
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat uchun eng muhim masalalardan biri hisoblangan Qrim yarimoroli bo‘yicha keskin pozitsiyasini yana bir bor bayon qildi. Unga ko‘ra, Qrim masalasi Rossiya bilan to‘liq va kafolatlangan tarzda o‘t ochish to‘xtatilganidan keyin muhokama qilinadigan mavzudir. Zelenskiyning bu bayonoti AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan taklif qilingan tinchlik rejasiga berilgan javob bo‘ldi.
«Hududlar bilan bog‘liq har qanday masalani ko‘tarish uchun bizda sanksiyalar, diplomatik va iqtisodiy bosim qilish mexanizmlari bor. Lekin buning uchun birinchi navbatda urush to‘liq to‘xtashi kerak. Shundan keyingina biz barcha masalalar haqida gaplashishimiz mumkin bo‘ladi», – dedi Zelenskiy matbuot anjumanida.
Ukraina yetakchisi AQSH prezidenti Donald Tramp bilan bir jihatda to‘liq hamfikr ekanini ta’kidladi: Ukraina ayni paytda Qrimni kuch bilan qaytarib olish uchun yetarli qurol-yarog‘ga ega emas. Biroq, u bu hududlardan voz kechish haqida hech qanday gap bo‘lishi mumkin emasligini qat’iy bildirgan.
«Qrim ham, vaqtincha bosib olingan boshqa hududlar ham – bu Ukrainadir. Konstitutsiyamizda ham aynan shu narsa yozilgan. Bu pozitsiyamiz o‘zgarmas va aniq. Bizning bu fikrimizni jahon hamjamiyatining katta qismi qo‘llab-quvvatlaydi. Hatto Rossiya bilan Ukraina o‘rtasida neytrallik saqlashga harakat qiluvchi mamlakatlar ham bizning hududiy yaxlitligimizni tan oladi», – deya tushuntirdi Zelenskiy.
Eslatib o‘tamiz, 17 aprel kuni AQSH ma’muriyati tomonidan Ukraina delegatsiyasiga Donald Tramp tomonidan ishlab chiqilgan tinchlik rejasi taqdim etilgandi. Bu hujjat AQSHning diplomatik vositachilik qilish bo‘yicha «so‘nggi taklifi» hisoblanadi va uning eng bahsli bandlaridan biri – Qrim ustidan Rossiya nazoratini tan olish masalasidir.
AQSH rejasiga ko‘ra, Ukraina agar bu taklifni rad etsa, AQSH Kiyev va Moskva o‘rtasidagi vositachilikdan voz kechishi mumkinligi aytilgan. Tramp esa, o‘z navbatida, Zelenskiyning «Qrim Ukraina xalqining yeridir» degan bayonotini keskin tanqid qilib, bu fikr tinchlik muzokaralariga zarar yetkazishi mumkinligini ta’kidlagan.
Zelenskiy mazkur tanqidlarga javob berib, Ukraina har doim o‘z Konstitutsiyasiga va xalqining xohish-irodasiga muvofiq harakat qilishini, xalqaro hamkorlar, ayniqsa AQSH, ham Ukraina hududiy yaxlitligini himoya qilishda qat’iy qarorlar qabul qilishiga ishonishini bildirdi.
Shu bilan birga, Zelenskiy Ukraina har qanday formatda, har qanday vaqtda va har qanday davlat bilan muloqotga tayyor ekanini yana bir bor ta’kidladi. Lekin bu muzokaralarda hech qachon Ukraina hududlarining qaysi biri Rossiyaga tegishli ekanligi haqida gap bo‘lmasligini ma’lum qildi.
Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi muzokaralar kelgusi haftalarda xalqaro hamjamiyat e’tiborida bo‘lishi kutilmoqda. Zelenskiyning qat’iy bayonoti esa Ukraina pozitsiyasi o‘zgarmasligidan dalolat beradi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar