
5 may, dushanba kuni Germaniya poytaxti Berlin shahridagi tarixiy Bendlerblok harbiy majmuasining keng va tantanali hovlisida mamlakat kansleri Olaf Sholsni rasman iste’foga kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi. An’anaviy tarzda o‘tkaziladigan va mamlakatning eng muhim siyosiy tadbirlaridan biri sanalgan «Buyuk oqshom shon-shuhrati» (Der Große Zapfenstreich) nomli rasmiy xayrlashuv marosimida Shols so‘nggi marta kansler sifatida nutq so‘zladi.
O‘z chiqishi davomida Olaf Shols hamjihatlik, birdamlik va demokratiya tamoyillariga sadoqatni yana bir bor ta’kidladi. U mamlakatdagi hukumat almashinuvini demokratiyaning muhim va o‘ziga xos timsoli sifatida baholadi.
«Hokimiyatning madaniy, o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitida o‘tkazilishi, aynan Germaniyada bo‘layotganidek, aslida oddiy holat emas. Shu sababli biz demokratiya qadriyatlarini va ular bilan bog‘liq sivilizatsiyalashgan siyosiy muloqotni har doim qadrlashimiz lozim. Bu juda muhim va noyob boylikdir», — deb qayd etdi kanslerlik lavozimini tark etayotgan siyosatchi.
Shuningdek, Shols demokratik davlatlarda yuqori lavozimlar har doim vaqtinchalik bo‘lishini ta’kidladi: «Demokratiyada mansablar vaqtinchalik va ma’lum muddatga beriladi. Biz dunyodagi ko‘plab avtoritar tizimlardan aynan shu bilan farq qilamiz va buni hamisha esda saqlashimiz kerak».
Kansler o‘z lavozimini qabul qilib olayotgan Fridrix Mersga muvaffaqiyat va omad tilab, unga bu mas’uliyatli vazifani yengil va muvaffaqiyatli bajarishini aytdi. «Fridrix Mersga omad, kuch-quvvat va barcha ishlarda yengillik tilayman», — deya samimiy istaklarini bildirdi Shols.
Marosimning yakunida Olaf Shols Germaniya federal kansleri sifatida xizmat qilish uning uchun nafaqat katta mas’uliyat, balki ulkan sharaf bo‘lganini ham ta’kidlab o‘tdi.
Mazkur tantanali tadbirda 300 nafardan ortiq askar va ofitserlar, shuningdek, federal prezident Frank-Valter Shtaynmayer hamda lavozimga kirishish arafasida turgan yangi kansler Fridrix Mers ham ishtirok etdi.
Marosimda Bundesver orkestri Germaniyadagi qadimiy va go‘zal an’analarga muvofiq iste’foga chiqadigan kansler tomonidan maxsus tanlangan uchta musiqiy kompozitsiyani ijro etdi. Bu galgi tadbirda Olaf Sholsning tanlovi turli zamonlar va turli janrlarni o‘zida mujassam etgan, keng ma’noga ega bo‘lgan qo‘shiqlarga tushgan edi. Xususan, afsonaviy Beatles guruhining mashhur In My Life, buyuk kompozitor Iogann Sebastyan Baxning konsertlaridan biri hamda jahon sahnasi yulduzi Areta Franklinning Respect deb nomlangan klassik xit qo‘shig‘i ijro qilindi.
Bu yorqin va xotirjamlik bilan o‘tgan marosim Germaniyaning siyosiy an’analaridan biri sifatida tarix sahifalariga muhrlandi va demokratiyaning barqarorligi, siyosiy muloqotning oliy madaniyati sifatida ko‘rsatilmoqda. Olaf Shols o‘z lavozimini egallagan paytdan boshlab ham, uni tark etayotgan shu daqiqalarga qadar ham siyosiy hurmat va madaniyatni yuqori darajada saqlab qoldi.
Yangi kansler Fridrix Mers esa ertaga, 6 may kuni o‘z vazifasini rasman qabul qilib oladi va Germaniyada yangi siyosiy sahifa ochiladi. Bu esa mamlakatning kelgusi taraqqiyoti uchun yana bir qadam bo‘lishi kutilmoqda.
Foto: Ebrahim Noroozi/AP Photo/picture alliance “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar