21:43 / 30.01.2025
39

Meta kompaniyasi Trampning akkauntlarini bloklagani uchun unga 25 mln dollar toʻlaydi

Meta kompaniyasi Trampning akkauntlarini bloklagani uchun unga 25 mln dollar toʻlaydi
Foto: AP
Meta korporatsiyasi AQSh prezidenti Donald Tramp bilan sud nizosini hal qilish uchun 25 million dollar toʻlashga rozi boʻldi.

Nizo 2021 yil 6 yanvardagi Kapitoliyga hujumdan soʻng Trampning Facebook va Instagram ijtimoiy tarmoqlaridagi akkauntlari bloklangani sababli yuzaga kelgan.

The Wall Street Journal'ning xabar qilishicha, kelishuv shartlariga binoan 22 million dollar prezident kutubxonasi jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi, qolgan mablagʻ esa sud xarajatlarini qoplashga sarflanadi. Nashrning ta'kidlashicha, korporatsiya oʻz aybini oshkora tan olmayapti.

Amerika OAVlariga koʻra, kompaniya rahbari Mark Tsukerberg soʻnggi paytlarda oʻz korporatsiyasini yangi ma'muriyat tomonidan boʻlishi mumkin boʻlgan tazyiqdan himoya qilish maqsadida Tramp bilan munosabatlarni yaxshilashga urinmoqda. Meta avvalroq Vashington konservatorlari tomonidan demokratlar foydasiga noxolislikda ayblangan va ularning tanqidiga duchor boʻlgan.

Joriy yilning 29 yanvar kuni investorlar bilan suhbat paytida Meta asoschisi Tramp ma'muriyatiga Amerika texnologiya kompaniyalarini qoʻllab-quvvatlagani va “qadriyatlarni himoya qilgani” uchun minnatdorchilik bildirgan. Milliarder soʻzlariga qoʻshimcha qilib “bu yil hukumatlar bilan munosabatlarni qayta koʻrib chiqish uchun muhim yil boʻlishi”ni ta'kidlagan.

2024 yil dekabr oyida Meta, shuningdek, Trampning inauguratsiya fondiga 1 million dollar yoʻnaltirgan. WSJ ushbu xayr-ehsonni “Tsukerberg va uning kompaniyasining oʻtmishdagi amaliyotidan chekinish” deb atagan.

2024 yilning noyabr oyida ham Tsukerberg Trampning Floridadagi Mar-a-Lagodagi uyiga tashrif buyurib, boʻlajak prezident bilan munosabatlarni yoʻlga qoʻyishga harakat qilgan. Ayrim ma'lumotlarga koʻra, kechki ovqat paytida Tramp sud jarayoni mavzusiga toʻxtalib, uni hal qilishga urinib koʻrishni taklif qilgan. Bu taklif tomonlar oʻrtasida ikki oylik muzokaralarning boshlanishiga turtki boʻlgan.

Trampning Facebook, Instagram, Twitter (X) va YouTube'dagi akkauntlari 2021 yil boshida bloklangan, oʻsha yilning iyul oyida u ijtimoiy tarmoqlar rahbariyatini sudga bergan. Twitter'ga qarshi ayblovlar rad etilgan, YouTube'ga egalik qiluvchi Google korporatsiyasiga qarshi da'vo ishi esa 2023 yilda yopilgan.

Siyosatchining Twitter akkaunti 2022 yilda, boshqa ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlari esa 2023 yilda tiklangan. 2022 yil fevral oyida bloklash tufayli Tramp oʻzining Truth Social ijtimoiy tarmogʻini ishga tushirgan.

2021 yil yanvar oyida Kapitoliyga hujum

Prezidentlik saylovlarida magʻlub boʻlgan Donald Tramp tarafdorlari 2021 yil 6 yanvar kuni ovoz berish natijalarini tasdiqlash vaqtida Kongress binosi oldida gʻalayon koʻtardi. Namoyishchilar binoga bostirib kirdi, Kongressdagi muhokamalar bir necha soatga toʻxtatildi va qonun chiqaruvchilar evakuatsiya qilindi. Politsiya hujum ishtirokchilariga qarshi koʻzdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan, AQSh Milliy gvardiyasi Vashingtonga etib kelgan.

Norozilik paytida besh kishi halok boʻlgan, 50 ga yaqin kishi qoʻlga olingan, ularning ba'zilariga ayblov e'lon qilindi. Hujumning yuzlab ishtirokchilari turli muddatlarga qamoq jazosiga hukm qilingan. Tergovchilar fikricha, namoyishning asosiy ishtirokchilari Proud Boys va Oath Keepers tashkilotlari boʻlgan.

Kapitoliyga bostirib kirish ishida jami 1 230 dan ortiq kishi ishtirok etmoqda, ular orasida Donald Tramp ham boʻlgan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo