhiy holati yomonlashayotgani haqida murojaat qilgani ma’lum bo‘lgan. Hodisadan keyin unga ko‘rsatilgan tibbiy yordam va avvalgi voqealarni tekshirishdagi ehtimoliy kamchiliklar yuzasidan ham surishtiruv boshlangan.
26 noyabr kuni olti hafta davom etgan sud jarayoni yakunida sudyalar hay’ati Entoni Uilyamsni 14 kishini o‘ldirishga urinish bo‘yicha aybdor deb topdi. Unga jazo keyinroq tayinlanadi.
Keyingi yangilik

Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…