date
views 1 242

Kursk oblastidagi yurishning uchinchi kuni. Soʻnggi ma'lumotlar

Kursk oblastidagi yurishning uchinchi kuni. Soʻnggi ma'lumotlar
Rossiyaning Kursk oblastida uchinchi kundirki Ukraina qurolli kuchlarining yurishi davom etmoqda. Harbiy mavzuga ixtisoslashgan pabliklar ma'lumotiga koʻra, ukrain harbiylari chegaradagi Sudja shahriga kirishgan. Ammo, mahalliy aholi vakillari tarqatgan videoyozuvlarga koʻra, Ukraina qurolli kuchlari jangchilari 8 avgust tongida shahar atrofida joylashgan, ammo uning markaziga kirmagandi, shu bilan birga, video orqali shaharda rossiyalik harbiylar ham yoʻqligini koʻrish mumkin. RF mudofaa vazirligiga aloqador sanalgan Rybar telegram-kanali yozishicha, Sudjada «alohida qarshilik oʻchoqlari qolmoqda», bular asosan mahalliy aholi vakillari, «ammo shaharning oʻzi amalda Ukraina qurolli kuchlarining toʻliq nazoratida». Ukraina qurolli kuchlari boʻlinmalari shahardan shimoli-sharqdagi aylanma yoʻlni nazorat qilayotgani tasdiqlangan.

Shuningdek, kanalning tasdiqlanmagan ma'lumotlariga koʻra, Sudjanskiy rayoniga kirib borgan ukrain harbiylari Sudjadan shimoli va gʻarbidagi qator aholi yashash manzillarida mustahkam oʻrnashib olgan. 8 avgust kuni mahalliy aholi vakillari tarqatgan videoga koʻra, Sudjaning shimoliy-sharqiy chekkasida, Kursk tomon boruvchi yoʻlda ukrain otryadlari boʻlib turibdi.

Harbiy mavzuga ixtisoslashgan va RF mudofaa vazirligi tanqidchisi hisoblangan «Dva mayora» telegram-kanali yozishicha, janglar Korenevskiy rayonida, jumladan Korenevo posyolkasi atrofida ham kechmoqda. Mazkur kanal Ukraina qurolli kuchlari Lgovskiy rayonidagi Anastasevka posyolkasi (Sudjadan 28 kilometr shimolda) yaqinida ham jang olib bormoqda.

RF mudofaa vazirligi Rossiya qoʻshini Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblasti ichkarisiga «yorib kirishga urinishlarining oldini olayotgani» toʻgʻrisida xabar bergan. Vazirlik 8 avgust tongida qurolli kuchlar va FXX «Kursk oblastining Sudjanskiy va Korenevskiy rayonlarida, Rossiya-Ukraina chegarasiga yaqin hududlarda Ukraina qurolli kuchlari tuzilmalarini yoʻq qilishda davom etayotgani»ni ta'kidlagan. «Ukraina qurolli kuchlarining jonli kuch va texnikalari toʻplangan nuqtalarga olovli zarbalar yoʻllanmoqda. Alohida boʻlinmalarning Kursk yoʻnalishida chuqur kirib kelishga urinishlari toʻxtatilmoqda», — deyilgan RF mudofaa vazirligi xabarida. Vazirlik iddao qilishicha, kun davomida Ukraina qurolli kuchlari 400 nafargacha harbiy va 32 ta zirhli texnika, jumladan bitta tank yoʻqotgan, uch kunlik janglar mobaynida — jami 660 harbiy 82 ta zirhli texnika, jumladan sakkiz tank yoʻqotgan. Bu yoʻqotishlar boʻyicha ma'lumotlarni mustaqil manba orqali tekshirishning imkoni yoʻq. RF mudofaa vazirligi 8 avgust kuni ilk bor Kurskuyu oblastini har kungi brifingi chogʻida eslab oʻtdi. Xabarda RF qoʻshini Kursk oblastining Darino qishlogʻida (u chegara yaqinida joylashgan) Ukraina qurolli kuchlari shaxsiy tarkibi va texnikalariga zarba bergani aytilgan.


Tasdiqlanmagan ma'lumotlarga koʻra, Kursk oblastiga «Vagner» XHK jangchilari yuborilgan. Bu haqdagi ma'lumot tunda va 8 avgust tongida kichik telegram-kanallarda tarqaldi. 8 avgust kuni «Dva mayora» kanali ham Kursk oblastida «Mudofaa vazirligi boʻlinmalari saflarida „Vagner“ ham jangga kirishgani» haqida xabar qildi. Vagnerchilar Malidan Kursk oblastiga yoʻnaltirilgani toʻgʻrisida RTVI nashriga ushbu tuzilma jangchisi ham tasdiqlagan.

Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak Rossiya oʻz hududi daxlsizligini talab qilishini ikkiyuzlamachilik deb atagan. Bu Ukraina rasmiylarining ukrain harbiylari yurishi fonida Kursk oblasti boʻyicha bergan ilk bayonot boʻldi. Podolyak ukrain armiyasi yurishini tilga olmagan holda Kursk va Belgorod oblastlarida «odatiy hayot tarzi yoʻq boʻlishi sababi» Rossiya tajovuz qilgani tufayli ekanini aytgan. «Rossiya muntazam ravishda taqiqlovchi huquq normalari oʻziga taalluqli emasligi va shuning uchun qoʻshni mamlakat hududlariga jazoga uchramasdan hujum qilishi va ikkiyuzlamachilik bilan... oʻz hududlari daxlsizligini talab qilishi mumkinligiga ishonib kelgan. Ammo urush — oʻz qoidalariga ega va tajovuzkor tomon doimo tegishli oqibatlarga duch keladigan urushdir», — degan Podolyak.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham toʻgʻridan toʻgʻri Kursk oblastidagi yurishni tilga olmasdan, shunday degan: «Barcha koʻrib turibdi, ukrain armiyasi ajablantira oladi. Va natijalarga erishishni biladi». Bu haqda u harbiylar uchun qogʻozbozlik ishlarini qisqartirishga moʻljallangan «Armiya+» ilovasi taqdimoti vaqtidagi chiqishida aytib oʻtgan. Zelenskiyning videosi uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida 8 avgust kuni paydo boʻldi.

Kursk oblasti rasmiylari ukrain armiyasi «biror metrga oldinga siljimagani, aksincha — chekinayotgani»ni ta'kidlamoqda. 8 avgust kuni ushbu hudud gubernatori oʻrinbosari vazifasini vaqtincha bajaruvchi Andrey Belostotskiy Birinchi kanal efirida aytib oʻtdi. Region rahbari Aleksey Smirnov 7 avgust kuni «chegara hududlarda murakkab operativ vaziyat saqlanib qolayotgani»ni aytgandi. U bu haqda Kursk oblastida favqulodda holat rejimini e'lon qilish asnosida gapirgandi.

Belostotskiyning ma'lum qilishicha, Kursk oblastining chegaradagi rayonlaridan uch mingdan ortiq kishi evakuatsiya qilingan. Mahalliy aholi e'lon qilgan videoga koʻra, Sudjada yashovchilar bu erni mustaqil holda tark etishga urinmoqda, shaharda hokimiyat odamlari mavjudligining alomatlari koʻrinmaydi.

Moskva temiryoʻllari Sudja, Korenevo, Psel vokzallari yoʻlovchilar uchun vaqtincha yopilgani haqida xabar bergan, shu bilan birga, Kursk oblastining Sudjanskiy va Korenevskiy rayonlaridan boshqa hududlarga poezdlar odatiy tartibda qatnashi davom etmoqda. Ukraina qurolli kuchlari yurishi fonida Kursk oblasti ma'muriyatining internet-resurslariga yoppasiga DDoS-hujumlar kuzatilgan. RF Raqamli taraqqiyot vazirligi bu hujumlar qaytarilganini bildirgan.

Andrey Belostotskiyning ma'lum qilishicha, Kursk oblastida Ukraina qurolli kuchlari hujumi chogʻida toʻrt kishi halok boʻlgan. Aleksey Smirnov esa avvalroq ikki kunlik janglar vaqtida besh qurbon boʻlgani haqida aytib oʻtgandi. Ulardan ayrimlarining shaxsiga aniqlik kiritilgan — qurbonlar qatorida Kurskdagi «Avangard» klubi futbolchisining otasi (u tez yordam mashinasiga dron urilishi oqibatida halok boʻlgan feldsher) va homilador ayol bor. Kursk eparxiyasiga koʻra, Gornal qishlogʻidagi Avliyo-Nikolaev Belogorskiy erkaklar monastiridan evakuatsiya chogʻida bir kishi halok boʻlgan, deb xabar beradi «Interfaks».

Rossiya sogʻliqni saqlash vazirligiga koʻra, Kursk oblasti oʻqqa tutilishi chogʻida jarohatlangan 34 kishi statsionar davolanishda, ulardan besh nafari yosh bolalar. Yaralanganlar orasida — VGTRK korrespondenti Evgeniy Poddubniy ham bor. U ketayotgan mashinaga ham dron zarba bergan. Vazirlik jarohatlanganlardan toʻqqiz nafari, jumladan Poddubniy ham Moskvadagi shifoxonaga olib oʻtilganini ma'lum qilgan.

Evroittifoq Ukraina RF qoʻshinlariga istalgan joyda zarba berishi mumkinligini bildirdi. Bunday bayonot Bryusseldagi matbuot anjumani chogʻida EI tashqi siyosat xizmati rasmiy vakili Peter Stano tilidan yangradi, deb xabar qiladi Deutsche Welle. Kursk oblastidagi vaziyat toʻgʻrisidagi savolga javob qaytararkan, Stano «qonuniy mudofaa huquqi doirasida Ukraina dushmanga oʻz hududida, shuningdek raqib hududida oʻzi uchun qulay deb bilgan istalgan joyda zarbalar berishi mumkinligi»ni aytgan. «Ukraina noqonuniy tajovuzni qaytarmoqda. Bu shuni anglatadiki, Ukraina qonuniy mudofaa urushi olib bormoqda», — deya qoʻshimcha qilgan Stano.

AQSh Davlat departamenti vakili Metyu Miller 7 avgust kungi brifingda Rossiya Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini buzgan sharoitda oʻz harbiy amaliyotlarini qanday oʻtkazish boʻyicha qarorni Kiev oʻzi qabul qilishini bildirgan. Miller Rossiya hududi boʻylab zarbalar berishda Amerika qurollaridan foydalanishdagi cheklovlar siyosati oʻzgarmaganini qayd etgan.

Davlat departamenti vakilining soʻzlariga koʻra, Ukraina Kursk oblastidagi yurish haqida AQShni oldindan xabardor qilmagan, lekin bunda hech qanday noodatiy jihat yoʻq. «Biz Ukrainaga vositalar taqdim etamiz va maslahatlar beramiz. Ammo gap har kungi taktika, har kungi zarbalar haqida gap ketganida biz ba'zida ular bilan aloqaga chiqamiz, ba'zida yoʻq», — degan Miller. U AQSh chegaradagi amaliyotlar boʻyicha Ukraina bilan «aloqada» boʻlib turganini qoʻshimcha qilgan.

Rossiyalik muxolif siyosatchi Ilya Yashin Kursk oblastida Ukraina qurolli kuchlari hujumi natijasida odamlar halok boʻlishida Ukrainaga qarshi urushni boshlagan Vladimir Putin aybdorligini aytgan. «Kursk oblastida boʻlayotgan voqealar — qoʻrqinchli. Urushning birinchi kunidanoq men [Rossiya prezidenti Vladimir] Putin Rossiya hududiga oʻlim va vayrongarchiliklar olib kelishi muqarrarligi hamda mamlakatimiz uning qonli avantyurasi uchun katta toʻlov qilishiga toʻgʻri kelishini aytganman. Shunday ham boʻlib chiqdi, afsuski», — degan Yashin. U agar Putin Ukrainaga hujum qilishga buyruq bermaganida, Kursk oblastida halok boʻlganlar tirik qolgan boʻlardi, deya ta'kidlagan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Kursk oblastidagi yurishning uchinchi kuni. Soʻnggi ma'lumotlar