date
views 669

Rossiyada general Surovikin hibsga olingani haqida xabar tarqaldi

Rossiyada general Surovikin hibsga olingani haqida xabar tarqaldi

Foto: Videodan skrinshot / The Moscow Times

Rossiyaning Ukrainadagi qoʻshinlari bosh qoʻmondoni oʻrinbosari, Rossiya havo-kosmik kuchlari qoʻmondoni general Sergey Surovikin hibsga olingan, deb xabar bermoqda The Moscow Times RF mudofaa vazirligiga yaqin boʻlgan ikki manbaga tayanib. Bu ma'lumot boshqa manbalar tomonidan tasdiqlanmagan.

Nashr manbalari soʻzlariga koʻra, Surovikinning hibsga olinishi «Vagner» XHKning qurolli isyoni bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.

«Prigojin kontekstida yangiliklar boʻladi. Aftidan, u [Surovikin] [isyon vaqtida Prigojinning] tomonini olgan va uni ushlashgan», — degan nashr manbasi. Jurnalistning general ayni vaqtda qaerdaligi haqidagi savoliga u shunday javob qaytargan: «Bu ma'lumotni bizda hatto ichki kanallar boʻyicha ham izohlashmaydi».

Bundan avvalroq Ukrainadagi urushda Rossiya tarafdori boʻlgan telegram-kanallarda ham Surovikin qoʻlga olingani haqida xabarlar tarqalgandi. Xususan, harbiy muxbir Vladimir Romanov generalni 25 iyun kuni, ya'ni «Vagner» XHK isyoni tugaganidan keyingi kuniyoq ushlashganini aytgan.

Xabarda Surovikinning oʻrinbosari, general-polkovnik Andrey Yudin ham qoʻlga olingani aytilgandi. Yudin oʻzi bu ma'lumotni rad etib, ta'tilga chiqqani va ayni vaqtda uyda ekanini, Surovikin qaerdaligi toʻgʻrisida bilmasligini aytib chiqdi.

«Exa Moskva»ning sobiq bosh muharriri Aleksey Venediktov general Surovikin oilasi bilan gaplashmaganini yozdi.

«Armiya generali Surovikin uch kundan buyon oʻz oilasi bilan aloqaga chiqmayapti. Uning tansoqchisi ham javob bermayapti. Menda faqat shu faktlar bor», — deya yozdi u oʻz telegram-kanalida 28 iyun kuni general qoʻlga olingani haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan.

  • 23 iyun kuni «Vagner» XHK rahbari Evgeniy Prigojin RF mudofaa vazirligiga qarshi «adolat marshi» boshladi, uning doirasida yollanma jangchilar Moskvaga kirishi koʻzda tutilgandi. Keyingi kun tongda vagnerchilar Rostov-Donni egalladi va Lipetsk oblastiga qadar etib borishdi. «Marsh» Prigojin va Rossiya hukumati oʻrtasidagi kelishuv bilan tugadi, unga koʻra, «Vagner» XHK safida qolishni tanlagan yollanma jangchilar «Belarusga ketishi mumkin».
  • The New York Times gazetasi Amerika razvedkasiga tayangan holda xabar berishicha, Prigojin agar yuqori martabali harbiylar oʻz tomonida turishiga ishonchi boʻlmaganida isyonni boshlamagan boʻlardi. Xususan, nashrning AQSh maxsus xizmatlaridagi manbasi general Sergey Surovikin «Vagner» XHK rahbarining rejalaridan xabardor boʻlganini aytgan.
  • Isyon boshlanganidan keyin Surovikin «Vagner» XHK yollanma jangchilariga videomurojaat qilib, «toʻxtash»ga va doimiy dislokatsiya manzillariga qaytishga chaqirdi. Rolik «voenkor» Andrey Rudenkoning telegram-kanalida 24 iyunga oʻtar kechasi paydo boʻlgan. Koʻp oʻtmay shu kanalda Bosh shtab bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, general-leytenant Vladimir Alekseevning ham vagnerchilarga videomurojaati paydo boʻldi. Katta ehtimol bilan, bu ikki rolik bitta xonada yozib olingan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiyada general Surovikin hibsga olingani haqida xabar tarqaldi