date
views 242

Isroil nega Rim papasi Fransisk o‘limiga ta’ziya bildirib, keyin uni o‘chirdi?

Isroil nega Rim papasi Fransisk o‘limiga ta’ziya bildirib, keyin uni o‘chirdi?
Yaqinda vafot etgan katoliklar yetakchisi – Rim papasi Fransisk haqida butun dunyodagi siyosiy doiralar tomonidan bildirilayotgan ta’ziyalar oqimi davom etmoqda. Lekin shu kunlarda Isroil tashqi ishlar vazirligining papa Fransisk vafoti yuzasidan bildirgan ta’ziyanomasini ijtimoiy tarmoqlardan olib tashlashi ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik e’tiborini o‘ziga tortdi.

Isroil TIV ta’ziyanoma bitigida papaning Quddusdagi muqaddas Yig‘i devorida ibodat qilayotgan suratni ham ilova qilib, uni o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifalariga joylashtirgandi. Lekin bu xabar tez orada o‘chirib tashlandi. Isroil TIV vakili esa bu holatga "xato bilan" izoh berdi va quyidagicha bayonot berdi:

«Bu tvit va postlar xatolik bilan chiqarilgan. Biz papaning hayotligida Isroilga va G‘azo sektoridan olib borilgan urush borasidagi bayonotlariga kerakli munosabat bildirganmiz. Hozir esa uning vafotidan keyin bunday qilish niyatimiz yo‘q», – dedi Isroil tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili.

Shu o‘rinda qayd etish lozimki, papa Fransisk hayoti davomida Falastin-Isroil nizosida tinchlik tarafdori bo‘lib, urushni keskin qoralab chiqqan. Xususan, u Isroil armiyasining G‘azoda tinch aholi, ayniqsa, maktablardagi bolalar va qurolsiz nasroniylarga qilingan hujumlarini qattiq tanqid qilgan.

2023 yil 7 oktyabrdan boshlab G‘azo sektorini bombaga tutgan Isroilning bu hujumlari natijasida 51 mingdan ziyod falastinlik qurbon bo‘lgan. Papa Fransisk ushbu voqealarni bir necha bor keskin tanqid qilgani, tahlilchilar fikricha, Isroil hukumatining papaga nisbatan sovuq munosabatiga sabab bo‘lgan.

Isroilda papaning vafoti yuzasidan hozircha faqat prezident Itsxak Gersoggina ta’ziya bildirgan bo‘lsa-da, bosh vazir Binyamin Netanyahu va tashqi ishlar vaziri Gideon Saar bu voqeaga sukut saqlamoqda.

Isroilning Vatikandagi sobiq elchisi Rafael Shyuts esa hukumatning bunday munosabatini tanqid qilib, buni «xato qaror» deb atadi.

«Mening nazarimda, bu juda katta xato. Kimdir vafot etganidan keyin bunaqa hisob-kitob qilish bizga to‘g‘ri kelmaydi. Axir bu shunchaki bir davlat rahbari emas, balki insoniyatning beshdan bir qismi, bir milliarddan ziyod odamning ma’naviy yetakchisi haqida so‘z ketmoqda», – dedi sobiq diplomat.

Eslatib o‘tamiz, dunyo katoliklari rahbari Papa Fransisk 21 aprel kuni 88 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Uning dafn marosimi esa 26 aprel kuni bo‘lib o‘tadi.

Hozircha Isroil hukumati ushbu vaziyat yuzasidan boshqa qo‘shimcha bayonot bermagan. Mazkur voqea esa xalqaro hamjamiyatda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Isroil nega Rim papasi Fransisk o‘limiga ta’ziya bildirib, keyin uni o‘chirdi?