Hindiston Fransiyadan 26 ta Rafale qiruvchi samolyotlarini sotib olmoqda

Hindiston Fransiyadan 26 ta Rafale qiruvchi samolyotlarini sotib olmoqda
Hindiston Mudofaa vazirligi o‘zining rasmiy veb-sahifasida xabar berishicha, mamlakat mudofaa vaziri Rajnat Singx va Fransiya mudofaa vaziri Sebastyan Lekornyu o‘rtasida muhim harbiy kelishuvga imzo chekilgan.

Bu shartnoma doirasida Hindiston harbiy-havo kuchlari 26 ta Dassault Rafale rusumli qiruvchi samolyotlarini qabul qilib oladi. Ularning umumiy qiymati taxminan 640 milliard rupiyni (6,58 milliard yevro) tashkil etadi.

Shartnoma bo‘yicha Hindistonga 22 ta Rafale-M rusumli dengiz aviatsiyasi uchun mo‘ljallangan jangovar samolyot, shuningdek, 4 ta Rafale-D turidagi o‘quv-mashg‘ulot samolyotlari yetkazib beriladi. Samolyotlarning yetkazib berilishi 2030 yilga qadar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Qolaversa, kelishuv shartlari asosida Hindiston hududida Rafale samolyotlarining fyuzelyajlari ishlab chiqarilishi, shuningdek, dvigatellar, datchiklar va qurol-yarog‘larga texnik xizmat ko‘rsatish, ta’mirlash va kapital ta’mirlashga mo‘ljallangan maxsus inshootlar tashkil etiladi.

Ma’lumot uchun, Rafale-M qiruvchi samolyotlari aviatashuvchi kemalarga asoslangan bo‘lib, ular Hindistonning yangi INS Vikrant aviatashuvchi kemasiga joylashtirilishi kutilmoqda. Ushbu samolyotlarning dengiz versiyasini qabul qilish Hindiston harbiy-havo va dengiz aviatsiyasi imkoniyatlarini, shuningdek, harbiy kuchlar logistikasini yanada oshirishi aytilmoqda.

Hozirgi vaqtda Hindiston harbiy kuchlarida 28 ta Rafale EH va 8 ta Rafale DH samolyotlari mavjud. Mazkur yangi kelishuv mamlakatning mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlanmoqda.

Shu bilan birga, Hindiston 2009 yildan buyon Rossiyaning MiG-29K/KUB qiruvchi samolyotlaridan ham foydalanib keladi. Bugungi kunda mamlakatda ushbu rusumdagi 42 ta samolyot bor, biroq ularning taxminan yarmi zaxira holatida ekani ma’lum qilingan edi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar