21:50 / 25.07.2024
57

AQSHning yangi prezidenti G‘azoni qutqaradimi?

AQSHning yangi prezidenti G‘azoni qutqaradimi?
21 iyul kuni AQSH prezidenti Jo Bayden prezidentlik poygasidan chiqishini e’lon qildi.

Garchi Jo Baydenning saylovoldi poygasidan chiqishi taxmin qilingan bo‘lsa-da, bu AQSH bilan chambarchas bog‘langan mamlakatlarda birmuncha behuzurlik uyg‘otdi. Ana shulardan biri Binyamin Netanyaxu boshliq yahudiylar davlatidir. Isroil urush boshlangandan beri Amerika Qo‘shma Shtatlarining qanoti ostida bo‘lib kelmoqda.

Unga na BMT rezolyutsiyalari, na Jinoiy sud qarorlari ta’sir o‘tkaza olyapti. Biroq mojaroga “Hizbulloh” hamda husiylarning aralashuvi “katta og‘a”ning mehribonchiliklariga bo‘lgan ehtiyojni yanada kuchaytirdi. Ana shunday mas’uliyatli pallada AQSHda siyosiy beqarorlik yuzaga kelgani Isroil uchun unchalik ham yoqimli ish bo‘lmadi. Va bosh vazir Netanyaxu Vashingtonga yo‘l oldi... “Daryo” mazkur jarayonlar haqida ekspertlar fikrini o‘rgandi.

Abduvali Soyibnazarov, siyosatshunos:
— Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning AQSHga tashrifi judayam qiyin vaziyatga to‘g‘ri kelyapti. Chunki G‘azodagi urush bugungi kunda Livandan tortib Yamangacha bo‘lgan katta hududlarni qamrab oldi. Ya’ni Isroil bir frontda Falastin bilan, ikkinchisida “Hizbulloh” bilan, uchinchi frontda esa Yamandagi husiylar bilan to‘qnashuvlar olib borishga majbur bo‘lyapti. Qolaversa, Eron omili ham bor... Shu sababli Netanyaxu murakkab vaziyatni boshidan kechiryapti. AQSHga safardan ko‘zlangan maqsad aniq — eng yaqin ittifoqchisi bilan maslahatlashish. Ya’ni bundan buyon qanday yo‘l tutish kerak?

Ko‘rib turganimizdek, Netanyaxuning bu kabi qattiqqo‘l siyosati o‘ta xunuk va og‘ir oqibatlarga olib kelyapti. Netanyaxu o‘zining siyosiy umrini uzaytirish uchun har uchta lager bilan muloqotlar olib borishga majbur: birinchidan, mamlakat ichkarisidagi ultra o‘ng ittifoqchilarining ko‘nglini olishi kerak, ular G‘azodagi operatsiyani oxirigacha olib borishni talab qilishyapti. Aks holda, ular koalitsiyani tark etishlari, hukumat inqirozga yuz tutishi va takroriy saylovlar o‘tkazilishi mumkin. Ikkinchi tomondan, AQSHning amaldagi rahbari Jo Bayden bilan muloqot olib boryapti, safar davomida uning tinchlik rejalari yana bir bor muhokama qilinadi. Bayden HAMAS bilan muzokaralarni davom ettirish yuzasidan bosim o‘tkazyapti. Bundan tashqari, Kamala Harris va Donald Tramp bilan ham uchrashadi.

Saylov masalasida bugun AQSHda murakkab vaziyat yuzaga keldi. Kamala Harris yosh, uning hokimiyatni egallash imkoniyatlari borgan sari ortishi mumkin. Harris G‘azoda tinch insonlarning qirg‘in qilinishiga qarshi chiqyapti. Netanyaxu Trampning hokimiyat tepasiga kelishini istaydi, chunki Tramp uning har qanday harbiy operatsiyalariga keng yo‘l ochib beradi. Lekin shuni unutmaslik kerakki, Qo‘shma Shtatlarda kim hokimiyat tepasiga kelishidan qat’i nazar, Isroilni qo‘llab-quvvatlaydi.

Shuhrat Rasul, siyosatshunos:
— Isroil va AQSH o‘rtasida Isroil davlatchiligi paydo bo‘lgandan beri shakllangan tarixiy an’analar bor. Bu ikki davlat o‘rtasida doim strategik hamkorlik va do‘stona munosabatlar bo‘lgan. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, saylovlarda qaysi partiya vakili g‘alaba qilishidan qat’i nazar, shakllangan tarixiy traditsiyalar buzilmasa kerak. Lekin liderlarga ham ko‘p narsa bog‘liq. Tramp yo Harris? Qaysi biri saylovda g‘alaba qozonishiga qarab, bir oz mo‘tadillashishi yoki aksincha, radikallashishi mumkin. Agar Tramp hokimiyat tepasiga kelsa, Isroil bilan aloqalarni chuqurlashtiradi, shuningdek, Falastinga munosabatlarda ham qattiqlik kuzatilishi mumkin.

Umuman, Trampning hokimiyatga kelishi Falastin xalqi uchun yaxshi emas. Chunki u to‘laligicha Netanyaxuni va uning “Likud” partiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Bordi-yu, Kamala Harris g‘alaba qozonsa, u birmuncha mo‘tadil, noradikal siyosat olib boradi. Biroq u ham tarixiy an’analarga tayangan holda yahudiylarning tarafini olaveradi. Shu bilan birga, Harris demokratlar partiyasining vakili, mazkur partiya esa doim Isroilni yengil tanqid qilib kelgan. Harris shu liniyani davom ettirishi mumkin. Uning Isroilga nisbatan pozitsiyasi Trampga qaraganda qat’iyroq bo‘ladi, tanqidlar ko‘zga tashlanishi mumkin, ammo umumiy strategik vektor o‘zgarmaydi.

Netanyaxuning so‘nggi bayonotlariga qaraganda, Isroil yaqin orada qirg‘inni to‘xtatmoqchi emas. Chunki yahudiylar o‘zlarining “tarixiy yerlarini ozod qilish uchun kurashmoqda va har qanday davlatning, har qanday xalqaro tashkilotning bunga qarshi chiqishi borib turgan jinoyatdir”.

Abduvali Soyibnazarov, siyosatshunos:
— Isroil — AQSHning Yaqin Sharqdagi “erkatoyi”. Aslida, Isroil mavjud bo‘lib turishining asosiy maqsadi ham arab davlatlarini ta’sir doirasida saqlab turish, ularning rivojlanishiga imkon bermaslik. Netanyaxu AQSH Kongressida to‘rtinchi marta nutq so‘zlashi uchun imkon yaratilishi Isroil Yaqin Sharqda eng asosiy davlat ekanligini anglatadi. Hali biror davlat rahbari Kongressda to‘rt marta nutq so‘zlamagan. Safar davomida G‘azodagi urushni to‘xtatish yoki Falastinga muxtoriyat berish masalasidan ko‘ra ham “Hizbulloh”ni qanday tinchitish, husiylarga qarshi qanday muvaffaqiyatli kurashish yoxud Eronga qarshi zarbalar berish imkoniyatlari muhokama qilinadi.

Amaldagi prezident Jo Bayden bilan ana shu masalalar muhokama etiladi. Bordi-yu Donald Tramp hokimiyat tepasiga kelsa, bu Netanyaxuga qo‘shimcha kuch-quvvat beradi, chunki yaxshi eslaymizki, Tramp Quddusni Isroilning yagona va abadiy poytaxti deb e’lon qilish qarorini qo‘llab-quvvatlagan va Suriyaga tegishli Jo‘lon tepaliklarini Isroilga tegishli deb tan olgan edi.

Yodingizda bo‘lsa, mojaro boshlanganda bu urush Falastin davlatining tan olinishi bilan yakun topadi, chunki Isroil qirg‘inni uzoq davom ettira olmaydi, xalqaro bosim ostida yon berishga majbur bo‘ladi, degan fikrlar yangragan edi. Lekin yuqorida aytilganidek, genotsidning oxiri ko‘rinmayapti. Aniqrog‘i, uning oxiri G‘azo va Falastin yerlarini butkul o‘zlashtirib, yahudiylashtirib olishga borib taqalyapti. Biroq bu borada ekspertlarning fikrlari turlicha. Ayrimlari najot tobora susayib borayotganidan xavotirda bo‘lsa, boshqalari Netanyaxuni tiyishga qodir real kuch mavjudligiga ishonadi.

Abduvali Soyibnazarov, siyosatshunos:
— Men Falastin uchun hali-beri najot yo‘q, degan bo‘lardim. Chunki bugun hokimiyat tepasida Netanyaxuning “Likud” partiyasi va Falastin mustaqilligiga butkul qarshi bo‘lgan ultra o‘ng millatchilar turibdi. Ular davrida ham, ularning o‘rniga boshqa kuchlar kelgan taqdirda ham, Falastinga mustaqillik berish imkoniyati nolga teng. Bugungi kunda ham ko‘plab bosimlar bo‘lyapti Yevropa Ittifoqi yoki boshqa tashkilotlar tomonidan, biroq hanuz Isroil Falastin mustaqilligiga qarshi. Aksincha, bugun G‘azoda olib borilayotgan harbiy operatsiyalarning maqsadi ham HAMASni yo‘qotish emas, balki G‘azo sektorini ham Isroil tarkibiga butkul qo‘shib olish.

Shundan kelib chiqib aytyapmanki, Isroil o‘z hududlarini kengaytirish siyosatini davom ettiradi. Falastin mustaqilligi haqida ko‘p gapirilyapti-yu, lekin Falastinga mustaqillik berish emas, uning yerlarini tortib olish siyosati davom etyapti. Netanyaxu bundan 20 yillar oldin “biz Falastinga mustaqillik bera olmaymiz, Isroil davlati atigi 12 ming kvadrat kilometrdagi mamlakat bo‘lib qolishini istamaymiz”, deya bayonot bergan edi. Shu kunlarda Vashingtonda bo‘lib o‘tadigan uchrashuv- muloqotlarda ham Falastinga mustaqillik berish masalasi emas, Isroilning xavfsizligini ta’minlash masalalariga ustuvorlik beriladi. Shu ma’noda aytmoqchimanki, hali-beri mustaqil Falastin davlati va uning najotga erishishi haqida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas.

Shuhrat Rasul, siyosatshunos:
— Lekin Isroil va HAMAS o‘rtasidagi konfliktga ta’sir qiluvchi AQSHdan ham qudratliroq kuch bor, bu Yevroittifoq. Bunday deyishimga sabab YEI Isroil bilan eng katta savdo aylanmasiga ega. Bu AQSH-Isroil savdo-iqtisodiy ko‘rsatkichlariga qaraganda ancha yuqori. Agar YEI harakatga kelsa, “Likud” partiyasiga va uning yetakchisi Netanyaxuga nisbatan jo‘yali ta’sir ko‘rsatish mexanizmlarini ishlab chiqsa, sanksiyalar e’lon qilsa, Netanyaxu Falastinga nisbatan o‘z pozitsiyasini o‘zgartirishi mumkin. So‘nggi paytlarda mintaqada Xitoyning ham ishtirokini ko‘ryapmiz. U hamma Falastin liderlarini yig‘ib, ular o‘rtasida konsensusga erishdi. Endi ular ilgarigidek har kim o‘zicha emas, yagona front bo‘ylab harakat qiladi. Bu Falastin xalqining pozitsiyasini xalqaro darajada ancha kuchaytiradi. Endi katta o‘yinchilarni ham bu bilan hisoblashishga majbur qiladi.

Xulosa o‘rnida Kamala Harrisning nomzodi haqida. Tramp bu nomzodni ham masxara qilib, ustidan mag‘zava ag‘darishga ulgurdi. Bunga javoban Kamala Harris prokurorlik faoliyati davomida juda ko‘p firibgarlar va lo‘ttibozlarni ko‘rganini, Tramp aynan o‘shalarni eslatishini aytdi. So‘nggi so‘rovnomalarga ko‘ra, Kamala Harris hozirdanoq 44 foiz ovoz bilan Trampni ortda qoldirmoqda — unda 42 foiz. Mutaxassislar hali Donald Tramp raqibi Jo Bayden emasligidan afsuslanadi, degan fikrlarni ham bildirishmoqda. Saylovlarda bu xonimni yengish Tramp tarafdorlari o‘ylaganchalik oson bo‘lmasligi aniq. Bugungi mavzu nuqtayi nazaridan qaraganda esa, Kamala Harris hech bo‘lmaganda Netanyaxuning qonxo‘r siyosatini tanqid qilishi va bu tanqidlar meva berishiga umid bog‘lash mumkin. Zotan, noumid — shayton deydilar.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSHning yangi prezidenti G‘azoni qutqaradimi?