Foto: Getty Images
Ukraina hukumati «HCHM ma’lumotlarini yangila» axborot kampaniyasini ishga tushirdi. U Kiyevdagi maxsus brifingda taqdim etildi. Mudofaa vazirligi shu orqali ukrainaliklarni «voenkomat»lardagi (Ukrainada — hududiy chaqiruv markazlari, HCHM) shaxsiy ma’lumotlarni yangilashga va harbiy xizmatga tayyorgarlik ko‘rishga undamoqchi.
Ukrainada safarbarlik davom etmoqda va jamoat joylarida chaqiruv qog‘ozlarini ommaviy tarqatish hamda HChM xodimlari va fuqarolar o‘rtasidagi nizolar bilan birga kechmoqda. Vaqti-vaqti bilan odamlarni chaqiruv qog‘ozi topshirmasdan ham ko‘chadan olib ketish va HChMga olib borish mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘lmoqda.
Shu bilan birga, hatto prezident Volodimir Zelenskiy ham HChMdagi korrupsiya haqida gapirib, qo‘mondonlikni barcha hududlar «voenkomat»lari rahbariyatini o‘zgartirishga chaqirdi.
HChMga borishdan qo‘rqmang
«Biz chaqirayotgan asosiy narsa — bu shunchaki HChMga borib, ma’lumotlarni yangilashdir. Bu odam shundan keyin safarbar qilinadi yoki xatga tushadi, degani emas. Bu odatiy protsedura. Agar odam o‘z ma’lumotlarini yangilasa, bu HChM ishini osonlashtiradi, korrupsiya xavfining bir qismini yo‘q qiladi», degan mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar Kiyevdagi brifingda.
«HChM ma’lumotlarini yangilash ko‘chalarda chaqiruv qog‘ozlarini berishda yuzaga keladigan ko‘plab muammolar oldini olishga yordam beradi va odamlardan o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha samaraliroq foydalanishga imkon yaratadi», degan Ukraina qurolli kuchlari quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondonligi shtab-kvartirasining kadrlar bo‘limi boshlig‘i Roman Gorbax.
Gorbax ham, Malyar ham ma’lumotlarni yangilash uchun HChMga borish darhol safarbar bo‘lishni anglatmasligini bir necha bor ta’kidlagan.
«Ma’lumotlarning yangilanishi — bu HChM kartotekalarini safarbarlik vaqtida xabardor qilishga yordam beruvchi muhim ma’lumotlar bilan to‘ldirishni anglatadi. Biroq ma’lumotlarni yangilash va safarbarlik ikki xil narsa», deydi Roman Gorbax.
Harbiy komissarliklardagi barcha janjallardan so‘ng, u «voenkomat»larda korrupsiyaga qarshi kurash olib borilayotganini aytgan va kelgusida ham bu kurash davom ettirilishiga ishontirgan.
Malyarning so‘zlariga ko‘ra, mudofaa vazirligi odamlar nega HChMga borishni istamasligini uzoq vaqt o‘rgangan va asosiy sabab qo‘rquv ekanini aniqlagan.
«Urush — qo‘rqinchli, biz barchamiz buni ochiq tan olamiz, ammo bu uyalish uchun sabab emas. Bu normal. Biz hammamiz tirik odamlarmiz va barchamiz g‘alaba qozonish uchun bu qo‘rquvni yengib o‘tamiz», deydi Malyar.
Uning so‘zlariga ko‘ra, shu sababli mudofaa vazirligi «keling va ma’lumotlaringizni yangilang» ruhidagi klassik murojaatlardan voz kechishga qaror qilgan. Buning o‘rniga ular psixologlarni jalb qilgan va taniqli brigada komandirlari o‘zlari ham qo‘rqqani, lekin qo‘rquvlarini yenga olganini rost va samimiy aytadigan kampaniyani ishlab chiqqan.
2022 yil 24 fevral kuni harbiy holat tufayli 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan erkaklarning Ukrainadan chiqishi taqiqlangandi.
Hukumat harbiy holat davrida erkaklarning Ukrainani tark etishiga ruxsat berish rejalashtirilmayotganini yana bir bor ta’kidladi.
Bosqindan keyingi dastlabki haftalarda yuz minglab ukrainaliklar vatanparvarlik to‘lqinida frontga ko‘ngilli ravishda otlandi, bu esa ruslarning birinchi hujumini qaytarishga yordam berdi.
Hozir harbiy komissarlik xodimlari chaqiruv qog‘ozlarini ko‘chalarda tarqatyapti. Internetda zobitlar erkaklarni mikroavtobuslarga chiqarib, chaqiruv komissiyalariga olib ketayotgani aks etgan video tarqalmoqda.

Keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri o‘n minglab ukrainalik erkaklar mamlakatni noqonuniy ravishda tark etgan, ularning aksariyati pora orqali bunga erishgan. Bu haqda Ukraina va xorijiy OAV, xususan, Britaniyaning Guardian nashri yozmoqda.
Jurnalistlar aniqlashicha, HChM rahbarlari orqali «oq chipta»ni va xizmatga yaroqsizligi haqidagi qarorni 5 ming dollarga sotib olish mumkin. BBC ham shunga o‘xshash holatlar haqida ma’lumotga egaligini ma’lum qildi.
Qishda chegarachilar tog‘da, Ruminiya bilan chegarani kesib o‘tmoqchi bo‘lgan va halok bo‘lgan ikki kishi jasadini topgandi.
Harbiy komissariatlar bilan bog‘liq mojarolar
Oxirgi oylarda Ukrainada HChMlar atrofida bir necha shov-shuvli mojarolar yuz berdi.
Eng mashhur holat Odessa oblasti harbiy komissari Yevgeniy Borisov ishi bo‘ldi. Jurnalistlar urush paytida uning yaqin qarindoshlari Ispaniyada millionlab yevroga mulk sotib olganini aniqladi. Shuningdek, Borisovlar oilasida qimmatbaho mashinalarning butun bir parki borligi aniqlandi.
Tergovchilar ma’lumotiga ko‘ra, Karpatortida yana bir harbiy komissar askarlarni o‘zi uchun uy qurishga majbur qilgan, Rivne oblastida esa komissar o‘z qo‘l ostidagilarni masxara qilgan.
Harbiy komissarliklarni tekshirish natijalaridan kelib chiqib, barcha hududlar harbiy komissarlarini ishdan bo‘shatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

«Ushbu tizimni urush nima ekani, urush paytida tsinizm va poraxo‘rlik davlatga xiyonat ekanini aniq biladigan odamlar boshqarishi kerak», dedi prezident Volodimir Zelenskiy 2023 yil 11 avgust kuni qilgan videomurojaatida.
Davlat tergov byurosi harbiy komissarlarning o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilishi bo‘yicha 112 ta jinoiy ish qo‘zg‘atganini ma’lum qildi. Ulardan 15 tasining ayblov hukmi sudga yuborilgan, yana to‘qqiztasi sudga chaqiruv qog‘ozi olgan.
Chaqiruv qog‘ozlari
Ukrainada safarbarlik harbiy holat tugagunga qadar davom etadi va kelajakda harbiy xizmatga majbur bo‘lganlarga uch turdagi chaqiruv qog‘ozlari beriladi.
Birinchisi, ma’lumotlarni aniqlashtirish uchun chaqiruv, ikkinchisi — chaqiriluvchiga tibbiy ko‘rikdan o‘tish majburiyatini yuklaydigan harbiy-tibbiy komissiyadan o‘tish uchun chaqiruv qog‘ozi.
Uchinchisi — safarbarlik buyrug‘i. Ushbu chaqiruv qog‘ozi harbiy xizmatga majbur bo‘lgan shaxsga tibbiy ko‘rikdan o‘tgandan keyin, agar u xizmatga yaroqli deb topilsa, beriladi. Bunday chaqiruv qog‘ozini e’tiborsiz qoldirish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Yaqinda hukumat safarbarlikdan ozod qiluvchi kasalliklar ro‘yxatini kengaytirdi.
Xususan, unda OITS, gepatit, sil va boshqa og‘ir kasalliklar paydo bo‘ldi. Shuningdek, endilikda yaqinda jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan yoki sezilarli suyak deformatsiyasiga (oyoq-qo‘l suyaklari uzunligi, shakli va o‘qi o‘zgarishi) ega bo‘lganlar safarbarlikka tortilmaydi.
Og‘ir jinoyatlar uchun jazoni o‘tayotganlar, shuningdek, ushbu jazoni o‘taganlar ham xizmatga chaqirilmaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!