07:21 / 05.03.2025
157

Kanada Tramp boshlagan savdo urushiga javoban Amerika tovarlariga boj joriy etadi

Kanada Tramp boshlagan savdo urushiga javoban Amerika tovarlariga boj joriy etadi
Kanada Donald Tramp tomonidan boshlangan savdo urushiga javoban 155 milliard dollarlik Amerika tovarlariga 25 foizli boj joriy etadi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Jastin Tryudo ma’lum qildi.

Avvaliga bojlar 30 milliard dollarlik tovarlarga, 21 kundan keyin esa qolgan 125 milliard dollarlik tovarga nisbatan qo‘llaniladi. Bundan tashqari, Kanada Jahon savdo tashkilotiga AQSH ustidan shikoyat kiritadi.

«AQSH Kanadaga — yaqin sherigi va ittifoqchisi, do‘stiga qarshi savdo urushini boshladi. Shu bilan birga, ular Vladimir Putinni — yolg‘onchi, qotil diktatorni tinchlantirib, Rossiya bilan ijobiy hamkorlik haqida gapirmoqda», — deydi Tryudo.

Jastin Tryudo kanadaliklar «aqlli va xushmuomala» ekanini, lekin mamlakat va uning fuqarolari farovonligi xavf ostida bo‘lsa, ular «kurashdan chekinmasligini» qo‘shimcha qildi.

«Donald! Hamkorlikdagi sakkiz yildan ortiq faoliyatimiz davomida biz ko‘plab katta ishlarni amalga oshirdik… The Wall Street Journal'ga qo‘shiladigan odatim yo‘q, ammo Donald, ular seni juda aqlli yigit deyayotgan bo‘lishsa ham, bu ahmoqlik», — deydi Kanada bosh vaziri Trampga murojaat qilib.

Tryudoning bayonotidan keyin Donald Tramp TruthSocial ijtimoiy tarmog‘ida quyidagicha izoh qoldirdi: «Iltimos, Kanada gubernatori Tryudoga tushuntiringlar, AQSHga javob bojlari joriy etilishi bilan bizning qayta tariflarimiz yana shuncha summaga oshadi».

AQSHda 4 martdan boshlab Kanada va Meksika tovarlariga nisbatan 25 foizli bojlarni joriy etish tartibi kuchga kirdi. Shuningdek, Xitoydan import qilinadigan mahsulotlarga 10 foizli boj joriy etildi. Tramp o‘zining mazkur qarorini «Meksika, Kanada va Xitoyni noqonuniy immigratsiya hamda zaharli fentanil va boshqa giyohvand moddalarning AQSHga kirib kelishini to‘xtatish borasidagi va’dasini bajarishga majburlash» deya izohlagan.

Amerika bojlari kuchga kirganidan keyin Xitoy ham bunga javob choralari qo‘llanilishini e’lon qildi. Meksika prezidenti Kludiya Sheynbaum AQSHga javob qaytarishga va’da berib, ko‘riladigan choralar bo‘yicha 9 mart kuni batafsil chiqish qilishini aytdi.
Foto: Toronto Star

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo