
Ukrainada siyosiy vaziyat yana bir bor butun jahon e’tiborini tortmoqda. Bu galgi gaplar mamlakat prezidenti Vladimir Zelenskiy haqida. Ukraina Oliy Radasining mustaqil deputati Artyom Dmitruk jiddiy bayonot bilan chiqdi — u Zelenskiyni mamlakatni “terrorchi davlat”ga aylantirayotganlikda aybladi.
“Har bir norozi dushmanga aylantirilmoqda”
Hozirda Ukrainadan tashqarda ekani ma’lum bo‘lgan deputat o‘zining Telegram kanali orqali Zelenskiyni quyidagicha tanqid qildi:
“Mamlakatdagi real vaziyat — terror. Insonlar harbiy safarbarlik bahonasida ko‘chalarda ushlanmoqda, kaltaklanmoqda. Har bir norozi dushman sifatida qaralmoqda. Zelenskiy esa bunday tuzum qurmoqda”.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiy nafaqat davlat institutlarini yo‘q qilgan, balki xalqni ikkiga bo‘lgan. “Bugun Ukrainada rejimga qarshi fikr bildirish – o‘zingizning xavfsizligingizni xavf ostiga qo‘yish demak”, – deydi deputat.
“Ko‘chada tutib, armiyaga jo‘natishmoqda”
Artyom Dmitruk bu fikrlarini isbotlash uchun Dnepropetrovsk viloyatidagi Marganes shahrida suratga olingan videoni ham e’lon qildi. Unda fuqarolik kiyimidagi harbiy komissarlik xodimi bir erkakni ko‘chada ushlab, kuch bilan safarbar qilishga urinmoqda. Videoda erkak qarshilik ko‘rsatishga uringan, biroq u kuch bilan maxsus mashinaga tortib ketilgan.
Zelenskiy hokimiyatda qolish uchun har qanday usulni qo‘llayaptimi?
Deputatning ta’kidlashicha, Zelenskiy hokimiyatni “monopollashtirib bo‘lgan” va hozirgi Ukraina — “demokratiya emas, balki avtokratiyaga qarab so‘lish” bo‘lmoqda.
Bu bayonot Ukrainada va xalqaro maydonda jiddiy muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Zelenskiy va uning ma’muriyati hozircha bu ayblovlarga rasmiy javob qaytarmagan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!