date 19:54 / 06.04.2025
views 674

Eron AQSH tahdidlari fonida armiyani yuqori jangovar shay holatga keltirdi

Eron AQSH tahdidlari fonida armiyani yuqori jangovar shay holatga keltirdi
Eron Islom Respublikasi oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy mamlakat armiyasini yuqori jangovar shay holatga keltirishga ko‘rsatma berdi. Reuters agentligi diplomatik manbalarga tayangan holda xabar berishicha, mazkur qaror AQSHning ehtimoliy harbiy operatsiyasi haqidagi xabarlar ortidan qabul qilingan.

AQSH bilan keskinlashuv fonida

Ma’lum bo‘lishicha, Eron Iroq, Kuvayt, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Turkiya va Bahrayn kabi mintaqadagi davlatlarni AQSHga o‘z hududidan zarba berishga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirgan. Agar bu davlatlar AQSHga o‘z yerlarini harbiy operatsiyalar uchun taqdim etsa, Tehron buni “dushmanlik akti” sifatida baholashi va harbiy yo‘l bilan javob qaytarishi mumkinligini bildirgan.

Eronning yuqori lavozimli rasmiysi ta’kidlashicha, bunday holat “jiddiy oqibatlarga” olib kelishi mumkin. Bu ritorika Eron va AQSH o‘rtasidagi keskin munosabatlarni yanada shiddatlashtirmoqda.

Trampning "oxirgi ogohlantirish"i

AQSH prezidenti Donald Tramp mart oyi boshida Ali Xomanaiyga shaxsiy maktub yo‘llab, Eronni yadroviy kelishuv yuzasidan muzokaralarga chorlagan va bu ish uchun ikki oy muhlat bergan. Maktub mazmuni Isroil, Saudiya Arabistoni va BAA kabi Vashingtonning asosiy ittifoqchilariga ham ma’lum qilingan.

Bunga javoban Ali Xomanaiy Trampning taklifini "aldov" deb atagan, Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon esa 30 mart kuni AQSH bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralardan bosh tortgan. Tehron yadroviy dastur bo‘yicha muloqotlar faqat uchinchi davlatlar vositachiligida amalga oshirilishi mumkinligini ta’kidlagan.

Raketalar tayyor holatda

Shu fonda Eron o‘z raketalari va mudofaa tizimlarini jangovar shay holatga keltirdi. Manbalarga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab tarqalgan yerosti raketalari uchirish majmualari yuqori darajada tayyorgarlikka keltirilgan. Ushbu inshootlar havo hujumlariga chidamli tarzda qurilgan va harbiy amallar yuz bersa, zudlik bilan javob zarbasi berish imkoniyatiga ega.

Oyatulloh Ali Xomanaiy esa o‘z chiqishida AQSHning tashqaridan zarba berishi ehtimoli pastligini aytdi. “Yovuzlik tashqaridan amalga oshirilishi dargumon. Ammo agar u sodir bo‘lsa, ular shubhasiz qattiq javob oladi”, dedi u.

AQSH va Eron o‘rtasidagi so‘nggi diplomatik va harbiy keskinlik Markaziy Sharqda yangi beqarorlik xavfini yuzaga keltirmoqda. Ta’kidlash joizki, har ikki tomon hozircha to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvdan tiyilib kelmoqda, biroq ritorika va harbiy tayyorgarlik darajasi ortib bormoqda. Muzokaralar uchun eshiklar bilvosita ochiq qolgan bo‘lsa-da, vaziyat tezda keskinlashishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo