Foto: Ijtimoiy tarmoqlar
Rossiyaning Belogorod oblasti hududida Il-76 rusumli harbiy samolyot halokatga uchradi. Bu haqda Rossiya va Ukrainadagi qator telegram-kanallar xabar tarqatdi.
Belgorod oblasti gubernatori Vyacheslav Gladkov o‘z telegram-kanalida «Korochansk rayonidagi hodisa» haqida yozdi.
«Hozirda voqea joyida tergov guruhi va FVV xodimlari ish olib bormoqda. O‘z ish grafigimni o‘zgartirdim va hududga yo‘l oldim. Barcha tafsilotlar keyinroq», — degan Gladkov boshqa jihatlarni ochiqlamagan holda.
Manbalarga ko‘ra, samolyot bortida 63 kishi bor edi va ularning barchasi halok bo‘lgan.
Ukrain nashrlari Il-76 samolyoti halokati — Ukraina qurolli kuchlari amaliyoti bo‘lganini xabar qilmoqda.
Rossiya mudofaa vazirligi esa qulagan Il-76 bortida Ukraina qurolli kuchlarining asirlikdagi 65 harbiysi bo‘lgani haqida xabar tarqatdi.
RIA Novosti vazirlikka tayanib xabar berishicha, ular almashish uchun olib ketilayotgan bo‘lgan. Shuningdek, bortda ekipajning olti a’zosi hamda uch nafar kuzatib boruvchi bo‘lgan.
«Ukrainskaya pravda» esa Ukraina qurolli kuchlaridagi manbasiga tayangan holda Il-76 Rossiya armiya Xarkiv oblastini o‘qqa tutishda foydalanadigan S-300 kompleksi uchun raketalar olib ketayotgan bo‘lgani, u Ukraina qurolli kuchlari tomonidan urib tushirilganini yozgan.
Rossiya kuchishlatar tuzilmalariga aloqador sanalgan Mash manbasi ham samolyot Ukraina harbiylarining Patriot zenit-raket kompleksi orqali urib tushirilganini xabar qilgan.
- Belgorod oblastida Il-76 halokatga uchragani haqida xabarlar tarqalishidan bir soat oldin Belgorodda raketa hujumi xavfi haqida ogohlantirish berilgan va aholiga xavfsiz joylarga yashirinish hamda derazalardan uzoqroqda bo‘lish tavsiya etilgandi. Taxminan yarim soat vaqt o‘tib, region rahbari raketa xavfi signali bekor qilinganini ma’lum qildi.