22:13 / 01.02.2025
132

TikTok ruslar haqorat qilingan qozoqcha qoʻshiqni oʻchirib tashladi

TikTok ruslar haqorat qilingan qozoqcha qoʻshiqni oʻchirib tashladi
Foto: pixabay.com
TikTok ijtimoiy tarmogʻi Qozogʻiston rasmiylarining murojaatidan keyin ruslarga nisbatan haqoratli soʻzlarni oʻz ichiga olgan «You, orislar» qozoqcha qoʻshigʻini oʻchirib tashladi. Bu haqda madaniyat va axborot vazirining oʻrinbosari Evgeniy Kochetov ma'lum qildi.

«2025 yil 27 yanvarda TikTok onlayn platformasi ma'muriyati tomonidan noqonuniy kontentni oʻchirish choralari koʻrildi», — deyiladi xabarda.

Vazirlik qoʻshiq yoki uning parchalarini oʻchirish soʻrovini qator platformalarga yuborgan boʻlib, hisob-kitoblarga koʻra, ushbu qoʻshiq «22 ta chet el internet resursida tarqatilgan»: TikTok’da 12 marta, YouTubeʼda — 8 marta, «VKontakte»da esa 2 marta ulashilgan.

Bundan tashqari, vazirlik Instagramʼdagi QazNews24 satirik akkauntidan qoʻshiq parchasi e'lon qilingan postni oʻchirib tashlashni talab qilgan. Ushbu post sabab yanvar oʻrtalarida sahifa administratori Temirlan Ensebek hibsga olingan edi. Unga qarshi Qozogʻiston Jinoyat kodeksining 174-«ijtimoiy, milliy, irqiy, sinfiy yoki diniy adovatni qoʻzgʻatish» moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Agar u sudda aybdor deb topilsa, 2 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Qozogʻistonda «Satira — jinoyat emas» shiori ostida Ensebekni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan namoyishlar boʻlib oʻtmoqda. Politsiya departamenti uning hibsga olinishi satirik postlarga bogʻliq emasligini bildirgan. «Sabab boshqa joyda — u butun boshli etnik guruh vakillariga nisbatan haqorat sifatida ifodalangan, milliy adovatni qoʻzgʻatuvchi aniq belgilarni oʻz ichiga olgan materialni joylashtirgan», — deyiladi departament izohida.

2024 yil iyul oyida Ensebekning sevgilisi Mariya Kochneva film premerasida qoʻshiqdan parcha ijro etgani uchun 10 kunlik ma'muriy qamoqqa olingan edi.

Orda.kz yozganidek, kompozitsiyaning oʻzi 2000-yillarda yaratilgan, ammo uning muallifi noma'lum. Trek YouTube va VKontakte'ga yuklangan va 2022 yildan keyin u TikTok'da trendga aylandi. Unda nafaqat ruslarga, balki oʻzbeklarga nisbatan ham behayo haqoratlar bor, deya qayd etadi nashr.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo