19:35 / 13.02.2025
369

Qirgʻiziston prezidenti Cadir Japarov toʻrt yilda nimalarga erishdi?

Qirgʻiziston prezidenti Cadir Japarov toʻrt yilda nimalarga erishdi?
Cadir Japarov Qirgʻiziston prezidenti lavozimiga kirishganiga toʻrt yil toʻldi. 2021 yil 10 yanvar kuni boʻlib oʻtgan saylovda u elektoratning 79,2 foiz ovozini olib gʻalaba qozongan edi. Qirgʻiziston jamoatchiligi va matbuoti Cadir Japarov oʻtgan toʻrt yil davomida nimalarga erishganini muhokama qilmoqda.

S.Japarov hokimiyatga kelgan paytda mamlakat koronavirus pandemiyasi oqibatlaridan aziyat chekar, xalqaro aloqalar zaiflashib, tashqi qarz hajmi oshib ketgan edi. Shu sabab u iqtisodiyotni mustahkamlash va infratuzilmani rivojlantirishga e'tibor qaratdi.

Parlament boshqaruvidan prezidentlik tizimiga oʻtish, korruptsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash, Qumtor oltin konini davlat tasarrufiga qaytarish S.Japarov amalga oshirgan ilk chora-tadbirlar sirasiga kiradi.

Ma'lumotlarga qaraganda, Qumtor koni xorij kompaniyasi tasarrufida boʻlgan 28 yil mobaynida 420 tonnadan ziyod oltin qazib olingan, respublika esa bundan bir tonnadan koʻproq foyda koʻrgan. Kon davlat ixtiyoriga oʻtgach, umumiy daromad 3,4 milliard dollarga, sof foyda esa 1,2 milliard dollarga etgan.

Korruptsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash doirasida 2024 yilga qadar davlat gʻaznasiga 125 milliard dollar mablagʻ qaytarilgan.

Toʻrt yil ichida 100 dan ziyod korxona, jumladan, oltin qazib olish va avtomobil zavodlari qurilgan, “Qambarota-1” GESi, Xitoy–Qirgʻiston–Oʻzbekiston temir yoʻli qurilishi boshlangan, yuzlab maktab, bogʻcha, shifoxona barpo etilgan, qisqa muddatda ichki aeroportlar faoliyat tiklangan, aviaqatnovlar soni oshirilgan. Masalan, 2021 yilda 109 ta ijtimoiy ob'ekt (59 ta maktab, 12 ta bogʻcha, 11 ta shifoxona, 4 ta madaniyat, 2 ta sport maskani va b.) qurilgan boʻlsa, 2024 yilda 230 ta ijtimoiy ob'ekt (100 ta maktab, 31 ta bogʻcha, 11 ta sogʻliqni saqlash muassasasi, 7 ta madaniyat, 13 ta sport maskani, 12 ta turarjoy va b.) barpo etilgan.

Aholining ijtimoiy himoyasini oshirish yoʻlida ham sezilarli yutuqlarga erishilgan. Masalan, eng kam pensiya miqdori 1800 somdan 6900 somga ortgan. Pensiyaning oʻrtacha miqdori esa 10547 somga etgan.

Tahlilchilar Oʻzbekiston va Tojikiston bilan chegara masalalari hal etilganini ham muhim yutuqlardan biri deb hisoblaydi.

Toʻrt yil ichida S.Japarov mamlakat nufuzini oshirish uchun xorijiy davlatlarga oʻnlab tashriflarni amalga oshirgan. Jumladan, 2024 yil iyul oyida u Xiva shahrida Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi. Ushbu tashrif oʻzbek–qirgʻiz doʻstligi, qardoshligida yangi sahifa ochdi.

Qirgʻiziston matbuotiga koʻra, S.Japarov toʻrt yil ichida eskicha qarashlar, stereotiplarni buzib, yangi boshqaruv poydevorini qoʻyishga muvaffaq boʻldi. U Qirgʻizistonni dunyoning rivojlangan 30 davlati safiga kiritish maqsadini qoʻygan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo