09:57 / 21.07.2023
370

Shvetsiyada Qur’on bilan bog‘liq aksiya musulmon davlatlarining g‘azabini keltirdi

Shvetsiyada Qur’on bilan bog‘liq aksiya musulmon davlatlarining g‘azabini keltirdi

Foto: Jonathan Nackstrand/AFP

Stokholmdagi Iroq elchixonasi yaqinida ikki namoyishchi Qur’onni oyoq osti qilib, uni yoqib yuborishga uringan aksiya musulmon mamlakatlarida norozilik to‘lqiniga sabab bo‘ldi.

Shu tariqa, Saudiya Arabistoni 20 iyul, payshanba kuni Shvetsiyaning Ar-Riyoddagi muvaqqat ishlar vakilini chaqirib, unga «Qur’on tahqirlangani» uchun norozilik notasini topshirdi, deyiladi Saudiya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida. Qatar va Eron rasmiylari ham Shvetsiya elchilariga norozilik bildirgan, Turkiya Tashqi ishlar vazirligi musulmonlarning muqaddas kitobiga qilingan jirkanch hujumni «qat’iy qoralashini» aytgan. «Biz Shvetsiyadan islomga va milliardlab dindorlarga qarshi shu kabi nafrat jinoyatlarining oldini olish choralarini ko‘rishini kutamiz», — deya ma’lum qildi Turkiya Tashqi ishlar vazirligi.

Shvetsiya matbuotiga ko‘ra, aksiya ishtirokchilaridan biri Qur’on nusxasini oyoq osti qilgan, so‘ng yig‘ilgan odamlar va kameralardan yuz o‘girib, boshqa ishtirokchi bilan birgalikda kitobga o‘t qo‘ymoqchi bo‘lgan, biroq u yonib ketmagan. Shu munosabat bilan Iroq hukumati Stokholmdagi muvaqqat ishlar vakilini chaqirib oldi, shuningdek, Shvetsiya elchisi Jessika Svardstryomni mamlakatdan chiqarib yuborish qarorini e’lon qildi.

Livanda «Hizbulloh» guruhi arab va islom davlatlarini Bag‘doddan o‘rnak olib, Shvetsiya elchilarini chiqarib yuborish va o‘z muvaqqat vakillarini Stokholmdan olib chiqishga chaqirdi.

Iroq poytaxti Bag‘dodda Stokholmda Qur’on yoqib yuborilishi haqida e’lon qilingan aksiya arafasida yuzlab namoyishchilar Shvetsiya elchixonasi binosiga bostirib kirib, uni yoqib yubordi. Iroq politsiyasi olomonni tarqatish uchun suv purkagichlar va elektroshokerlardan foydalangan.

Iroq va Shvetsiya Tashqi ishlar vazirliklari diplomatik missiya binosiga uyushtirilgan hujumni qoraladi. Voqea Britaniya rasmiylari tomonidan ham keskin qoralangan. London Bag‘dod hukumatining aybdorlarni javobgarlikka tortish niyatini olqishlashini ta’kidladi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Shvetsiyada Qur’on bilan bog‘liq aksiya musulmon davlatlarining g‘azabini keltirdi
ePN