17:57 / 21.07.2023
462

Ukraina armiyasi kassetali o‘q-dorilardan foydalanayotgani aks etgan video namoyish qilindi

Ukraina armiyasi kassetali o‘q-dorilardan foydalanayotgani aks etgan video namoyish qilindi

Foto: Reuters

Britaniyaning The Telegraph nashri Ukraina harbiylari kassetali o‘q-dorilardan foydalangani aks etgan ilk videoni namoyish qildi.

Videodan ma’lum bo‘lishicha, bunday o‘q-dorilar Ukraina Qurolli kuchlarining 14-alohida mexanizatsiyalashgan brigadasi tomonidan Xarkov viloyatining Kupyansk yo‘nalishida foydalanilgan — M109 o‘ziyurar gaubitsasidan o‘t ochilgan. Kadrlar aniq qachon olingani noma’lum. Bir necha kundan beri Rossiya Mudofaa vazirligi ushbu yo‘nalishda oldinga siljish borligi haqida xabar berayotgandi.

Pentagonning ta’kidlashicha, kassetali o‘q-dorilar Ukrainaga AQSH va “uchinchi davlat”dan yuborilgan (qaysi davlat ekani aytilmagan). Vashington bunday qurollarning o‘tkazilishini Ukraina harbiylarining oddiy o‘q-dorilar zaxirasi tugagani bilan izohladi.

20 iyul kuni Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi koordinatori Jon Kirbi Ukraina Qurolli kuchlari ushbu qurollardan foydalana boshlaganini aytdi. The Washington Post nashrining yozishicha, snaryadlar janub va sharqdagi Rossiya pozitsiyalariga qarata, Ukrainaning qarshi hujumini sekinlashtirgan okoplarni yo‘q qilish maqsadida otilgan. Gazetaning yozishicha, Ukraina armiyasi bu qurollarni Baxmut hududida qo‘llashni rejalashtirmoqda.

Kirbining so‘zlariga ko‘ra, Ukraina o‘q-dorilardan to‘g‘ri va samarali foydalanmoqda. Kiyev Vashingtonga tegishli yozma kafolatlar berib, tinch aholiga hech qanday xavf tug‘dirmasligiga ishontirgan.

Avvalroq Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Ukrainaga kassetali o‘q-dorilar yetkazib berilsa, rus qo‘shinlari ham ulardan foydalanishga majbur bo‘lishini aytgan.

Nima uchun kassetali o‘q-dorilar bahsga sabab bo‘lmoqda?

Bombalar katta maydonga tushgani sababli ular jangovar bo‘lmagan hududlarga ham tahdid solishi mumkin. Bundan tashqari, Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘q-dorilarning 10 foizdan 40 foizgacha bo‘lgan qismi nobud bo‘ladi va portlamagan o‘q-dorilar tinch aholi uchun yillar va hatto o‘nlab yillar davomida xavf tug‘diradi.

Potensial halokatli kassetali o‘q-dorilar Laos va Vetnamda ishlatilganidan 50 yil o‘tib hamon portlamay qolmoqda, bu esa mazkur qurollarni keng miqyosda taqiqlashni talab qilishga undadi.

Kassetali o‘qlar to‘g‘risidagi konvensiya tufayli dunyoning aksariyat mamlakatlari ushbu qurollardan foydalanishni allaqachon taqiqlab qo‘ygan, bu esa ularni zaxiralash, ishlab chiqarish va uzatishni ham taqiqlaydi. Ushbu konvensiya ga 123 davlat qo‘shilgan, ammo yana 71 davlat (xususan, AQSH, Ukraina, Rossiya) qo‘shilmagan.

Human Rights Watch faollariga ko‘ra, 2022 yil 24 fevraldan beri Ukrainadagi konfliktning har ikki tomoni Sovet va Rossiyada ishlab chiqarilgan turli turdagi kassetali o‘q-dorilardan foydalangan.

Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukraina armiyasi kassetali o‘q-dorilardan foydalanayotgani aks etgan video namoyish qilindi
ePN