Foto: Jorgen Ree Wiig/EPA
Norvegiyada Rossiya tuzilmalari tomonidan ma’lumot to‘plash uchun foydalanilgani taxmin qilingan oq kit o‘lik holda topildi. Jonivor besh yil oldin tanasiga videokamera va Sankt-Peterburg kompaniyasining logotipi mahkamlangan holda Norvegiya qirg‘oqlariga suzib kelgandi.
Norvegiyaliklar kitga “Hvaldimir” laqabini bergan — bu “Hval” norveg tilidagi kit so‘zi va Vladimir (Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ishora sifatida) ismining birlashmasi.
Kitning o‘limi haqida uning harakatlarini bir necha yildan buyon kuzatib kelayotgan Marine Mind jamoat tashkiloti asoschisi Sebastyan Strend AFP agentligiga xabar qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, dengiz jonivorining o‘limi sabablari haqida hozircha bir narsa deyish qiyin, chunki uning tanasida jarohatlar yo‘q.
“Veterinariya institutida jonivorning jasadini yorib ko‘rishga tayyorgarlik sifatida uni muzxonaga joylashtirdik”, — dedi Strend.
Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, kit juda yosh nobud bo‘lgan: u taxminan 15 yoshda edi, kitlarning umr ko‘rish davomiyligi esa 60 yilgacha yetishi mumkin.
Kitning tarixi
Hvaldimir 2019 yilning aprelida Norvegiya qirg‘oqlari yaqinida topilgan. Ingyoyya va Rolvsyoy orollari atrofidagi baliqchilar uni qayiqlari yonidan suzib o‘tayotganda payqab qolishgan. Bu noodatiy hodisa edi, chunki oq kitlar qutb kengliklaridan janubda bunday uzoq masofada kamdan-kam uchraydi.
Kitning tanasi kamera uchun mahkamlagich vazifasini bajaruvchi tasma bilan o‘ralgan, unda shuningdek, “Equipment St. Petersburg” (Sankt-Peterburg jihozlari) degan yozuv mavjud edi.
Suratlarda Peterburgning “Snaryad” kompaniyasi logotipi ham ko‘zga tashlandi. O‘shanda BBC bunday belgilar minglab nusxada ulgurji va chakana sotilishi, ularni istalgan odam sotib olishi mumkinligini ma’lum qilgandi.
Norvegiya maxfiy xizmati voqeani tekshirishni boshladi va kit Rossiya ilmiy-tadqiqot dasturida ishtirok etgan bo‘lishi mumkin, degan xulosaga keldi.
Norvegiyaning Barents Observer nashri xabar berishicha, Rossiya harbiy-dengiz floti uzoq vaqtdan buyon dengiz sut emizuvchilarini harbiy maqsadlarda tayyorlab kelmoqda. Nashr sun’iy yo‘ldosh xaritalaridan Murmansk viloyatidagi harbiy-dengiz bazalari yaqinida joylashgan va hayvonlar uchun suv osti qafaslari deb taxmin qilingan inshootlarni ko‘rsatgan.
Rossiya harbiy zobitlari oq kitlarning ehtimoliy tadqiqotlardagi o‘rni yoki dengiz bazalarida akvariumlar mavjudligi haqida biror marta rasmiy izoh bermagan.
O‘shanda harbiy sharhlovchi, iste’fodagi polkovnik Viktor Barens Reuters agentligi bilan suhbatda undagi ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya shimolida olimlar oq kitlardan jangovar vazifalarni bajarish uchun emas, balki axborot to‘plash uchun foydalanishini aytgandi.
Qutqarilganidan bir necha kun o‘tgach, Hvaldimir 11 ming aholi istiqomat qiladigan qirg‘oq bo‘yidagi Hammerfest shahridan uncha uzoq bo‘lmagan bandargohga joylashtirildi.
Dastlabki haftalarda kitning mustaqil ravishda ovqatlanishi qiyin kechdi: u yovvoyi tabiatda yashashga ko‘nikib qolgandi.
Uning hayotini saqlab qolish uchun Baliqchilik boshqarmasi kitni kuzatish dasturini ma’qulladi.
Vaqt o‘tishi bilan kit tuzalib, Hammerfest qo‘ltig‘ini tark etdi va mustaqil ravishda ov qila boshladi.
2019 yil 19 iyuldan boshlab Hvaldimirga erkin suzuvchi kit maqomi berildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda vaqti-vaqti bilan kitning sayyohlar bilan o‘ynayotgani aks etgan videolar tarqalardi. Bunday videolardan so‘ng, odatda internetda kitning sog‘lig‘i haqida xavotirlar kuzatilgan. “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»