date
views 96

Frontdagi vaziyat: Rossiya Ukraina kuchlarini Kursk oblastidan siqib chiqarishga urinmoqda

Frontdagi vaziyat: Rossiya Ukraina kuchlarini Kursk oblastidan siqib chiqarishga urinmoqda
Libkos / Getty Images
Rossiya armiyasi Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi mudofaasini qulata olmadi. RF qurolli kuchlari boʻlinmalari — desantchilar va dengiz piyodalari — ikkinchi urinishda Zeleniy Shlyax va Novoivanovka qishloqlariga etib kelishdi. Bu Sudja atrofidagi ukrain mudofaasida muhim tugunlar hisoblanadi. Ular egallab olingan taqdirda, Rossiya qoʻshini Malaya Loknya qishlogʻi tomon harakatlanib, Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi platsdarmining butun shimoli-gʻarbiy qismini kesib qoʻyadi. Ammo hozircha Novoivanovka egallanmadi, ukrain qoʻmondonligi esa qoʻshinni qurshov xavfi ostida olib ketishga harakat qilmayapti.

Kursk oblasti

Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastidagi front boʻylab mudofaaga oʻtdi. Bir hafta oldin Rossiya zaxiralarini oʻziga jalb etish maqsadida hujum qilingan Glushkovo posyolkasi atrofida ham endi RF qoʻshini yurish qilmoqda.

Rossiya qoʻshini Lyubimovka qishlogʻi va Pokrovskiy xutorini egallashga muvaffaq boʻldi, janubda esa — Ukraina qurolli kuchlari Snagost daryosi ortiga chekintirildi. Shu bilan bir vaqtda, RF qurolli kuchlari Korenevo posyolkasi tomondan Novoivanovka yoʻnalishida hujumga oʻtib, ushbu qishloq chekkalariga etib borgan. Bu erda Rossiya yurishi Ukraina qurolli kuchlarining etib kelgan zaxiralari yordamida toʻxtatilgan.

Ukrainaning Olgovka va Pogrebki qishloqlari hududidagi qoʻshini qurshov ostida qolgan — bu guruh Lgov — Rilsk yoʻli boʻylab Kursk oblasti ichkarisiga yurishni rivojlantirish uchun tashlangandi, ammo allaqachon mudofaaga oʻtgan. Katta xavfga qaramay, guruh hali Sudja tomon chekinishga shoshilmayapti. Shu bilan birga, unga ta'minot etkazib beriladigan asosiy yoʻl boʻlgan Korenevo — Sudja trassasi RF qurolli kuchlari boʻlinmalari tomonidan toʻsib qoʻyilgan.

Rossiya qoʻshini Sudjaga janubi-sharqdan ham bosim qilmoqda. Plexovo qishlogʻi chekkalarida janglar ketmoqda. Rossiyaning yana bir guruhi Cherkasskaya Konopelka qishlogʻiga yaqinlashmoqda. Maqsad — Sumi — Sudja yoʻli ustidan olovli nazorat oʻrnatish va Ukraina qurolli kuchlarini Kursk oblastidan chekinishga majbur qilish.

Pokrovsk, Selidove va Kuraxovo

RF qurolli kuchlari Sukurino posyolkasi va Ostrovske qishlogʻini egallagan. Ularning frontning mazkur uchastkasidagi maqsadi — Kuraxovo suv omboriga ikki tomondan: sharq va shimoldan etib kelish ekani koʻrinib turibdi.

Sharqda — Ostrovske hududida — vazifa amalda bajarib boʻlingan. Katta ehtimol bilan, endi Rossiya qoʻshini mazkur platsdarmni kengaytirishga va qoʻshni Maksimilyanovka qishlogʻini egallashga harakat qiladi.

Sukurino egallanganidan keyin Gornyak va Kuraxovka posyolkalarida mudofaalanayotgan ukrain qoʻshini ogʻir ahvolga tushib qolgan. RF qurolli kuchlari janub tomon yurishda davom etishi ularni oʻz pozitsiyalarini tark etishga majbur qiladi.

Ukraina qurolli kuchlarining Selidovedagi boʻlinmalari ham qurshov xavfida qolgan. RF qurolli kuchlari allaqachon shaharni shimol va janubdan aylanib oʻtgan.

Seversk yoʻnalishi

RF qurolli kuchlari Ukraina qurolli kuchlarining ikkita «qal'asi» — Grigorovka (Severskiy Donets daryosi sohilida) va Verxnekamenske (Lisichansk va Seversk oraligʻida) ustida bayroq koʻtardi. Bu shuni anglatadiki, Ukraina qurolli kuchlari tez orada oʻzining mazkur hududdagi asosiy tayanchi — Lisichansk yaqinidagi Bilohorivka posyolkasi tepaliklarini tark etishga majbur boʻladi.

Shu bilan birga, «qal'alar» hududida Rossiya bayroqlari oʻrnatilgani videosi koʻplab bahslarga sabab boʻlgan. Bundan oldin RF qoʻmondonligining Seversk yoʻnalishidagi aholi yashash manzillari egallangani haqidagi koʻplab bayonotlari ishonchsiz boʻlib chiqqandi. Bu safar Verxnekamenskedagi binoga bayroq dron orqali oʻrnatilgani, Grigorovkaga — Ukraina qurolli kuchlari frontortiga qayiqda suzib borgan maxsus topshiriqli jangchilar guruhi tomonidan etkazilgani aytildi. Keyinroq Verxnekamenskeda bir guruh harbiylar bayroq hilpiratayotgani videosi ham paydo boʻldi. Nima boʻlganda ham, Seversk atrofidagi vaziyat mavhumligicha qolmoqda. Agar RF qurolli kuchlari yurishni davom ettirsa, bu Ukraina qurolli kuchlari mudofaasida yangi inqirozni keltirib chiqaradi.

Vovchansk

Rossiya qoʻshini Volchya daryosi boʻyidagi Vovchansk agregat zavodining kamida bir qismini qayta egallab oldi.

Bir necha hafta muqaddam Ukraina qurolli kuchlari zavod xarobalarini ozod etgandi, bungacha bu erda bir necha yuz nafar rossiyalik harbiy yarimqurshov holatida mudofaani ushlab turgandi. Shundan keyin RF qoʻmondonligi xarobalar ustiga oʻnlab ogʻir aviabombalar tashlagan va ukrain boʻlinmalarini chekinishga majbur etgan.

Katta ehtimol bilan, Vovchansk shahrini ham Maryinka taqdiri kutmoqda: Donetsk oblastidagi bu yirik rayon markazi koʻp oy davom etgan koʻcha janglari va ikki tomondan bombardimon qilinishi tufayli er bilan yakson boʻlgandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Frontdagi vaziyat: Rossiya Ukraina kuchlarini Kursk oblastidan siqib chiqarishga urinmoqda