
Foto: Getty Images
Isroil va AQSh Eronning yadroviy intilishlari va Yaqin Sharqdagi “agressiv harakatlari”ga qarshi turmoqchi. Bu haqda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSh Davlat kotibi Marko Rubio bilan uchrashuvdan soʻng ma'lum qildi, deb yozadi Daryo nashri.
Rubio lavozimga kirgandan beri ilk bor Isroilga tashrif buyurdi. Netanyaxuning aytishicha, u bilan bir qator masalalarni muhokama qilgan, “ularning hech biri Erondan muhimroq boʻlmagan”.
Eron “yadro quroliga ega boʻlmasligi kerak”
"Biz oyatullohlarda yadro quroli boʻlmasligi, Eronning mintaqadagi tajovuzkor harakatlari toʻxtatilishi kerakligi haqida kelishdik", dedi Isroil bosh vaziri.
Rubio esa Eron mintaqadagi “har bir terrorchi guruh ortida” turganini, “bu hududni oʻz uyi deb biladigan millionlab odamlar uchun tinchlik va barqarorlikka tahdid solishi”ni ta'kidladi. Netanyaxu “prezident Trampning kuchli rahbarligi ostida“ Isroil Eronga qarshi “ishni yakunlashiga” ishonch bildirdi. Shuningdek, u Trampni “Isroilning Oq uydagi eng katta doʻsti” deb atadi.
Rubio: AQSh Suriya vaziyatini diqqat bilan kuzatib boradi
AQSh davlat kotibi Suriyadagi siyosiy vaziyat haqida fikr bildirar ekan, Bashar Asad tuzumining qulashini “istiqbolli” deb baholadi, biroq shu bilan birga “bir beqarorlashtiruvchi kuchning boshqasi bilan almashtirilishi ijobiy hodisa emasligini” ta'kidlab oʻtdi.
"Bu vaziyatni biz juda sinchkovlik bilan kuzatib boramiz", dedi Rubio.
Oʻz navbatida, Netanyaxu “boshqa dushman kuchlarga”, avvalo Eronni nazarda tutgan holda, Suriyadan “Isroilga qarshi amaliyotlar uchun tayanch nuqtasi” sifatida foydalanishga yoʻl qoʻymasligini aytdi. U Isroil mudofaa qoʻshinlari Suriyadagi nishonlarga “yuzlab zarbalar” berganini eslatib oʻtdi.
Gʻazo sektori boʻyicha “Qoʻshma strategiya”
Bundan tashqari, Netanyaxu Gʻazo sektori boʻyicha ikki davlatning “qoʻshma strategiyasi”ni e'lon qildi.
"Biz Trampning Gʻazo sektori kelajagi haqidagi dadil qarashlarini muhokama qildik va bu qarashni amalga oshirish ustida ishlaymiz", dedi u.
Avvalroq Tramp Gʻazo sektorining barcha aholisini koʻchirish va bu hududni AQSh nazoratiga olish, uni “Yaqin Sharq daryosi”ga aylantirish niyatida ekanini aytgandi.
Marko Rubio esa HAMASni yoʻq qilishga chaqirib, bu tashkilot “harbiy yoki hukumat kuchi sifatida mavjud boʻla olmasligini” ta'kidladi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar