14:44 / 05.02.2025
122

Shvetsiyadagi maktabda otishma: 10 kishi halok boʻldi (video)

Shvetsiyadagi maktabda otishma: 10 kishi halok boʻldi (video)
Foto: CNN
Shvetsiyaning Erebru shahridagi maktabda sodir boʻlgan otishmada 10 kishi halok boʻldi. Bu haqda politsiya ma'lumotlariga tayanib, CNN xabar berdi.

Qurbonlarning shaxsi hali aniqlanmoqda. Hujum uyushtirgan shaxs oʻz joniga qasd qilgan. Politsiyaning ta'kidlashicha, gumonlanuvchi hech qanday jinoiy guruhlarga aloqador boʻlmagan. U qanday turdagi quroldan foydalangani oshkor etilmagan.

“U yolgʻiz harakat qilgan. Mazkur otishma juda fojiali boʻlib, unda jabrlanganlar koʻp. Bu dahshatli voqea, xuddi qoʻrqinchli tushday”, deydi shahar politsiyasi boshligʻi Roberto Eid Forest.

Foto: AFP
Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristersson jabrlanganlar va ularning oila a'zolariga hamdardlik bildirdi.

“Bugun biz mutlaqo begunoh odamlarga nisbatan shafqatsiz, oʻlimga olib kelgan zoʻravonlikni koʻrdik — bu Shvetsiya tarixidagi eng dahshatli ommaviy otishma”, dedi u.

Mamlakat adliya vaziri Gunnar Shtryommer buni “ta'riflab boʻlmaydigan darajada qaygʻuli fojia” deb atadi.

Erebru aholisi soni boʻyicha Shvetsiyaning oltinchi munitsipaliteti boʻlib, u erda taxminan 125 mingdan ortiq kishi istiqomat qiladi. Hodisa mahalliy vaqt bilan soat 13:00 atrofida yuz bergan. Otishma joyiga politsiya, shifokorlar va qutqaruvchilar yuborilgan, rasmiylar aholini hududdan uzoqroqda boʻlishga chaqirgan. Voqea joyidan olingan kadrlarda oʻnlab qurollangan politsiyachilar, koʻplab tez yordam mashinalari va favqulodda xizmatlar avtomobillarini koʻrish mumkin edi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo