17:51 / 14.12.2024
10

Yevropa Ittifoqi Suriyaga insonparvarlik yordami uchun havo ko‘prigi tashkil qiladi

Yevropa Ittifoqi Suriyaga insonparvarlik yordami uchun havo ko‘prigi tashkil qiladi
Foto: AP
Yevropa Ittifoqi Turkiya orqali Suriya aholisiga gumanitar yordam yetkazilishiga yordam beradigan havo ko‘prigini ishga tushirmoqda. Yevropa Ittifoqining Dubaydagi omborlaridan 50 tonnalik tibbiy buyumlarning birinchi partiyasi Turkiyaning Adana shahriga yetkaziladi, ular yaqin kunlarda Suriyaga tarqatiladi, deb xabar qildi Yevropa komissiyasi 13 dekabr, juma kuni.

Yana 46 tonna gumanitar yordam yuk mashinasida Daniyadan Adanaga olib ketiladi va Suriyada tarqatish uchun YUNISЕF va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti xodimlariga topshiriladi. Yetkazib berishlar oziq-ovqat, dori-darmon va vaqtinchalik uy-joy uchun materiallarni o‘z ichiga oladi, dedi Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen. Uning so‘zlariga ko‘ra, 17 dekabr kuni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan uchrashuvda gumanitar yordam masalalarini muhokama qiladi.

Bu Bashar Asad rejimi ag‘darilganidan keyin Suriyaga YEI tomonidan ko‘rsatilayotgan ilk insonparvarlik yordamidir. 2024 yil oxirigacha Yevropaning Suriyaga insonparvarlik yordami hajmi 163 million yevroni tashkil qiladi.

Germaniya Suriyani qo‘llab-quvvatlash shartlarini e’lon qildi

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok 11 dekabr kuni Bashar Asad rejimi ag‘darilganidan keyin Suriyani qo‘llab-quvvatlash rejasini taqdim etdi. U Berlin Damashqqa yordam berish uchun ilgari suradigan sakkiz band va shartdan iborat.

Berbok hokimiyatning tinch yo‘l bilan o‘tkazilishini birinchi va eng muhim nuqta deb atadi. «Barcha partiyalar tomonidan qabul qilingan fuqarolik hukumati faqat barcha ozchiliklar va siyosiy guruhlar stol atrofida jam bo‘lsa, muvaffaqiyatli bo‘ladi», dedi u.

Ikkinchi o‘rinda - Suriya ichidagi muloqot. Germaniya Tashqi ishlar vazirligi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, u BMT rezolyutsiyalari va «joylardagi voqeliklar»ga muvofiq chet el aralashuvisiz, masalan, Turkiya yoki Isroil aralashuvisiz o‘tishi kerak. «Suriya yana xorijiy davlatlar o‘yinida piyodaga aylanmasligi kerak», dedi Berbok.

Uchinchisi, «Hay’at Tahrir ash-Shom» (HTSH) a’zolari tomonidan ayollar, etnik va diniy ozchiliklar huquqlarini hurmat qilish. Berbokning aytishicha, Germaniya guruh bilan «hali to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqaga ega emas», ammo Berlin uning «Al-Qoida» bilan aloqasi borligini biladi. «Biz HTSHni uning harakatlariga qarab baholaymiz», dedi vazir.

U, shuningdek, insonparvarlik inqirozini imkon qadar tezroq ortda qoldirib, Suriyani qayta tiklashni boshlashga chaqirdi. Berbok siyosiy inqiroz fonida mamlakatda yuqori inflyatsiya haqida ma’lum qildi, shuning uchun asosiy oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlashmoqda. Misol uchun, non narxi bir necha kun ichida 900 foizga oshdi. Vazir Germaniyadan 8 million yevrolik shoshilinch yordam va’da qildi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yevropa Ittifoqi Suriyaga insonparvarlik yordami uchun havo ko‘prigi tashkil qiladi