18:00 / 16.09.2024
27

Kursk oblastidagi qarshi hujum: Rossiya qo‘shini biror muvaffaqiyatga erishdimi?

Kursk oblastidagi qarshi hujum: Rossiya qo‘shini biror muvaffaqiyatga erishdimi?
Foto: EPA
Rossiya qo‘shini hafta boshidan buyon Kursk oblastida qarshi hujum amalga oshirib, Ukraina qurolli kuchlarini bu hududdan siqib chiqarishga harakat qilmoqda. Ularning ehtimoliy maqsadi — qo‘shni davlat hududiga olib kirilgan va bir oydan buyon qolayotgan Ukraina guruhining chap qanotini «kesib qo‘yish»dir. Bu vaqtda Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastidagi yana bir uchastkada Rossiya chegarasini kesib o‘tishga urinishni boshladi.

13 sentyabr kuni kunduzi rossiyalik harbiy muxbirlar Snagost qishlog‘ida RF bayrog‘i o‘rnatilgani aks etgan videoni tarqatdi.

Rossiyaliklar bir haftacha oldin aynan ushbu aholi yashash manzili yo‘nalishida qarshi hujum boshlagandi. Zirhli texnikalar kolonnasi Korenevo rayoni markazidan harakatlandi va dastlabki kunlarda janub tomon 10-15 km masofaga ilgariladi.

Rossiyaning asosan dengiz piyodalari va desantchilar bo‘linmalaridan iborat guruhi bir vaqtning o‘zida bir necha yo‘nalishda hujumga o‘tgan.

Xususan, ular ko‘priklari vayron qilingan Seym daryosidan kechib o‘tib, ukrainlarning pozitsiyalariga shimoldan va shimoli-g‘arbdan bostirib kela boshlagan.

12 sentyabr kuni RF mudofaa vazirligi yurishning dastlabki ikki kunida rus qo‘shini 10 ta posyolka ustidan nazoratni qaytarib olgani haqida xabar bergandi, bular: Apanasovka, Byaxovo, Vishnevka, Viktorovka, Vnezapnoye, Gordeyevka, Krasnooktyabrskoye, Obuxovka, Snagost va 10-Oktyabr.

Rossiya qo‘shini Kursk oblastidagi Snagost qishlog‘i tomon harakatlanishi
Agar bu ma’lumot rost bo‘lsa, bu shuni anglatadiki, Rossiya guruhi Korenevodan janub tomon 20-23 km masofani bosib o‘tgan va Ukraina chegarasiga qadar yetib kelgan (Gordeyevka qishlog‘i aynan chegara bo‘ylab joylashgan).

Shu bilan birga, Rossiya qo‘shini bu qishloqlarda bo‘lib turganini ibsotlovchi video yoki fotodalillar yo‘q.

Amerikadagi Urushlarni tadqiq qilish instituti (ISW) qayd etishicha, hozircha RF armiyasi yuqoridagi ro‘yxatdagi Snagost va Krasnooktyabrskoyedan boshqa qishloqlarga kirganiga dalillar ko‘rmaganini qayd etgan.

Snagost qishlog‘i markazidagi uyga bayroq ilayotgan rossiyalik harbiylar
RF mudofaa vazirligi 13 sentyabr kungi hisobotida Rossiya qo‘shini «yurish harakatlarini davom ettirayotgani», Ukraina qurolli kuchlariga Lyubimovka, Darino, Nikolayevo-Darino va Pokrovskiy aholi yashash manzillari hududlarida zarbalar bergani haqida ma’lum qildi.

Bu qishloqlarning barchasi shartli qarshi hujum chizig‘idan sharqda joylashgan.

Shunga ko‘ra, bu yerda ukrain pozitsiyalariga hujum qilinishi Rossiya armiyasi Sudja shahri tomon chegara va Korenovoga olib boruvchi trassa bo‘ylab yurish orqali raqib mudofaasini «olib tashlash»ni rejalashtirganini taxmin qilishga asos beradi.

Ukraina qurolli kuchlari javobi: yangi uchastkada chegaradan yorib o‘tish

Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondonligi rossiyaliklarning Kursk oblastida boshlangan qarshi hujumi yuzasidan munosabat bildirmayapti.

Faqat Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy RF qurolli kuchlari mazkur hududda chindan ham qarshi hujum boshlaganini tasdiqlagan, ammo hozircha «barchasi bizning reja bo‘yicha ketmoqda» degan.

Davlat rahbari bu bilan aynan nimani nazarda tutganini ochiqlamagan.

Keyinroq u rossiyaliklarda «jiddiy yutuqlar» yo‘qligini qo‘shimcha qildi. «Bizning harbiylarimiz qahramonlik ko‘rsatishmoqda va boshqa harbiy-siyosiy qadamlarimiz uchun zarur bo‘lgan barcha ishni qilishmoqda», — degan Zelenskiy.

11-12 sentyabr kunlari esa Ukraina qurolli kuchlari Rossiyaning Kursk oblastidagi mudofaasida navbatdagi «kuchsiz nuqtalar»ni topishga urinayotgani haqida aytilgan kadrlar tarqaldi.

Harbiy mavzuga ixtisoslashgan telegram-kanallar ukrain qo‘shini Kursk oblastidagi Noviy Put qishlog‘i hududida chegaradan o‘tgani aks etgan videoni tarqatdi. Bu Snagostdan 17 km janubi-g‘arbda va Glushkovo rayoni markazidan atigi 9 km masofadagi nuqtadir.

ISW ekspertlari 13 sentyabr kungi hisobotida ukrain qo‘shini Rossiya chegarasini Kursk oblastidagi yangi uchastkada kesib o‘tgani haqidagi ma’lumotni tasdiqlagan, ammo bu amaliyot ko‘lami, katta ehtimol bilan u qadar katta emas.

ISW geolokatsiya qilingan kadrlarga tayanib bergan ma’lumotga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari Veseloye qishlog‘iga janubdan (Glushkovodan janubi-g‘arbda, Ukraina bilan chegaradan 3,5 kilometr masofada joylashgan) yaqinlashib kelgan.

Rossiyadagi manbalar esa Ukraina qurolli kuchlari Veseloye qishlog‘idan sharqda — Noviy Put va Medveje qishloqlari atrofida rossiyalik harbiylarga hujum qilgani haqida yozgan.

Rossiyalik harbiylashgan blogerlar yozishicha, Ukraina qurolli kuchlari baribir Veseloyega kira olmagan.

Ukrainalik harbiy Sudja shahrila. Foto: Getty Images
Bu shuni anglatadiki, ukrain qo‘shini Seym daryosi va davlat chegarasi oralig‘idagi hududini mudofaa qilayotgan rus qo‘shini ortidan chiqishga harakat qilmoqda — hozircha bu urinish naqadar muvaffaqiyatli bo‘layotgani noma’lum.

Germaniyadagi Bild gazetasining rus tili tahririyati yozishicha, daryodagi ko‘priklar vayron qilingach, bu hududda RF armiyasining 2-3 ming harbiysi qolib ketgan. Bu guruhga ponton kechuv yo‘llari orqali ta’minot yetkazib berilmoqda, bu yo‘llar esa Ukraina qurolli kuchlari tomonidan muntazam o‘qqa tutiladi.

Ammo agar rossiyaliklarning qarshi hujumi muvaffaqiyat qozonsa, unda Rossiya o‘z guruhini qutqarishi va tahdidni aritishi mumkin.

Rossiya mudofaa vazirligi 12 sentyabr kuni armiya aviatsiyasi va artilleriya ko‘magida Ukraina qurolli kuchlarining Noviy Put, Veseloye va Medveje qishloqlari tomon amalga oshirilgan uch hujumi qaytarilgani haqida xabar bergandi.

ISW tahlilchilari ko‘rsatishicha, ukrain qo‘shini bu uchastkadan tashqari Tetkinodan janubi-g‘arbda ham Rossiya chegarasini kesib o‘tishga uringan. Seym daryosi bo‘yidagi ushbu posyolka Kursk oblastidagi faol harbiy harakatlar kechayotgan hududdan 40 km g‘arbroqda joylashgan.

ISW hisoblashicha, RF qarshi hujumi istiqbollari muvaffaqiyatli ko‘rinmayapti, chunki 11-12 sentyabr kunlari Rossiya bo‘linmalari Ukraina qurolli kuchlari to‘liq nazorat qilmagan aholi yashash manzillariga kirishdi, bundan buyog‘iga esa rossiyaliklar ukrainlar allaqachon mustahkam o‘rnashib olgan hududlarda jang qilishiga to‘g‘ri keladi.

Ukraina muhandislik mashinasi chegarada Ukraina qurolli kuchlari tanklariga yo‘l ochish uchun «ajdaho tishlari»ni surib tashlamoqda. Bu Rossiyaning Kursk oblastidagi ichki hududida ro‘y bermoqda
Institut eksperti Jorj Barrosning fikricha, Rossiya hukumati Ukraina qurolli kuchlarini Kursk oblastidan qish boshlangunicha siqib chiqarishni ko‘zlagan. Ammo bu Moskvadagilar bu uchastkaga yetarlicha qo‘shin tashlash bo‘yicha qanday qarorga kelishiga bog‘liq.

ISW qayd etishicha, hozircha Rossiya ukrain kuchlarini Kursk oblastidan to‘liq surib tashlashga qaratilgan keng ko‘lamli amaliyot o‘tkazmayapti.

Urushlarni o‘rganish institutidagilar hisoblashicha, bunday amaliyot, katta ehtimol bilan, hozirda ukrainlar yurishiga qarshi kurashish uchun tashlanganidan ancha ko‘proq resurslar ajratishni talab etadi.

Shu bilan birga, ISW ekspertlari fikricha, Rossiya, katta ehtimol bilan, Ukrainadagi harbiylarining yana bir qismini olib kelishiga to‘g‘ri keladi, chunki Kursk oblastiga yo‘llangan harbiy bo‘linmalarning katta qismiga jangovar tajriba yetishmayapti.

«Rossiya qarshi hujumining hajmi, ko‘lami va istiqbollari noaniq. Kreml ukrainlarni 2024-25 yillar qishiga qadar siqib chiqarishga urinib ko‘rishi mumkin», — degan Barros Ukrainadagi «Suspіlne» telekanaliga.

Shu bilan birga, Amerikaning Forbes nashri o‘z manbasiga asoslanib yozishicha, Vladimir Putin Ukraina qurolli kuchlarini Kursk oblastidan chiqarib yuborish uchun 1 oktyabrgacha muhlat bergan. Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Kursk oblastidagi qarshi hujum: Rossiya qo‘shini biror muvaffaqiyatga erishdimi?
ePN