09:39 / 19.09.2024
81

Slovakiya o‘zbekistonliklarni ishga taklif qilyapti

Slovakiya o‘zbekistonliklarni ishga taklif qilyapti
Slovakiya 320 nafar kara haydovchilarini 1500 dollarlik ishga taklif etmoqda. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, nomzodlardan rus tilini bilish, B toifadagi haydovchilik guvohnomasi, kara haydash imtihonidan o‘tish talab qilinadi. Oylik maosh – 1200-1500 dollar (2 oylik sinov davrida 900 dollar). Yosh chegarasi — 45. Turar joy, tushlik va transport xarajatlari ish beruvchi tomonidan qoplab beriladi.

Ro‘yxatdan o‘tish.

Bu Slovakiya tomonidan mamlakatga bildirilgan ilk ish taklifi emas. Bundan avval Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi rus tilini yaxshi biladigan o‘zbekistonlik haydovchilarga Slovakiyada ish borligini ma’lum qilgandi. Unda nomzodlar 20-45 yosh atrofida bo‘lishi, B toifadagi haydovchilik guvohnomasi hamda avtokara haydovchisi guvohnomasiga ega bo‘lishi lozimligi aytilgan. Sohada 6 oylik tajriba ham talab etiladi.

Oylik ish haqi qo‘lga tegadigani 1080 yevro, ish hajmiga qarab turli bonuslar ham beriladi. Haftada 5 kun ish, (3 ta smena). Xodim tibbiy sug‘urta qilinadi.

Ishchi viza hamda Slovakiyaga borish xarajatlari nomzod tomonidan qoplanadi.

Shuningdek, O‘zbekiston fuqaroligi bo‘lgan ayollar Slovakiyadagi mehmonxona ishlariga taklif etilgandi. Bunda quyidagicha imkoniyatlar taqdim etilgan:

- ish haqi: 600 yevro (soliqlar to‘langandan keyin);
- ish vaqti: oyiga 210 soat;
- barcha xarajatlar ish beruvchi hisobidan.

O‘zbekistonlik ish izlovchilarning 31 foizi yaxshi ish taklifi chiqib qolsa, chet elga ko‘chib o‘tishga tayyor.

Bu ichki mehnat bozoriga ham, davlat bandlik siyosatiga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Globallashuv va kadrlar uchun raqobatning kuchayishi sharoitida o‘zbekistonlik ko‘plab mutaxassislar mamlakatdan tashqarida kasbiy va shaxsiy rivojlanish uchun eng yaxshi sharoitlarni topishga intilmoqda.

Xorijga ketishning asosiy sabablari iqtisodiy omillar, yangi tajribaga intilish va hayot sifatini yaxshilash. Shu sababli ish beruvchilarga O‘zbekistonda yuqori malakali kadrlarni saqlab qolish uchun raqobatbardosh sharoitlar yaratish muhim.

Mehnat migratsiyasiga bo‘lgan qiziqishning ortishi mahalliy mehnat bozori uchun yangi muammolarni keltirib chiqarayotgani aytildi. Ish beruvchilar mutaxassislarning xorijga ketishini kamaytirish uchun ish sharoitlari va karyera o‘sishini yaxshilashga e’tibor qaratishi kerak.

Mamlakatda eng ko‘p bo‘sh ish o‘rinlari chakana savdo, qurilish, umumiy ovqatlanish, ishlab chiqarish va ta’lim sohalarida shakllanishda davom etmoqda. O‘zbekistonda 2023 yil yakuni bo‘yicha jami ish bilan band bo‘lgan aholi soni 312 ming kishiga oshgan. Joriy yil yanvar–mart oylarida mehnat bozoridagi bo‘sh ish o‘rinlari soni qariyb 36,8 mingtani tashkil etib, 2023 yil dekabr oyi ko‘rsatkichlariga nisbatan 14 foizga oshgan.

2024 yilning birinchi choragida respublikada ish haqining nominal o‘sish sur’ati yillik 19,8 foizni, inflyatsiyani hisobga olgan holda esa 9,8 foizni tashkil etgan. Xususan, savdo (24,4 foizga) hamda axborot va aloqa (23,5 foizga) sohalarida yuqori ko‘rsatkichlar saqlanib qolgan. Qurilish sohasida mehnat resurslari taklifining o‘sishi hisobiga ish haqi o‘sishi pastroq shakllanmoqda (6,6 foiz).

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Slovakiya o‘zbekistonliklarni ishga taklif qilyapti