09:20 / 20.07.2023
192

Shavkat Mirziyoyev Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi sammitida qator takliflarni ilgari surdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-iyul kuni Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi yetakchilarining birinchi sammitida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Saudiya Arabistoni Valiahdi, Vazirlar Mahkamasi raisi Shayx Muhammad bin Salmon al-Saud raisligida o‘tgan tadbirda Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy, Birlashgan Arab Amirliklari bosh vaziri Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum, Kuvayt amiri o‘rinbosari, Valiahdi shayx Mishʼal al-Ahmad al-Jobir as-Saboh, O‘mon bosh vaziri o‘rinbosari Asad bin Toriq al-Said, Bahrayn podshohining maxsus vakili Shayx Nosir bin Hamad Al Xalifa hamda Kengash bosh kotibi Jasim Muhammad al-Budayviy ham qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq, konstruktiv siyosiy muloqotni faollashtirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Mintaqaviy va xalqaro siyosatning dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashilgan.

O‘zbekiston prezidenti o‘z nutqida Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz mintaqasi xalqlari o‘rtasidagi munosabatlar tarixi uzoq ekanini, yaqin savdo aloqalari, mushtarak qadriyat va anʼanalar, muqaddas islom dini ularning asosini tashkil etishini alohida taʼkidladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Movarounnahr va Arabiston diyorlari o‘rtasidagi tarixiy aloqalarni rivojlantirishda buyuk mutafakkir va alloma bobolarning beqiyos xizmatlari borligi qayd etildi. “Barcha muhaddislarning peshvosi” — ulug‘ alloma Imom Buxoriy ana shunday siymolardan biridir.

“Musulmon dunyosidagi oltita buyuk muhaddisning ikki nafari mintaqamizda tug‘ilib kamol topgani, qadimiy Buxoro esa ‘Qubbatul Islom’ nomi bilan shuhrat qozonganidan g‘ururlanamiz. Maʼlumki, to‘qqizinchi asr boshida Abbosiylar davlatining poytaxtidagi ‘Donishmandlar uyi’ akademiyasida markaziy osiyolik 200 dan ortiq allomalar ilmiy faoliyat olib borganlar. Muso Al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Farg‘oniy, Ibn Sino kabi ulug‘ allomalarimiz esa bebaho ilmiy asarlarini aynan go‘zal va mukammal arab tilida yaratib, butun dunyoda shon-shuhrat qozonganlar”, — dedi O‘zbekiston rahbari.

Shavkat Mirziyoyev bugungi xavf-xatarlarga qaramay, ikkala mintaqa ham tinchlik, barqarorlik va taraqqiyot makoni bo‘lib kelayotganini taʼkidladi. Ayni paytda Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz davlatlari bir-birlariga ishonchli va uzoq muddatli hamkor sifatida qaramoqda.

Keyingi yillarda O‘zbekistonning Ko‘rfaz mamlakatlari bilan aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Ushbu ijobiy tajribadan kelib chiqib, mintaqalarimiz o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni bir qator yo‘nalishlarda kengaytirish taklif etildi.

Siyosiy sohada. O‘zbekiston rahbari keng qamrovli hamkorlikni turli formatlarda rivojlantirish muhimligini ko‘rsatib o‘tdi.

Birodar davlatlar va xalqlarni yanada yaqinlashtirish maqsadida kelgusida ko‘p tomonlama Do‘stlik, mintaqalararo bog‘liqlik va hamkorlik bitimini ishlab chiqish masalasini o‘rganish taklif etildi.

Ikkinchi yo‘nalish – yuqori texnologiyalar va investitsiyalar sohasidagi hamkorlik. Davlat rahbari innovatsiyalar, “sunʼiy” intellekt, “yashil” iqtisodiyot, raqamlashtirish, “aqlli qishloq xo‘jaligi”, nano- va biotexnologiya sohalaridagi hamkorlik platformalari va ishchi mexanizmlarini yaratish zarurligini qayd etdi. Biznes vakillari ishtirokida Qo‘shma investorlar kengashini taʼsis etish va uning dastlabki yig‘ilishini Samarqandda o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi.

“Mintaqamizda Ko‘rfazdagi hamkorlar tomonidan tashkil etilgan investitsiya fondlarining salohiyatidan samarali foydalanish va yetakchi banklar faoliyatini kengaytirishdan manfaatdormiz. Shuningdek, ‘yashil’ energetika loyihalarini birgalikda amalga oshirish maqsadida alohida ‘yo‘l xaritasi’ni qabul qilish muhim, deb hisoblayman”, — dedi O‘zbekiston prezidenti.

Uchinchi yo‘nalish savdo va transport bog‘liqligini kuchaytirishdan iborat. Davlat rahbari Ko‘rfaz davlatlari bilan erkin savdo rejimini joriy etish, texnik reglamentlarni uyg‘unlashtirish va elektron tijoratni rivojlantirish dolzarb ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi. Shu munosabat bilan ko‘p tomonlama Savdo bitimini ishlab chiqish va qabul qilish masalasini ishlab chiqish taklif etildi.

Transport va tranzit sohasida O‘rta transport koridorida eng maqbul tariflarni qo‘llash, Afg‘oniston orqali mavjud multimodal yo‘laklardan keng foydalanish, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni maqsadli subsidiyalash yordamida ko‘paytirish taklifi bildirildi.

Shavkat Mirziyoyev hamkorlarni Ko‘rfaz davlatlarini eng yaqin va qulay yo‘l orqali mintaqamiz bilan bog‘laydigan Transafg‘on temiryo‘lini qurish strategik loyihasida faol ishtirok etishga chaqirdi.

Navbatdagi muhim yo‘nalish – ekologiya va iqlim o‘zgarishi masalalari. O‘zbekistonda ochilayotgan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti negizida birgalikda xalqaro tadqiqotlar dasturini ishlab chiqish muhimligi taʼkidlandi.

Ishtirokchilarning eʼtibori beshinchi yo‘nalish – turizm sohasiga qaratildi. “Ko‘rfaz – Markaziy Osiyo” yagona vizasiz sayyohlik makonini va turistlar uchun mo‘ljallangan zamonaviy klasterlarni yaratish, qo‘shma turistik mahsulotlarni ko‘paytirish hamda 2024-yilda Islom dunyosi turizm poytaxti, deb eʼlon qilingan Xiva shahrida mintaqalar yetakchi sayyohlik operatorlari forumini o‘tkazish taklif qilindi.

Islom hamkorlik tashkiloti doirasida dunyoda kuzatilayotgan islomofobiya holatlariga qarshi birgalikda kurashish masalasiga alohida to‘xtalindi.

Bundan tashqari, terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurash sohasida, shuningdek, bunday tahdidlarning internet va vositalar orqali tarqalishidan yoshlarni himoya qilish borasidagi hamkorlikni mustahkamlash muhimligi taʼkidlandi.

O‘zbekiston prezidenti Afg‘onistonda tinchlikka erishish masalalariga to‘xtalib o‘tdi.

“Bizning mintaqalarimiz tashabbuskor bo‘lib, katta-katta minbarlardan Afg‘oniston muammolariga butun dunyo eʼtiborini jalb etishimiz, afg‘on xalqining hayotini yengil qilishga munosib hissa qo‘shishimiz kerak”, — dedi davlat rahbari.

So‘zining yakunida prezident bugungi tarixiy sammit natijalari albatta Ko‘rfaz va Markaziy Osiyo mintaqalari o‘rtasidagi ko‘p qirrali aloqalarni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilish yakunida Qo‘shma bayonot qabul qilindi.

Sammit ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasining “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” formatidagi navbatdagi oliy darajadagi uchrashuvni Samarqand shahrida o‘tkazish taklifini qo‘llab-quvvatladilar.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev 19-iyul kuni Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi va Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilarining birinchi sammiti doirasida Saudiya Arabistoni podshohligi valiahdi, bosh vaziri Muhammad bin Salmon al-Saud bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Valiahd davlat rahbarini bo‘lib o‘tgan Prezident saylovidagi ishonchli g‘alabasi bilan dildan qutlab, O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi. Shavkat Mirziyoyev o‘z navbatida, Saudiya Arabistoni rahbariyatiga mamlakat fuqarolari haj va umra amallarini ado etishlariga yaratilgan sharoitlar uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Muzokaralarda O‘zbekiston—Saudiya munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. O‘zaro muloqot va almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘tgan yilning avgust oyida o‘tgan ikki tomonlama sammit davomida qabul qilingan bitim va kelishuvlarni so‘zsiz amalga oshirish muhimligi taʼkidlandi. Uchrashuvda xalqaro siyosat masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Shavkat Mirziyoyev Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi sammitida qator takliflarni ilgari surdi
ePN