
Isroil va HAMAS 468 kun davom etgan qonli mojarodan soʻng va nihoyat sulhga kelishdi. AQSh, Qatar va Misr vositachiligida imzolangan bitim garovga olinganlarni ozod qilishni, Isroil qoʻshinlarini anklav hududidan bosqichma-bosqich olib chiqishni nazarda tutadi.

Barchasi qanday boshlangandi?
7 oktyabr tonggi millionlab insonlar hayotini butunlay oʻzgartirib, domino effektini ishga tushirgan voqea bilan boshlandi. Blokada ostidagi Gʻazo sektorini nazorat qiluvchi qurolli guruhlar Isroilga hujum qilib, Beeri, Reim kabi kibbutzlar (aholi maskanlari), shuningdek Sderot va Ofakim shaharlarini egallab oldi.

Falastinliklar Gʻazo va Isroilni ajratib turuvchi chegarani buzib oʻtmoqda.
Foto: Reuters
“Aqso toʻfoni” nomli operatsiya Isroil armiyasi, eng avvalo xavfsizlik tuzilmasidagi zaif tomonlarni koʻrsatib berdi. HAMAS va “Falastin islomiy jihod” kabi qurolli harakatlar kutilmaganda boshlagan hujum xaos keltirib chiqardi. Tartibsizliklar vaqti 1300 ga yaqin isroillik, jumladan harbiylar va tinch aholi halok boʻldi. Yana 200 nafar isroillik garovga olindi.

HAMAS jangchilari Isroilga paraplanlar bilan hujum qildi. Bu ularga uzoq masofani hech qanday toʻsiqlarsiz bosib oʻtishga yordam berdi.
Foto: Videodan kadr
Isroil tomoni bergan talafotlarning eng katta qismi 15 oydan beri davom etayotgan mojaroning dastlabki kunlariga toʻgʻri keladi. Bunga qurolli guruhlar bosqini asosiy sabab boʻlsa-da, yahudiy jamiyati uchun ogʻriqli hisoblangan boshqa omillar ham bor.
Birovning hisobiga yozilgan “nomer”
Falastinliklar Isroilga yengil qurollar bilan hujum qildi. Ularning ixtiyorida na tank, na boshqa ogʻir texnikalar boʻlgan. HAMAS jangchisi RPG-7 granatomyoti va Toyota pikapidan yaxshiroq vositaga ega chiqa olmasdi. Ammo 7 oktyabr kuni Isroilga etkazilgan zarar Ak-47 alomatiga oʻxshamaydi. Talafot koʻlami voqeada Apache vertolyotlari va Merkava tanklarining roli borligiga, boshqacha aytganda, Hannibal direktivasiga dalolat qiladi.

Isroil askarlari Sderot shahridagi politsiya boʻlimi vayronalarini koʻzdan kechirmoqda.
Foto: Ronen Zvulun/Reuters
Ushbu direktivaga koʻra, armiya oʻz askarlari asirga tushishining oldini olish uchun kuch ishlatishi mumkin – bu asirlarga zarar etkazishi mumkin boʻlsa-da.
Haaretz ibroniy nashriga koʻra, Isroil Mudofaa kuchlari 2023 yilning 7 oktyabr kuni oʻz fuqarolariga qarshi ayni shu direktivani qoʻllagan. Qoʻmondonlik tomonidan berilgan koʻrsatmaga asosan dastlab HAMAS jangchilari kirib kelgan uchta armiya ob'ekti – Erez oʻtkazish punkti, Reim bazasi va Nahal Oz posti havodan oʻqqa tutilgan. Shu bilan birga, boʻlinmalar Gʻazo tomon birorta ham mashinani oʻtkazmaslik haqida buyruq olgan. Bu esa tabiiyki, HAMAS jangchilari bilan birga, ular tomonidan garovga olingan isroilliklarning ham halok boʻlishiga olib kelgan.

Isroilning AH-64 Apache vertolyoti Gʻazo tomon yoʻl olgan mashinani nishonga oldi.
Foto: Videodan kadr
7 oktyabr kuni yuz bergan eng qonli voqealarning biri Nova musiqa festivali bilan bogʻliq. Ba'zi ma'lumotlarga koʻra, bu erda ikki yuzdan ortiq tinch aholi halok boʻlgan. Haaretz nashrining yozishicha, ularning ma'lum qismi uchun Isroil vertolyotlari javobgar boʻlishi mumkin.
Mazkur iddaoni keyinchalik musiqa festivalidan Kibbutz Beeriga qochib, HAMAS qoʻliga tushgan isroillik Yasmin Poʻlat ham tasdiqladi. Unga koʻra, harbiylar oʻzaro otishmalarda “barchani, jumladan, garovga olinganlarni ham yoʻq qilgan”.

Yasmin Poʻlat Isroilning 12-Telekanaliga intervyu bermoqda
Foto: Videodan kadr
Keyinchalik BMT va Isroil politsiyasi tomonidan oʻtkazilgan tergovlar bu kabi holatlar haqiqatda boʻlganini tasdiqladi. Ammo mazkur direktiva sabab qurbon boʻlganlarning asl koʻlami noma'lum.
Yuqoridagi kabi da'volar Isroil hukumati HAMASga qarshi keskin harakat qilish uchun ishonch kreditini olishdan manfaatdor boʻlgani, boshqacha aytganda, qurbonlarni Falastin qurolli harakatlari hisobiga yozib yubormoqchi boʻlgani haqidagi iddaolarga quvvat beradi.
Partizan urushi – qoʻrqinchli tush
Isroil Yaqin Sharqning eng texnologik qurolli kuchlari va Gʻarbning mislsiz yordamiga ega boʻlsa-da, HAMAS uning eski raqiblaridan farq qiladi. Qurolli harakat strukturasi, aktivlari va mafkurasi bilan muntazam armiyalardan farq qiladi. Yoʻq qilib, ortidan muvaffaqiyat sifatida taqdim qilishga arziydigan strategik nishonlari, umuman olganda, vizual aspektlari boʻlmagan dushmanga qarshi kurash Isroilni avvalboshidan oʻylantirgan. Shu bois yahudiy davlati avvaliga faqat havo zarbalari bilan cheklandi. Quruqlik bosqini esa qariyb bir oy davom etgan tayyorgarlikdan soʻng boshlandi.

Gʻazo sektori Isroil havo kuchlarining navbatdagi zarbasidan soʻng
Foto: Yousef Massoud
Gʻarb unga misli koʻrilmagan ishonch kreditini bildirib turgan vaqti qulay fursatdan foydalanmay, quruqlik bosqinini ortga surar ekan, Isroilning bunga adekvat sabablari bor edi. Boisi Gʻazo ostida yana bir shahar – Er osti saltanati boʻlib, yuzlab kilometrlarga choʻzilgan tunnellar tarmogʻi qurol-yarogʻ, jumladan raketa arsenalini saqlashga yordam berardi. Qolaversa, HAMAS ulardan qurol-yarogʻ ishlab chiqaruvchi ustaxonalar faoliyatini yoʻlga qoʻyishda ham foydalandi.

HAMAS tomonidan er osti korxonasida tayyorlanayotgan minomyot snaryadlari
Foto: Videodan kadr
Ustiga-ustak, shahar sharoitidagi janglar himoyalanayotgan tomon manfaatiga xizmat qilib, har bir binoni potentsial istehkomga, istalgan deraza, darcha, xullas tirqishni esa oʻt ochish nuqtasiga aylantirdi. Zich kvartallar tanklarning manyovr qilish imkoniyatini cheklab, koʻrish gorizontini toraytirdi. Bundan esa falastinlik merganlar unumli foydalanib qoldi.
Bularning bari oʻzining koʻlami ortidan “Gʻazo metrosi” nomini olgan murakkab tuzilma (tunnellar) bilan qoʻshilib, HAMASga assimetrik ustunlikka ega dushmani bilan 15 oy jang qilish imkonini berdi.

Isroil askarlari HAMAS tomonidan barpo qilingan tunnelda
Foto: Jon Pol Rathbone/FT
Absurd maqsad
Isroil armiyasi Gʻazoga bosqinni sektorning shimolidan boshladi. Bayt Honun, Bayt Lahiya hududlarida yashovchi aholi janubga koʻchirilib, ularning mavzelari tuproqqa qorishtirildi. Isroil Qoʻshma Shtatlarning Vetnamdagi xatolarini takrorlamaslik uchun har bir koʻcha, har bir uy uchun jang olib bormadi. Buning oʻrniga butun boshli kvartallar yoppasiga portlatib yuborildi.
Shunga qaramay, Gʻazodagi qurolli guruhlarni jangovar kuch sifatida tugatishning imkoni boʻlmadi. Tinch aholidan misli koʻrilmagan qurbonlarning berilishi oddiy insonlar orasida dushmanona kayfiyatni kuchaytirib, harakat safiga yangi a'zolarni yollashga yordam berdi. Buni AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken oʻz vakolat muddati yakunlanib borayotgani munosabati bilan qilgan nutqida tasdiqladi.
“Bizning taxminimizcha, HAMAS urushda yoʻqotganlari bilan bir xil miqdorda yangi a'zolarni yollagan”, - dedi u.
Isroilning Gʻazodagi talafotlari
Yahudiy davlatining Gʻazodagi talafotlari haqida aniq ma'lumot yoʻq. Ammo armiya tomonidan e'lon qilingan nekrologlar, mediaga sizdirilgan ma'lumotlarga tayanilsa, 400 dan ortiq isroillik uyiga tobutda qaytgan. Ammo raqamlarga shubha bilan qarash uchun ba'zi asoslar bor.

Gʻazodan qaytgandan soʻng oʻz joniga qasd qilgan Isroil askari Eliran Mizrahining jasadi Quddusdagi harbiylar qabristoniga olib ketilyapti.
Foto: Yonatan Sindel
Haaretz nashri kasalxona qaydnomalari va armiya hisobotlarini oʻrganib, bu ikki manba oʻrtasida “tushunarsiz boʻshliq" borligini aniqladi. Sogʻliqni saqlash tizimi ma'lumotlariga koʻra, yaradorlar soni harbiylar e'lon qilganidan ikki baravar koʻpdir.

Gʻazoda yaralangan Isroil askarlari Quddusdagi Shaare Zedek tibbiyot markaziga olib kelinmoqda, 2024 yil, 15 may
Foto: Chaim Goldberg
Alohida holatlarga diqqat qaratish orqali Isroil bu urushni qanday olib borgani va nimalarni yoʻqotgani haqida tasavvur hosil qilish mumkin.
Yahudiy davlati uchun 7 oktyabrdan keyingi eng yomon kun 2024 yilning 22 yanvar hisoblanadi. Isroil tomoni mana shu sananing oʻzida 24 nafar askari, xususan yuqori rutbali zobitlarini yoʻqotgan.
Isroil Mudofaa kuchlari matbuot kotibi Daniel Hagariyning aytishicha, askarlar Gʻazo markazidagi binoni portlatish uchun bomba oʻrnatayotgan vaqt ularga kutilmaganda zarba berilgan. Natijada detonatsiya kelib chiqib, bino ularni bosib qolgan.
Shu kuni yuz bergan yana bir holatda esa Merkava tankiga RPG granatomyoti bilan zarba berilib, komandir va yana bir askar halok boʻlgan.

Isroil armiyasining Merkava tanki Gʻazoda
Foto: Times of Israel
Bundan oldinroq, aniqrogʻi 2023 yilning 12 dekabr kuni mana shunday holatlarning yana biri sodir boʻlgandi. Oʻshanda Isroil harbiylari boshqaruvidagi texnika minaga uchrab, kolonnadan ajralib qoldi. Shundan soʻng HAMAS jangchilari ularni oʻqqa tutib, rasmiy ma'lumotlarga koʻra, 10 nafarini oʻldirgan. Ularning orasida podpolkovnik, mayor rutbasidagi harbiylar bor.
2024 yilning 15 iyun sanasi Isroil uchun eng qonli kunlarning biri boʻldi. Gap shundaki, yana 8 nafar isroillik halok boʻlganlar roʻyxatiga qoʻshildi.
Isroil rasmiylari tomonidan berilgan ma'lumotga koʻra, voqeaga muhandislik kuchlariga tegishli “Namer” zirhli transport vositasining HAMAS jangchilari tomonidan oʻqqa tutilishi sabab boʻlgan. Bu texnika ichidagi portlovchi materiallar bilan ikkilamchi portlashni keltirib chiqargan.

Isroilning Namer ogʻir zihrli transport vositasi
Foto: Military Minds
“Doʻstona oʻt ochish”
Isroil tomoni anklav hududidagi janglarda bergan talafotlarning taxminan 20 foiziga Falastin qarshilik kuchlari javobgar emas. Ya'ni Gʻazoda oʻlgan har besh isroillikning biri “doʻstona otishma” yoxud “baxtsiz hodisalar” qurboni boʻlgan. Harbiy ekspertlarning ta'kidlashicha, bunday holatlar asosan aloqa va kommunikatsiya tizimidagi muammolar, boshqacha aytganda, oʻzaro muvofiqlik yoʻqligi ortidan vujudga keladi. 2024 yilning dastlabki kunlarida yuz bergan holat bunga koʻplab misollardan biridir.
Gap shundaki, Isroil kuchlari HAMAS tunnellarini yoʻq qilish uchun portlovchi moslama oʻrnatdi. Biroq portlash uchun belgilangan vaqt kelishidan yarim soat oldin tank ekipajlaridan biri yaqin atrofdagi binoga oʻt ochdi. Bu esa detonatorni faollashtirib, hali xavfsiz masofaga ketib ulgurmagan 6 nafar isroillikni tunnel bilan birga portlatib yubordi.

Agar rasmiylarga tayanilsa, mojaro boshlanganidan beri 840 nafar isroillik askar va 69 nafar politsiya zobiti halok boʻlgan. Ularning 405 nafari Gʻazoga quruqlik bosqini vaqtida oʻldirilgan. Biroq masalaning iqtisodiy aspekti ham bor.
Eng qimmat urush
Qonli mojaro boshlanganidan bir yil oʻtib, Isroil moliya vaziri Bezazil Smotrich mazkur urush tarixda eng qimmati boʻlganini aytdi. Unga koʻra, mojaro 66 milliard dollarga tushgan. Bu yahudiy davlati YaIM koʻrsatkichining 10-15 foiziga teng. Biroq zarar koʻlami harbiy xarajatlar bilan cheklanmaydi.
7 oktyabr voqealaridan soʻng Isroil mudofaa vazirligi 350 ming zaxiradagi askarni, boshqacha aytganda, mehnatga layoqatli aholining qariyb 10 foizini armiyaga chaqirib oldi. Bundan tashqari, Gʻazo va Livan bilan chegarada yashovchi yuz mingdan ortiq aholi uylaridan koʻchirildi.

7 oktyabr voqealaridan soʻng Sderot "arvoh shahar"ga aylandi
Foto: Ibroniy nashrlar
Qolaversa, Gʻazo va Gʻarbiy Sohildan kelib, Isroil qurilish sektorida mehnat qilgan falastinliklar chiqarib yuborildi. Bularning bari urush bevosita keltirib chiqargan stresslar bilan qoʻshilib, mamlakat yalpi ichki mahsulotining 20 foizgacha qisqarishiga sabab boʻldi.
Ammo Isroil bergan eng ogʻir talafot moddiy, hatto insoniy koʻlam bilan oʻlchanmaydi. Yahudiy davlati tarixda eng yaxshi hujjatlashtirilgan va jonli yoritilgan genotsid me'mori sifatida nom qozondi. Bu Gʻazodagi voqealarni ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatgan yuz millionlab insonlar qalbida unga nisbatan nafratni avj oldirdi.
AQShning etakchi oliygohlarida boshlanib, “Talabalar bahori” nomini olgan harakat qaror qabul qiluvchilarning yangi avlodi kim tomondaligini koʻrsatib beradi.

Kolumbiya universitetida talabalar Falastin xalqiga hamdardlik izhor qilib, lager tashkil etishdi.
Foto: Stefan Jeremiah/ AP
Boʻlajak siyosatchilar, ilmiy va ijtimoiy doiraning shakllanib kelayotgan a'zolari Falastinga bildirgan qoʻllovi uchun politsiyadan egan kaltaklarini unutmaydi. Buning nomi esa strategik magʻlubiyat deyiladi.
Gʻazo SektoriIsroil ArmiyasiFalastin QaygʻusiTinchlik MuzokaralariQonli MojaroYaqin Sharq O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing