date
views 148

Tramp yana Yaqin Sharqqa yo‘l oladi: birinchi manzil Saudiya Arabistoni bo‘ladi

Tramp yana Yaqin Sharqqa yo‘l oladi: birinchi manzil Saudiya Arabistoni bo‘ladi
AQSH prezidenti Donald Tramp 13–16 may kunlari Saudiya Arabistoni, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklariga (BAA) tashrif buyurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt rasman ma’lum qildi.

Tramp avvalroq 1 aprel kuni bergan bayonotida birinchi navbatda Saudiya Arabistoniga borish ehtimolini tasdiqlagan edi. Shuningdek, bu safar doirasida u Qatar va BAA kabi boshqa Yaqin Sharq davlatlariga ham tashrif buyurishni rejalashtirganini bildirgandi.

Donald Trampning prezidentlik lavozimiga qaytganidan so‘ng ilk xorijiy tashrifini aynan Saudiya Arabistonidan boshlashi AQSHning Fors ko‘rfazi davlatlari bilan munosabatlari yanada mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi. Bu mamlakatlar bilan iqtisodiy hamkorlik, savdo-sotiq va sarmoyalarni kengaytirish masalalari kun tartibida birinchi o‘ringa chiqmoqda.

E’tiborlisi, Donald Tramp oldingi prezidentlik muddatida ham o‘zining xorijiy tashriflarini aynan Saudiya Arabistonidan boshlagan edi. O‘sha vaqtda Saudiya qirolligi AQSHdan jami 450 milliard dollarlik mahsulotlarni sotib olishga rozilik bergan.

Endi kuzatuvchilar va mutaxassislar Trampning bu galgi tashrifidan keyin ikki tomonlama munosabatlar, xususan iqtisodiy hamkorlik qanday yangi darajaga ko‘tarilishini qiziqish bilan kuzatmoqda.

Tramp Yaqin Sharq davlatlariga tashrif buyuradi: kun tartibida nimalar bor?
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp yana Yaqin Sharqqa yo‘l oladi: birinchi manzil Saudiya Arabistoni bo‘ladi