
AQSH prezidenti Donald Tramp Vashington va Tehron o‘rtasidagi yadroviy masala bo‘yicha muzokaralar samarali kechganini ma’lum qildi. Ammo muzokaralar yakunlari qanday bo‘lishi haqida biror aniq ma’lumot berishga hali erta ekanligini ham ta’kidladi.
«Biz Eron masalasida juda samarali va ijobiy uchrashuvlar o‘tkazdik. Ko‘ramiz, bu muzokaralar nimalarga olib keladi. Kelgusi qadamlar uchun bizga hali vaqt kerak, ammo uchrashuvlarning natijalari umidbaxsh», — dedi Tramp jurnalistlarga bergan intervyusida.
Shu bilan bir vaqtda Eron prezidenti ma’muriyati Vashington bilan muzokaralarni davom ettirishga tayyorligini, lekin bu jarayon milliy manfaatlarga to‘liq mos kelishi kerakligini bildirdi.
«Agar AQSH biz bilan teng huquqli va adolatli shartlar asosida kelishuvga tayyor bo‘lmasa, biz o‘z yo‘limizni davom ettirishdan boshqa chora topmaymiz», — deyiladi Eron prezidenti ofisining bayonotida.
Ma’lumki, 19 aprel kuni Rim shahrida AQSH va Eron delegatsiyalari Tehronning yadroviy dasturi bo‘yicha yuzaga kelgan vaziyatni tartibga solishga qaratilgan muzokaralarning ikkinchi bosqichini o‘tkazdi. Bu uchrashuvda yadroviy energiyadan tinch maqsadlarda foydalanish masalasi ham muhokama qilingan.
Avvalroq AQSH tomoni Tehronga o‘zining yuqori darajada boyitilgan uranini Rossiya kabi uchinchi mamlakatga topshirishni taklif qilgani haqida xabar berilgan edi.
Xalqaro jamoatchilik AQSH va Eron o‘rtasidagi ushbu muzokaralarni diqqat bilan kuzatmoqda. Ularning natijalari yadroviy masala atrofidagi keskinlikni pasaytirishga yordam berishi mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar