Foto: AP Photo
Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant G‘azo sektori chegarasida harbiy xizmatchilar bilan uchrashuvda Isroil armiyasi “vaziyatni nazoratga olgani” va “to‘liq miqyosli hujumga o‘tayotganini” aytdi. Bu haqda Haaretz va The Times of Israel xabar berdi.
“Men barcha cheklovlarni olib tashladim. HAMAS G‘azo sektorida o‘zgarish bo‘lishini xohladi va u jangarilar o‘ylaganidan 180 darajaga o‘zgaradi. Ular bu daqiqadan pushaymon bo‘lishadi. G‘azo hech qachon avvalgi holiga qaytmaydi. Kim bosh olishga, ayollarni va Holokostdan omon qolganlarni o‘ldirishga kelsa, biz uni yo‘q qilamiz”, — dedi Galant.
Vazir, shuningdek, urush “haftalab yoki oylab” davom etishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.
HAMAS 7-oktyabr kuni ertalab Isroilga raketa hujumlarini boshladi. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektoriga yirik zarbalar berdi. Isroil rasmiylari mamlakat urush holatida ekanini rasman e’lon qildi.
Soat 18:30 holatiga ko‘ra, Isroil tomonidan 1000 kishi halok bo‘lgan va 3400 kishi yaralangan. Falastin tomoni Isroilning G‘azo sektoriga bergan zarbalari oqibatida 700 kishi halok bo‘lganini, yana to‘rt mingga yaqin kishi jarohatlanganini ma’lum qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!