09:42 / 02.08.2024
20

Rossiya, Belarus va G‘arb davlatlari o‘rtasida mahbuslar almashildi

Rossiya, Belarus va G‘arb davlatlari o‘rtasida mahbuslar almashildi
Foto: Reuters
1 avgust kuni Anqara aeroportida Rossiya, Belarus va G‘arb davlatlari o‘rtasida mahbuslar almashinuvi bo‘lib o‘tdi. Turkiya OAV ayirboshlashdan olingan tasvirlarni namoyish etib, unda 26 kishi ishtirok etganini xabar qilgan.

The Insider nashrining yozishicha, Rossiya 16 nafar mahbusni G‘arb davlatlariga topshirgan. Bular siyosatchilar Vladimir Kara-Murza va Ilya Yashin, Navalniy shtab-kvartirasining sobiq rahbarlari Liliya Chanisheva, Kseniya Fadeyeva va Vadim Ostanin, jurnalistlar Evan Gershkovich, Alsu Kurmasheva va Andrey Pivovarov, rassom Sasha Skochilenko, huquq himoyachisi Oleg Orlov, peterburglik velosport faoli German Moyjes va sobiq AQSH harbiy xizmatchisi Pol Uilan.

Shuningdek, Germaniya fuqarolari: Diter Voronin, Patrik Shobel va 19 yoshli Kevin Lik ozodlikka chiqqan. Bundan tashqari, Minsk avvalroq Belarusda afv etilgan Germaniya fuqarosi Riko Krigerni ozod qilgan.

Germaniya Chechenistonning sobiq dala qo‘mondoni Zelimxon Xanqoshvilining qotili Vadim Krasikovni Rossiyaga topshirgan. Germaniyada Krasikov umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Bundan tashqari, Polshada qamoqda o‘tirgan Pavel Rubsov o‘zini braziliyalik sifatida ko‘rsatgan, Norvegiyada josuslik uchun hibsga olingan Mixail Mikushin Rossiya maxsus xizmatlarida ishlaganini tan olgan, Sloveniyada sudlangan er-xotin Artem va Anna Dulsevlar, AQSHda jazo muddatini o‘tagan uch nafar erkak — Roman Seleznev, Vladislav Klyushin va Vadim Konoshchenko Rossiyaga ekstraditsiya qilingan.

Turkiyaning NTV telekanali Rossiya va G‘arb davlatlari o‘rtasidagi kelishuvda ikki nafar bola ishtirok etgani haqida xabar bergan. “Sirena” nashrining ta’kidlashicha, bular Dulsevning 8 va 11 yoshli bolalari. WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, ular ota-onasi hibsga olinishi vaqtida homiylik ostidagi oilaga o‘tkazilgan.

Bloomberg avvalroq Gershkovich va Uilan qo‘yib yuborilgani haqida xabar bergan edi. Keyinroq Oq uy Gershkovich, Uilan, Kurmasheva va Kara-Murzaning ozod etilganini tasdiqlagan. Der Spiegel nashri Krasikov Germaniyadan uchayotgan samolyotda bo‘lganini yozgan. Kevin Likni qo‘llab-quvvatlash guruhi uning ozod etilganini tasdiqlagan.

Amerikalik jurnalist Pyotr Saver X ijtimoiy tarmog‘ida Gershkovich, Kurmasheva va Uilanning ozodlikka chiqqanidan so‘ng tushgan ilk suratini e’lon qilgan. AQSH davlat kotibi Entoni Blinkenning aytishicha, mahbuslarning uchalasi ham AQSHga yo‘l olgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya, Belarus va G‘arb davlatlari o‘rtasida mahbuslar almashildi