20:58 / 08.04.2024
829

Frontdagi vaziyat: Rossiya keng ko‘lamli yurishni davom ettirmoqda, bu hujumlar nimaga olib boradi?

Frontdagi vaziyat: Rossiya keng ko‘lamli yurishni davom ettirmoqda, bu hujumlar nimaga olib boradi?
Foto: Aleksandr Reka/TASS
RF qurolli kuchlari so‘nggi hafta davomida Ukrainada bir qancha yutuqlarga erishdi. To‘g‘ri, buni faqat hozirgi urush mezonlariga ko‘ra yutuq deb atash mumkin: Rossiya armiyasi odatdagi yuzlab metr (yoki hatto o‘nlab) ilgarilash o‘rniga, ayrim janglar natijasiga ko‘ra bir kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tdi, yo‘nalishlardan birida bu ko‘rsatkich uch kilometrga yaqinni tashkil etadi. Bu yurishlar Ukraina qurolli kuchlarining taktik vaziyatini sezilarli darajada yomonlashtirgan, ammo RF qurolli kuchlariga darhol operativ muvaffaqiyat olib kela olmagan.

Shu bilan birga, bu oldinga siljishlar Rossiya armiyasi texnika bo‘yicha katta yo‘qotishlari bilan kechgan: ukrainlarning tankka qarshi vositalar bilan jihozlangan hamda minalangan maydonlar bilan himoyalangan pozitsiyalari ustiga zirhli kolonnalarda hujum qilingan, shuningdek ularni havoda Ukraina qurolli kuchlarining o‘nlab dronlari qarshi olgan. Ayrim holatlarda esa katta yo‘qotishlar evaziga amalga oshirilgan bu kabi yurishlar hatto taktik yutuqqa ham olib kelmagan.

Avdiyivka fronti
Fevral oyida Avdiyivka egallangach, Rossiya qo‘shini shahardan g‘arbdagi Durnaya daryosi vodiysidagi qishloqlar uchun jang boshladi (eng yaxshi holatda — kuniga bir necha o‘n metr oldinga siljidi). Avdiyivka shturmida ishtirok etgan kuchlarning bir qismi esa ta’tilga yuborildi. Endi shu qo‘shinlar ukrain mudofaasiga chuqur zarba berish uchun frontga qaytgan.

Frontning janubiy qanotida RF qurolli kuchlari egallagan Tonenke va Pervomayske qishloqlari oralig‘ida ukrainlar mudofaasida bir necha kilometr kenglikdagi katta teshik paydo bo‘lgan, bu hududni yopish uchun ukrainlarda kuchlar yetarli emas. Bu uchastkada tabiiy suv to‘siqlari ham yo‘q: bu hududda Durnaya g‘arb tomon burilgan, shu tufayli Rossiya kuchlari uning sohillari bo‘ylab yurish qilish imkoniyatiga ega.

Markaziy harbiy okrugning 90-tank diviziyasi 6-tank polkining kamida ikkita batalyoni ushbu bo‘shliqqa yo‘naltirilgan. Ular kuzdan buyon Avdiyivka shturmida qatnashayotgandi, ammo keyin ma’lum vaqt frontdan «g‘oyib bo‘lib qolgandi».

Uchastka shimolida polkning zirhli tanklari kolonnasi Umanske qishlog‘i yo‘nalishida uch kilometr masofani bosib o‘tgan. Shu bilan birga, tarqalgan videolarga ko‘ra, hujum qilgan tomon 20 tagacha texnikasidan ayrilgan (shundan 10 dan ortig‘i tanklar). Ammo ukrain qo‘shini bosim ostida Umanske qishlog‘igacha chekinishga majbur bo‘lgan, ular ham bir qancha texnikasidan ayrilgan. 5 aprelga kelib ushbu yurish Umanskening sharqiy chekkalarida to‘xtab qolgan.

Janubroqda esa boshqa bir zirhli kolonna Pervomayske qishlog‘i (u RF qurolli kuchlari tomonidan nazorat qilinmoqda) shimoliy chekkasidagi o‘rmonzor bo‘ylab oldinga yura olmagan. Bu qo‘shin ham ko‘p miqdordagi texnikalaridan ayrilgan. Ammo bu yerda Ukraina qurolli kuchlari mushkul ahvolga tushib qolgan: Rossiyaliklarning bir vaqtning o‘zida Pervomayske va Tonenke tomondan yurish qilishi ularni keyingi himoya marrasiga — Vovcha daryosi (Volchya) va undagi Karlovske suv ombori yoqasiga chekinishga majbur qilishi mumkin.

Shu vaqtda (bu ham videolarda qayd etilgan) katta ehtimol bilan qo‘shimcha kuchlar bilan to‘ldirilgan Rossiya qo‘shini shimolroqda — Berdichi va Semenovka qishloqlari hududida Durnaya daryosini kechib o‘tgan. 5 aprel kuni ular Semenovka qishlog‘i markaziga yetib kelgan, bu yerda ham Ukraina qurolli kuchlari Vovcha bo‘ylariga chekinishi mumkin. Bu hududdagi janglarda ham Rossiya bo‘linmalari texnikalaridan ayrilgan — dronlar, artilleriya zarbalari va tankka qarshi minalar tufayli.

Rossiyaning Vovcha yo‘nalishidagi yurishi muvaffaqiyat bilan yakunlanishi mumkin. Ammo bu muvaffaqiyat katta miqdorda texnikalar yo‘qotilishiga arzishi aniq emas. RF qurolli kuchlari daryo ortida g‘arb tomon ilgarilay olishi dargumon: bunga qanotlardagi muammolar xalal beradi — shimolda tepalikda joylashgan Ochertino qishlog‘ida hamda janubda Karlovske suv omborida Ukraina qurolli kuchlari mustahkam istehkomlarga ega. Shu vaqtga qadar (agar urushning ilk oylari hisobga olinmasa) Rossiya qo‘mondonligi ehtiyotkorlik bilan harakatlanmoqda va qanotlar xavfsizligini ta’minlamasdan raqib mudofaasiga chuqur kirib borishga jazm etmayapti.

Baxmut va Chasiv Yar
Keng qamrovli tayyorgarlikdan keyin (jumladan, Baxmutga yo‘ldosh shahar Chasiv Yar bo‘ylab bir necha hafta davomida aviazarbalar yog‘dirilishi ko‘rinishida) Rossiya qo‘shini shaharning sharqiy chekkalariga yaqinlashib keldi. Bu hududda ham zirhli kolonnalar Ukraina qurolli kuchlari artilleriyasi va dronlari zarbalari ostida minalangan maydonlar bo‘ylab harakatlandi. Ammo RF qurolli kuchlari baribir Shimoliy Don — Donbass kanalining sharqiy sohilidagi Kanal mikrorayoniga yetib kelishga muvaffaq bo‘ldi. Videolarga qaraganda, ular bu yerda bir qancha texnikalaridan ayrilgan (Ukraina qurolli kuchlari dalil keltirmagan holda bu miqdor 19 tani tashkil etishini ma’lum qilgan).

Shu bilan bir vaqtda, RF qurolli kuchlari ushbu yo‘nalishda qanotlarga hujum qilmoqda — katta qismi Ukraina qurolli kuchlari tomonidan nazorat qilinayotgan Bogdanovka qishlog‘i hamda Ivanovskega (bu yerda Rossiya kuchlari bir necha hafta oldin qishloqning kattagina qismini egallab olgandi; ammo RF mudofaa vazirligi qishloq to‘liq nazoratga olingani haqida e’lon qilgan ma’lumot video orqali rad etilgan).

RF qurolli kuchlari uchun vaziyat murakkabligi Chasiv Yarni «ro‘paradan» hujum qilib egallash juda qiyinligi bilan bog‘liq — shahar tepalikda joylashgan va frontdan kanal orqali ajratilgan. Katta ehtimol bilan, Rossiya qo‘shini ushbu muhim pozitsiya uchun chinakamiga jang boshlashdan oldin hali ko‘plab hujumlar uyushtirishiga to‘g‘ri keladi (agar hozirgi taktika davom ettirilsa, yo‘qotishlar ham ko‘p bo‘ladi).

Novomixaylovka
RF qurolli kuchlari ikki yildan buyon Ukraina qurolli kuchlarining kichik shaxtyorlar shaharchasi Vuhledar atrofidagi mustahkamlangan pozitsiyalarini egallashga urinib kelmoqda. Shaharga janubdan, qisqa yo‘l orqali amalga oshirilgan barcha urinishlar muvaffaqiyat keltirmagan (shu bilan birga, texnika va shaxsiy tarkibda ulkan yo‘qotishlarga sabab bo‘lgan). Endi Rossiya qo‘mondonligi Vuhledarni sharqdan zarba berish orqali asosiy kuchlardan uzib qo‘yishga harakat qilmoqda. Buning uchun esa RF qurolli kuchlari Novomixaylovkadagi istehkomlarni bostirishi kerak bo‘ladi — va ular so‘nggi oylarda aynan shu bilan mashg‘ul.

So‘nggi haftalarda RF qurolli kuchlari Novomixaylovkani shimol va janubdan o‘rab olishga, shuningdek, qishloqning markaziy qismini egallashga muvaffaq bo‘ldi. Odatdagidek, Ukraina qurolli kuchlari bu hujumlar videosini namoyish etgan, ularda rossiyaliklarning zarbaga uchragan tanklari va boshqa zirhli mashinalari aks etgan. RF qurolli kuchlari Novomixaylovka uchun janglarda allaqachon o‘nlab texnikalaridan ayrildi.

RF qurolli kuchlari uchun muammo shundaki, Novomixaylovkaning egallanishi ham Vuhledar qulashini kafolatlamaydi. Shahardagi ukrain garnizoni uchun vaziyat chindan tahdidli tus olishi uchun yana qator yirik yurishlarni muvaffaqiyatli tashkillashtirish talab etiladi.

Boshqa yo‘nalishlar
RF qurolli kuchlari ko‘plab uchastkalarda lokal yurishlarni davom ettirmoqda — bunda ham texnikalarni yo‘qotgan holda. Yutuqlar esa katta emas:

RF qurolli kuchlari Zaporijjya oblastida Orixiv yo‘nalishidagi Rabotine va Verbove qishloqlari oralig‘idagi janglarga tortilgan. Fevral va mart oylaridagi katta yo‘qotishlardan keyin, so‘nggi haftalarda ushbu hududda Rossiya texnikalaridan foydalanish intensivligi sustlashgan.

Baxmutdan shimolda Rossiya qo‘shini yana Seversk ustiga bostirib kelishga urinmoqda. Ular Viyemka qishlog‘i yo‘nalishida bir kilometrga yaqin masofada ilgarilagan. Shu bilan bir vaqtda, RF qurolli kuchlari Lisichansk atrofidagi Belohorivka qishlog‘ini egallashga harakat qilmoqda, bu qishloq uchun janglar bir yarim yildan buyon davom etmoqda. Ukraina qurolli kuchlarining mahalliy bo‘r karerida joylashgan pozitsiyalari («Belaya gora»)ga hamon o‘tib bo‘lmaydigan to‘siq bo‘lib qolmoqda. Rossiya qo‘shinining bu «tog‘»ga qilgan har bir hujumi texnikalar boy berilishi bilan yakunlanmoqda.

Svatove yo‘nalishidagi Terni qishlog‘i hududida 2023 yilda qaytadan tuzilgan 25-armiya harakatlanmoqda. Uning bo‘linmalari davomli hujumlardan keyin Terni chekkalariga yetib kelgan. Ammo so‘nggi haftalarda zirhli kolonnalarning hujumlari front chizig‘iga yaqinlashganda to‘xtab qoldi — Ukraina qurolli kuchlari o‘z pozitsiyalariga kirib kelish yo‘llarini minalashtirib tashlagan va harakatdagi texnikalarga dronlar va artilleriya bilan zarbalar bermoqda.

RF qurolli kuchlarining bu hujumlari nimaga olib kelishi mumkin?
RF qurolli kuchlarining turli frontlardagi hujumlari operativ ahamiyatga ega bo‘lgan yutuqlarga olib kela olmaydi: raqibning har bir yutug‘idan keyin Ukraina qurolli kuchlari navbatdagi mudofaa marrasida mustahkam o‘rnashishga ulgurmoqda va Rossiya qo‘shini yana barchasini boshdan boshlashiga to‘g‘ri kelmoqda. Bunday har bir epizod hujum qiluvchi tomonga qimmatga tushadi. Front chizig‘ini yorib o‘tish imkonsiz ekan, shunday savol tug‘iladi: bunday janglar Rossiya qurolli kuchlarining holdan toydirish urushidagi istiqbollari nuqtayi nazaridan o‘zini oqlaydimi?

Mazkur janglarda jonli kuch borasidagi yo‘qotishlar nisbati noma’lum. Qoidaga ko‘ra, hujum qilayotgan tomonda yo‘qotishlar kattaroq bo‘ladi; ammo, katta ehtimol bilan, oldingi va ichkaridagi pozitsiyalarni egallab turgan ukrain piyodalari ham aviatsiya va artilleriya zarbalari tufayli og‘ir damlarni boshdan kechirmoqda.

Rossiya armiyasining texnikalar borasidagi yo‘qotishlari esa haddan tashqari ko‘p ko‘rinmoqda — erishilgan yutuqlar bilan solishtirganda. Agar RF qurolli kuchlari qo‘mondonligi davomli lokal janglar orqali Ukraina qurolli kuchlarini holdan toydirishni ko‘zlagan bo‘lsa, bu o‘z qo‘shinlari ham tez sur’atlarda holdan toyishiga olib kelishini hisobga olishi kerak. Faqat raqibning yirik bo‘linmalarini qurshovga olish orqali yorib o‘tishgina bu vaziyatda yo‘qotishlar nisbatini hujum qiluvchi tomon foydasiga burishi mumkin.

Rossiya armiyasi uchun «zaif nuqta» — aynan texnikadir (jumladan tanklar). RF qurolli kuchlari zarbaga uchrab maydonda qolgan mashinalarning bir qismini janglardan keyin ta’mirlash uchun evakuatsiya qilayotgani tushunarli (lekin bu oson emas — Ukraina qurolli kuchlari harakatdan to‘xtab qolgan mashinalarni dronlar orqali to‘liq yaroqsiz holatga keltirayotgani videolarini e’lon qilib bormoqda). Ammo tanklar va boshqa zirhli mashinalar tez sur’atlarda kamayishda davom etmoqda. Bunday yo‘qotishlar asosan yangi zamonaviy texnikalarni ishlab chiqarish hisobiga emas, balki sovetlar davridan buyon omborlarda saqlanayotgan eski mashinalarni tiklash hisobiga qoplanmoqda. Bunday zaxiralar katta, ammo tuganmas emas. Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Frontdagi vaziyat: Rossiya keng ko‘lamli yurishni davom ettirmoqda, bu hujumlar nimaga olib boradi?