17:17 / 13.09.2024
3

Donbassda Qizil Xochning uch xodimi halok bo‘ldi

Donbassda Qizil Xochning uch xodimi halok bo‘ldi
Police of the Donetsk Region / AP / Scanpix / LETA
Qizil Xochning Donetsk oblastidagi gumanitar missiyasida ishlovchi uch ukrainalik o‘qqa tutish oqibatida halok bo‘ldi, yana ikki kishi yaralangan. Bu haqda Ukraina hukumati xabar bergan va ma’lumot Qizil Xoch xalqaro qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan. Ular front yaqinidagi qishloqlarda uylarni isitish uchun ishlatiladigan briket mahsulotlarini olib ketayotgandi. Rossiyalik harbiylar zarba haqidagi xabar yuzasidan munosabat bildirmadi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy payshanba kuni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali rossiyalik harbiylar Donetsk oblastida Qizil Xoch xalqaro qo‘mitasi gumanitar missiyasi mashinalariga hujum qilgani haqida ma’lum qildi.

«Afsuski, uch kishi Rossiyaning bu zarbasi qurboni bo‘ldi. Bu urushda barchasi ravshan: Rossiya yovuzlik qilmoqda, Ukraina insonlar hayotini himoyalamoqda», — deya yozgan Zelenskiy ijtimoiy tarmoqlar orqali.

Bunga qadar oblast harbiy ma’muriyati rahbari Vadim Filashkin payshanba tongida rossiyalik harbiylar Verolyubovka qishlog‘iga artilleriya zarbasi yo‘llagani, buning natijasida uch kishi halok bo‘lgani haqida xabar tarqatgandi.

Donetsk prokuraturasi aniqlik kiritishicha, «Qizil Xoch xalqaro qo‘mitasi xodimlari mazkur aholi yashash punktiga mahalliy aholi uylarini isitishi uchun yonilg‘i briketlari keltirgandi». «O‘qqa tutish vaqtida ular yetkazilgan yordamni tushirayotgandi», — deyilgan xabarda.

Hujum oqibatida voqea joyida 40, 41 va 48 yoshli kishilar halok bo‘lgan, deyiladi prokuratura xabarida, yana ikki kishi oskolka sanchilishi va portlash zarbasi oqibatida yaralangan. Zarba oqibatida yuk mashinasi hamda yana bir yengil avtomobil yonib ketgan.

Verolyubovka front chizig‘idan taxminan 8 km masofada joylashgan. Rossiyalik harbiylar qishloq bo‘ylab berilgan zarba hamda Qizil Xoch xodimlari halok bo‘lgani haqidagi xabarni izohlamagan.

Qizil Xoch o‘qqa tutish oqibatida tashkilotning uch xodimi halok bo‘lganini, yana ikki xodim yaralanganini tasdiqlagan. Tashkilot saytida joylashtirilgan bayonotda zarba gumanitar yordam tarqatilishi mo‘ljallangan nuqtaga qarata berilgani aytilgan.

Yordam tarqatilishi hali boshlanmagandi, shu tufayli mahalliy aholi vakillari jabrlanmagan, deya aniqlik kiritilgan tashkilot bayonotida.

Donetsk oblasti prokuraturasi o‘qqa tutish oqibatlari aks etgan fotolarni ulashgan
Qizil Xoch mazkur hujum ortida kim turganini ko‘rsatmagan, ammo insonparvarlik yordami tarqatiladigan punkt o‘qqa tutilishini «vijdonsizlik» deb atagan.

«Qizil Xoch xalqaro tashkiloti xodimlari doimo Donetsk regionida ishlashadi va bizning avtomobillarda emblemalar aniq qilib ko‘rsatilgan», — deyiladi tashkilot xabarida.

«Men Qizil Xoch xodimlariga qilingan hujumni eng qat’iy shaklda qoralayman. Yordam tarqatish markazi zarba ostida qolishini tasavvur qilib bo‘lmaydi, — degan tashkilot prezidenti Miryana Spolyarich-Egger. — Bugun hamkasblarimiz uchun motam tutib, yaradorlar uchun qayg‘urib, qalbimiz ezilmoqda».

Payshanba kuni prezident Zelenskiy Rossiya Qora dengizda Misr uchun g‘alla olib ketayotgan yuk kemasiga yo‘llangan zarba haqida ham xabar bergandi, kema Ukraina hududiy suvlarini tark etishi bilanoq zarbaga yo‘liqqan. Rossiyalik harbiylar uning bayonoti yuzasidan munosabat bildirmagan.

Ukraina Harbiy-dengiz kuchlari Sent-Kitts va Nevis bayrog‘i ostida suzuvchi Aya kemasiga hujum qilinganini bildirgan. Bu haqda Britaniyaning kemachilik xavfsizligi bo‘yicha Ambrey kompaniyasi ham o‘z mijozlariga asoslangan holda xabar tarqatgan, deb xabar beradi Reuters.

Reuters ning sohadagi manbasi zarba tunda, Dunay daryosi dengizga quyilish joyida berilganini bildirgan. Hozirda ushbu nomdagi kema Ruminiyaning Konstansa porti sharqida, dengizda turibdi.

Payshanbaga o‘tar kechasi Sumi oblasti Konotop shahri kamikadze dronlar hujumiga uchragan. Rasmiylar 14 kishi jabrlangani haqida xabar bergan va jiddiy vayrongarchilik aks etgan fotolarni namoyish etgan. Rossiyalik harbiylar bu holat yuzasidan ham izoh bermadi. Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Donbassda Qizil Xochning uch xodimi halok bo‘ldi