date
views 55

Keniyada katta siyosiy mojaro: Prezident Ruto rossiyalik oligarx bilan hamkorlikda ayblanmoqda

Keniyada katta siyosiy mojaro: Prezident Ruto rossiyalik oligarx bilan hamkorlikda ayblanmoqda
Keniyada prezident Uilyam Ruto boshlagan daraxt ekish dasturi atrofida katta janjal avj olmoqda. Mamlakatning ikki nafar yuqori martabali sobiq amaldori Rutoni rossiyalik oligarxlarning pullarini yuvishda ishtirok etishda ayblab chiqdi.

Gap shundaki, Keniya 2022 yil dekabr oyidan boshlab yirik daraxt ekish dasturini amalga oshiryapti. Bu loyihaga ko‘ra, mamlakat 2032 yilgacha jami 15 milliard tup ko‘chat ekishi lozim. Bu tashabbus Parij bitimiga asosan iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash doirasida qabul qilingan. Lekin hozirda bu rejalar o‘z vaqtida bajarilmayotgani aytilmoqda.

Sobiq vitse-prezident Rigati Gachagua, mazkur dasturning aslida rossiyalik oligarxlarning pullarini “yuvish sxemasi” ekanligini ta’kidladi. U bu borada sobiq jamoat xizmatlari vaziri va sobiq bosh prokuror Jastin Muturining oldinroq bildirgan fikrlarini ham tasdiqladi.

Muturi o‘z bayonotida Rutoni qattiq tanqid qilgan holda, prezident uni 3 milliard tup daraxt ekish bo‘yicha rossiyalik investorlar bilan 1 milliard dollarlik shartnomani davlat g‘aznachiligini chetlab o‘tib imzolashga majburlaganini iddao qildi. Uning fikricha, Ruto “umuman tuzalmaydigan darajada korrupsiyalashgan” va prezident lavozimiga munosib emas.

Shu bilan birga, Keniyada rossiyalik oligarxlarga mablag‘larning bir qismi qaytarib berilishi mumkinligi haqida xavotirlar mavjud.

Muturi o‘zining birinchi marta 2023 yil dekabrda Dubaydagi COP28 iqlim sammitida kuchli bosimga duch kelganini ham aytgan. U hatto aeroportning o‘zidayoq hech qanday hujjatni ko‘rib chiqmasdan shartnomaga imzo qo‘yishga majbur qilinganini bildirmoqda. Ammo tartib qoidalari buzilganini bahona qilib, bundan bosh tortgan.

Mazkur shov-shuvli kelishuvda ishtirokchi bo‘lgan rossiyalik oligarxning nomi ham aniqlanib qolishi mumkin. Mahalliy jurnalist Mvangi Mainaning bildirishicha, ushbu shaxs Rossiyaning “Uralxim” va “Uralkaliy” kompaniyalari egasi Dmitriy Mazepin bo‘lishi ehtimoli katta. Chunki Maina prezidentlik ma’muriyatining rasmiy protokol xodimlari Mazepinning samolyotini kutib olganini aniq qayd etgan va bu tashrifni bevosita daraxt ekish dasturi bilan bog‘lagan.

“Uralkaliy” kompaniyasi Keniyaga uzoq yillardan beri o‘g‘it yetkazib berib keladi. Lekin 2022 yilda Rossiyaga qarshi sanksiyalar natijasida “Uralxim”ga tegishli bo‘lgan 262 ming tonna o‘g‘it Yevropa Ittifoqida qolib ketgan edi. 2023 yil aprelda esa bu o‘g‘itlarning bir qismi Jahon oziq-ovqat dasturi orqali Keniyaga beg‘araz tarzda yetkazilgan.

Prezident Ruto esa 2024 yil iyun oyida daraxt ekish dasturiga kiritiladigan investitsiyalarni pul yuvishga qarshi tekshiruvlardan ozod qilish haqida qaror chiqargan. Mamlakatning o‘zida bu kabi ulkan investitsiyalarni amalga oshirish uchun mablag‘ yetarli emasligi ma’lum. Ammo Ruto ushbu muammoni uglerod kreditlari hisobiga hal qilishni rejalashtirgan va bu kreditlarni “Afrikaning yangi oltin koni” deb atagan.

Uglerod kreditlari atrof-muhitga zararli chiqindilar chiqaruvchi korxonalarga jarima to‘lamasdan faoliyat yuritish imkoniyatini beradi. Ruto aynan shu orqali mamlakatga katta miqdordagi mablag‘larni jalb etishga umid qilgan.

Hozirgi kunda mazkur mojaro Keniyada jamoatchilik tomonidan keskin muhokama qilinmoqda va prezident Ruto uchun jiddiy siyosiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkinligi aytilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Keniyada katta siyosiy mojaro: Prezident Ruto rossiyalik oligarx bilan hamkorlikda ayblanmoqda