Rossiyada erkakning ko‘z to‘qimasida o‘simlik urug‘i unib chiqdi

Rossiyada erkakning ko‘z to‘qimasida o‘simlik urug‘i unib chiqdi

Rossiyaning Yakutiya hududida shifokorlar 42 yoshli erkakning ko‘zidan unib chiqqan o‘simlik urug‘ini olib tashladi. Uruq erkakning ko‘zida qariyb to‘rt oy davomida qolib ketgan.

Mahalliy nashrlar xabariga ko‘ra, Maksim Slepsov yozda Abiy tumanidagi o‘rmonda bo‘lganida daraxt shoxi ko‘ziga tegib ketgan. Shundan so‘ng ko‘zi qizarib, yallig‘lana boshlagan. Erkak ko‘ziga kirgan yog‘och parchasini olib tashlagan bo‘lsa-da, mayda urug‘ to‘qima ichida qolib ketgan.

Keyingi to‘rt oy davomida uning ko‘zida og‘riq, yallig‘lanish, bosh og‘rig‘i va ko‘z ichi bosimining oshishi kuzatilgan. Nihoyat, u Yakutsk shahridagi Respublika oftalmologiya shifoxonasiga murojaat qilgan.

Tekshiruv jarayonida shifokorlar urug‘ ko‘zning oq qismini qoplab turuvchi yupqa parda ostida unib, ildiz chiqarganini aniqlagan. Oftalmolog Yelizaveta Karpova mahalliy og‘riqsizlantirish ostida uni in’eksiya ignasi yordamida olib tashlagan. Ildizning uzunligi taxminan 3 millimetrga yetgan.

Shifokorning ta’kidlashicha, o‘z vaqtida davolanmaganida bu holat shox pardada yara paydo bo‘lishi va hatto ko‘rish qobiliyatining yo‘qolishiga olib kelishi mumkin edi. Operatsiyadan keyin erkakning ahvoli yaxshilangan, bosh og‘riqlari ham yo‘qolgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar