date
views 30

Rossiya armiyasining Ukrainadagi yo‘qotishlari bir millionga yaqinlashmoqda

Rossiya armiyasining Ukrainadagi yo‘qotishlari bir millionga yaqinlashmoqda
Rossiya qurolli kuchlarining Ukrainadagi harbiy harakatlari natijasidagi jonli kuch yo‘qotishlari juda yuqori raqamlarga yetdi. Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi harbiy razvedkasining so‘nggi hisob-kitoblariga ko‘ra, 2022 yil fevral oyida boshlangan harbiy mojaroda Rossiya armiyasining umumiy yo‘qotishlari 950 ming kishiga yetgan. Bu raqamlarga o‘lganlar va yaradorlar ham kiradi.

Vazirlik hisobotida keltirilishicha, 2025 yilning dastlabki to‘rt oyida Rossiya armiyasining yo‘qotishlari taxminan 160 ming kishini tashkil etgan. Agar shu sur’at yil oxirigacha davom etsa, bu Rossiya uchun jonli kuch bo‘yicha eng katta yo‘qotishli yil bo‘lishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.

Britaniya mudofaa vazirligi shuni ham eslatib o‘tdiki, 2025 yilda kunlik yo‘qotishlar darajasining yuqori bo‘lishiga qaramay, Rossiya Ukraina hududining sezilarli qismini nazorat ostiga olishga muvaffaq bo‘la olmagan. Aprel oyida Rossiya armiyasining kunlik yo‘qotishlari o‘rtacha 1200 nafarga yetgan bo‘lsa, mart oyida bu ko‘rsatkich 1300 nafarni tashkil etgan edi.

Bundan avvalroq Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya qurolli kuchlarining urush boshlanganidan buyongi yo‘qotishlari 800 ming kishiga yaqin deb baholangan edi. Shu bilan birga, har oyda Rossiya armiyasiga 30-40 ming nafar yangi askar qabul qilinayotgani, bunda katta bonuslar va kuchli harbiy targ‘ibot ta’sir ko‘rsatayotgani aytilib o‘tilgan.

Forbes nashri esa qiziqarli tahlil taqdim etgan. Ular keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya hozirgi sur’at bilan Ukraina hududining qolgan 81 foizini bosib olishi uchun kamida 230 yil kerak bo‘ladi. Bu davr mobaynida taxminan 101 million rossiyalik askarning halok bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

Shunday qilib, harbiy tahlilchilar ta’kidlashicha, ushbu yo‘qotishlar Rossiya uchun juda katta qurbonliklarni anglatadi va buning fonida urushning tez orada yakunlanishi ehtimoli tobora kamaymoqda.

Foto: BBC
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya armiyasining Ukrainadagi yo‘qotishlari bir millionga yaqinlashmoqda