17:38 / 25.02.2025
46

Makron Tramp bilan uchrashuvi natijalari haqida nimalar dedi?

Makron Tramp bilan uchrashuvi natijalari haqida nimalar dedi?
Foto: Reuters
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Fox News telekanaliga bergan intervyusida «yaqin haftalarda» Ukraina va Rossiya oʻrtasida sulh tuzilishi mumkinligiga ishonishini aytdi.

«Avval sulh kerak. Oʻylaymanki, yaqin haftalarda buning imkoni boʻladi. [...] Agar unga rioya qilinmasa, Rossiya bunga jiddiy qaramayotganining eng yaxshi isboti shu boʻladi», — degan Makron.

U soʻzida davom etib, sulh vaqtida uzoq muddatli tinchlik, xavfsizlik kafolatlari, hudud va Ukrainani tiklash boʻyicha muzokaralar olib borish mumkin boʻlishini bildirgan. AQSh nodir metallar boʻyicha shartnoma tuzishi mumkin, bu Makronning fikricha, AQSh Ukraina suverenitetini qoʻllab-quvvatlashining eng yaxshi kafolati boʻladi.

Shu bilan birga, Fransiya prezidenti har qanday tinchlik kelishuvi «Ukrainaning taslim boʻlishi» boʻlmasligi kerakligi, uni xavfsizlik kafolatlari bilan mustahkamlash zarurligini ta'kidladi.

Bunday kafolatlarning ehtimoliy variantlari orasida Makron Kiyevga «kuchli armiya»ga ega boʻlish (kamida 800 ming askar, deya aniqlik kiritdi u) va Ukrainaga Evropa tinchlikparvar kontingentini yuborishga tayyorligini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, ular Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer bilan birgalikda yevropalik harbiylarni «front chizigʻida emas, balki tinchlik shartnomasida kelishilgan alohida joylarda» joylashtirishni nazarda tutuvchi taklifni ishlab chiqmoqda. Ularning ishtiroki, dedi Makron, «AQSh koʻmagida» tinchlikni saqlashga yordam beradi va «bizga boʻlgan jamoaviy ishonch»ni anglatadi.

Makronning aytishicha, u allaqachon oʻz takliflarini Evropaning boshqa 30 davlati rahbari bilan muhokama qilgan va ularning koʻpchiligi Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini ta'minlashda ishtirok etishga tayyor.

Makron Donald Tramp bilan uchrashuvi va Amerika prezidenti bilan qoʻshma matbuot anjumanidan koʻp oʻtmay Fox News telekanaliga intervyu berdi.

Ushbu matbuot anjumanida Tramp, shuningdek, avval sulh tuzish, keyin esa — uzoq muddatli tinchlik oʻrnatishni maqsad qilganini aytdi. Biroq u xavfsizlik kafolatlari haqida gapirmadi.

«Biz tez, ammo moʻrt boʻlmagan [tinchlik] kelishuvini xohlaymiz», — dedi Makron matbuot anjumanida.

Fransiya va AQSh prezidentlari tinchlik kelishuvining bir qismi Ukrainadagi Evropa tinchlikparvar kontingenti boʻlishi kerakligiga kelishib olishgan. Trampning aytishicha, u bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan gaplashib boʻlgan va u Trampning soʻzlariga koʻra, bunga rozi boʻladi.

«Men unga [Putinga] bu savolni ataylab berdim, — dedi Tramp. — Uning bu taklif bilan muammosi yoʻq». Avvalroq Rossiya rasmiylari Ukrainada yevropalik harbiylarni joylashtirish gʻoyasini rad etgan edi.

Fransiya prezidenti Makron — Donald Tramp bilan u Oq uyga qaytganidan keyin uchrashgan ilk yevropalik davlat rahbari boʻldi. Makron ortidan joriy haftada Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer ham Tramp bilan uchrashish uchun Vashingtonga uchishni rejalashtirmoqda.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo