18:05 / 18.03.2025
618

Ukraina harbiylari Kursk oblastidan chekinish qanday kechgani haqida aytib berishdi

Ukraina harbiylari Kursk oblastidan chekinish qanday kechgani haqida aytib berishdi
BBC Ukraina armiyasining Kursk yo‘nalishidagi amaliyotida ishtirok etgan besh nafar ukrainalik harbiy bilan suhbatlashgan. Harbiylar jurnalistlar bilan ijtimoiy tarmoq va messenjerlar orqali bog‘lanib, kuchli o‘t ochish fonida, yakson etilgan harbiy texnika kolonnalari orasida va Rossiya dronlarining doimiy zarbalari ostida kechgan «halokatli» chekinish haqida gapiradi.

Harbiy xizmatchilarning ismlari xavfsizlik nuqtayi nazaridan o‘zgartirilgan. Materialda 9 martdan 14 martgacha bo‘lgan voqealar haqida so‘z yuritiladi. Harbiylarning ba’zilari Sudja boy berilganidan keyingi «kollaps» haqida gapirgan – bu
Ukraina qo‘shinlari Kursk oblastida yetti oy davomida ushlab turgan eng yirik shahar edi.

RF qurolli kuchlari ukrainlarning Kursk oblastidagi platsdarmini yo‘q qilish bo‘yicha amaliyotning navbatdagi bosqichini 8 mart kuni boshlagandi. 14 martga kelib Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalari katta yo‘qotishlarga uchragan holda platsdarmning katta qismini tark etdi (shu bilan birga, AQSH va Rossiya rasmiylari o‘sha kuni hech qanday dalil keltirmagan holda go‘yoki ukrainalik minglab askarlar qurshovga tushib qolganini aytishgandi).

Front chizig‘iga borish cheklangani sababli, vaziyat haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘lishning iloji yo‘q. Ukrainalik askarlar o‘z ko‘z o‘ngida sodir bo‘lgan voqealarni shunday tasvirlaydi.

Volodimir: «Dronlar tun-u kun hujum qiladi»

9 mart kuni Volodimir BBC'ga telegram orqali xabar yo‘llab, u hali ham «vahima va kollaps» hukm surayotgan Sudjada ekanini yozgan.

«Qo‘shinlar va texnika kolonnalari chiqishga harakat qilmoqda, – deydi u. – Ularning bir qismini Rossiya dronlari yo‘lda yoqib yubormoqda. Kunduzi yo‘lga chiqib bo‘lmaydi».

Odamlar va texnikani tashish uchun Sudja va Ukrainaning Sumi oblastini bog‘lovchi birgina asosiy yo‘l bor edi.

Volodimirning so‘zlariga ko‘ra, bir oy oldin bu yo‘lda nisbatan xavfsiz harakatlanish mumkin edi. 9 martga kelib u «to‘lig‘icha dushman zarbalari nazoratiga o‘tdi – dronlar kecha-yu kunduz parvoz qila boshladi».

«Bir daqiqa ichida ikki-uchta dronni uchratish mumkin. Bu juda ko‘p», – deya tushuntirdi u.

«Bizda butun moddiy-texnik ta’minot birgina Sudja-Sumi trassasi orqali edi, – deydi Volodimir. – Rossiyaliklar uni to‘sib qo‘yishga urinishini hamma bilardi. Ammo bu yana qo‘mondonligimiz uchun kutilmagan holat bo‘lib chiqdi».

Material tayyorlanayotgan mahalda, Rossiya Sudjani qaytarib olishi arafasida, Volodimir Rossiya armiyasi Ukraina qurolli kuchlariga uchta yo‘nalishdan bosim qilayotgani haqida yozgan.

Maksim: «Yakson etilgan texnikalar chekinishni qiyinlashtirdi»

11 martga kelib, Ukraina qo‘shinlari asosiy trassa kesib qo‘yilishiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qildi, deyiladi Maksimning telegram orqali yo‘llagan xabarlarida.

«Bir necha kun oldin biz mudofaa chizig‘ini uyushgan holda tark etish to‘g‘risida buyruq oldik, – deydi u va Rossiya shaharni egallash uchun katta kuchlarni, «jumladan, ko‘p sonli shimoliy koreyalik askarlar»ni jalb etganini qo‘shimcha qiladi.

Harbiy ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Kursk oblastida nazoratni qaytarish uchun Rossiya u yerda 70 minggacha askar, jumladan, 12 mingga yaqin shimoliy koreyalikni jamlagan.

Shuningdek, u «asosiy logistika yo‘nalishlarini zarba nazorati ostiga olish» uchun bu yo‘nalishga uchuvchisiz uchish apparatlari operatorlarining eng yaxshi bo‘linmalari, kamikadze dronlari va FPV-dronlarini yuborgan.

Rossiya qo‘shinlari bu yerda radioelektron kurash tizimlari yordamida ishdan chiqarib bo‘lmaydigan optik tolali dronlardan ham foydalangan.

Maksimning so‘zlariga ko‘ra, buning natijasida «dushman o‘nlab texnikalarni yo‘q qilishga muvaffaq bo‘lgan va ularning qoldiqlari ta’minot yo‘nalishlarida tirbandliklarni hosil qilgan».

Ukraina kolonnasi o‘tgan yilning avgustida Ukrainaning Sumi oblastidan Kursk oblasti tomon harakatlanmoqda
Anton: «Halokatli chekinish»

O‘sha kuni, 11 mart kungi vaziyatni Anton «halokatli» deb atadi. Bu BBC gaplashgan uchinchi askar, u Kursk fronti qo‘mondonligi shtabida xizmat qilgan.

Anton ham muxbirlar e’tiborini Rossiya dronlari keltirgan zararga qaratdi. «Ilgari bizda dronlar bo‘yicha ustunlik bor edi, endi u yo‘q», – dedi u. Anton Rossiya armiyasining boshqa ustunliklari sifatida aniqroq aviazarbalar va askarlar soni ko‘proqligini sanab o‘tgan.

U ta’minot yo‘llari kesib qo‘yilganini ta’kidlagan: «Logistika endi ishlamayapti – qurol-yarog‘, o‘q-dorilar, oziq-ovqat va suvni tashkiliy yetkazib berish endi imkonsiz».

Antonning so‘zlariga ko‘ra, u Sudjadan tunda piyoda chiqib ketishga muvaffaq bo‘lgan: «Biz bir necha bor o‘lim yoqasida qoldik. Osmonda muntazam ravishda dronlar uchib yurardi».

U Ukrainaning Kursk oblastidagi platsdarmi to‘lig‘icha qo‘ldan ketishini prognoz qilgan. «Harbiy nuqtayi nazardan bu yo‘nalish o‘zini tugatdi. Endi uni ushlab turishdan foyda yo‘q».

G‘arb rasmiylarining hisob-kitoblariga ko‘ra, Kursk oblastidagi amaliyotda 12 mingga yaqin ukrainalik harbiy ishtirok etgan. Ular G‘arb qurollari, jumladan, tanklar va zirhli mashinalar bilan jihozlangan eng yaxshi o‘qitilgan bo‘linmalar bo‘lgan.

Rossiyalik «harbiy muxbirlar» ushbu texnikalarning bir qismi yo‘q qilingani yoki o‘lja qilib olingani aks etgan videolarni e’lon qilgan. 13 mart kuni Rossiya Kursk oblastidagi vaziyat «to‘liq nazorat ostida» ekani, Ukraina qurolli kuchlari o‘z texnikasining katta qismini tashlab ketganini ma’lum qildi.

Dmitro: «O‘limga bir qadam»

Nashrning to‘rtinchi suhbatdoshi, harbiy Dmitro 11–12 mart kungi xabarlarida Kursk oblastidan chekinishni qo‘rqinchli filmdagi sahnaga o‘xshatgan: «Yo‘llar yakson etilgan yuzlab mashinalar, zirhli texnikalar va motorli transport vositalariga to‘la. Yaradorlar va halok bo‘lganlar juda ko‘p».

Ko‘p hollarda transport vositalarini behisob dronlar ta’qib qilardi.

Dmitro o‘zi ketayotgan mashina loyga botib qolganida qanday qilib qutulib qolganini so‘zlab berdi. U va quroldoshlari avtomobilni itarib chiqarmoqchi bo‘lganida, ularga FPV-droni hamla qilgan.

Dron mashinaga tegmagan, biroq harbiylardan birini jarohatlagan. Dmitroning so‘zlariga ko‘ra, ular yordam kelguncha ikki soat davomida o‘rmonda yashirinishga majbur bo‘lishgan.

Uning aytishicha, ko‘pchilik piyoda chekingan: «Yigitlar 15-20 km masofani bosib o‘tishdi».

Harbiyning so‘zlariga ko‘ra, vaziyat «murakkab va kritik holatdan halokatli holat»ga aylangan.

14 martdagi xabarida Dmitro shunday qo‘shimcha qiladi: «Kursk oblastida barchasi tugadi... Operatsiya muvaffaqiyatsiz yakunlandi».

Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2024 yil avgust oyida Ukraina qurolli kuchlari chegarani kesib o‘tganidan beri Kursk oblastida minglab ukrainalik askarlar halok bo‘lgan.

Rossiyalik harbiy Sudjada. 2025 yil, 15 mart
Stanislav Krasilnikov / RIA Novosti / Sputnik / Profimedia

Artyom: «Biz sherdek olishdik»

Nashr muloqotda bo‘lgan beshinchi askar vaziyatni unchalik pessimistik baholamaydi.

13 mart kuni Artyom harbiy hospitaldan xabar yuborgan, bu yerda u dron hujumi natijasida olingan jarohatlardan davolanayotgan edi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u Sudjadan g‘arbdagi Loknya posyolkasi hududida jang qilgan, u yerda Ukraina qo‘shinlari qattiq qarshilik ko‘rsatgan va «sherlar kabi olishgan».

Artyomning fikricha, amaliyot qisman muvaffaqiyatli o‘tgan.

«Muhimi, hozirda Ukraina qurolli kuchlari bufer zonani yaratdi, buning natijasida rossiyaliklar Sumiga kira olmayapti», – deydi u.

Sudja. 2025 yil 14 mart
Sergey Bobilev / RIA Novosti / Sputnik / Profimedia

Ukraina amaliyoti bilan endi nima bo‘ladi?

Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy qo‘shinlar «qulayroq pozitsiyalarga chekingani», Kursk oblasti hududida qolayotgani va hududlarni «maqsadga muvofiq va zarur bo‘lguncha» ushlab turishini ta’kidlagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, amaliyot davomida Rossiya armiyasi halok bo‘lgan, yaralangan va asirga olinganlar bilan qo‘shib hisoblaganda 50 mingdan ortiq kishini yo‘qotgan.

Ammo hozirgi vaziyat o‘tgan yilning avgust oyidagidan ancha farq qiladi. Harbiy tahlilchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, dastlabki bosqichda qo‘lga kiritilgan 1000 kilometr kvadrat maydonning uchdan ikki qismi mart oyigacha bo‘lgan vaqt davomida boy berib bo‘lingandi.

Ukraina Kursk oblastida egallab olingan hududlarni o‘zinikiga almashtirishga muvaffaq bo‘lishiga umid yo‘q.

O‘tgan hafta Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kursk operatsiyasi, uning fikricha, Rossiyani sharqdan qo‘shinlarini olib chiqib ketishga va Pokrovsk yo‘nalishidagi bosimni susaytirishga majbur qilib, «o‘z vazifasini bajargani»ni aytgandi.

Lekin bu qanday qurbonliklar evaziga bo‘lgani hozircha noma’lum.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo