09:03 / 30.09.2024
49

«Hizbulloh» Hasan Nasrullohning jasadini topdi

«Hizbulloh» Hasan Nasrullohning jasadini topdi
Foto: Mohammed Zaatari/AP
Livanning «Hizbulloh» guruhi o‘zining marhum rahbari Hasan Nasrullohning jasadini topdi. Bu haqda 29 sentyabr, yakshanba kuni Reuters va AFP axborot agentliklari harakatning o‘zidagi manbalariga tayanib xabar berdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Nasrullohning tanasida ochiq jarohatlar yo‘q. Bu uning portlash to‘lqini ta’siridan o‘lgan bo‘lishi mumkinligini anglatadi.

«Uning jasadi shanba kuni topildi», dedi «Hizbulloh» manbasi jurnalistlarga. Unga ko‘ra, Nasrulloh bilan vidolashuv va dafn marosimining sanasi hali belgilanmagan.

Nasrulloh 27 sentyabr kuni Isroil mudofaa kuchlari (SAHAL) harakatning Bayrut chekkasida joylashgan yerosti qo‘mondonlik markaziga havo hujumi uyushtirishi natijasida halok bo‘ldi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, «Hizbulloh» qarorgohidan faqat xarobalar va 30 metr chuqurlikdagi ulkan o‘ra qolgan. Nasrulloh Livandagi harakatga 30 yildan ortiq rahbarlik qilgan. U bilan birga guruhning yana bir qancha yuqori martabali qo‘mondoni, shuningdek, Eron ma’lumotlariga ko‘ra, Islom inqilobi muhofizlari korpusi qo‘mondoni o‘rinbosari halok bo‘lgan.

Isroil Livan hududiga hujum qilishda davom etmoqda

29 sentyabr kuni Isroil mudofaa kuchlari Livan janubida «Hizbulloh»ning yana 120 ta nishoniga zarba yo‘llagani haqida xabar berdi. Bu nishonlar orasida jangchilar qo‘mondonlik punktlari, qurol-yarog‘ omborlari va infratuzilma bo‘lgan, deya aniqlik kiritdi SAHAL.

Bundan tashqari, Isroil harbiylari guruhning yana bir qo‘mondoni Nabil Kaukning yo‘q qilinganini e’lon qildi. «Hizbulloh» hozircha bu ma’lumotga izoh bermadi, biroq harakat tarafdorlari bir kun avval Kaukning o‘limi haqidagi xabarlarni chop etishdi.

Al Jazeera telekanali Livan Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib, Isroilning Livandagi kun davomida bergan zarbalari natijasida 77 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Ulardan qanchasi «Hizbulloh» jangchilari ekanligi aniqlanmagan.

Shuningdek, Isroil harbiylari Livandan Isroil shimoliga otilgan snaryadni tutib olgani haqida xabar berishdi. Eng yirik port shahar Hayfa va uning atrofida sirenalar yangradi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Hizbulloh» Hasan Nasrullohning jasadini topdi