
Bir necha yillar mobaynida sun’iy intellektga asoslangan ilg‘or texnologiya sifatida dunyoga tanitilgan Natasha AI neyron tarmog‘i aslida butunlay boshqacha asosda ishlayotgani ma’lum bo‘ldi. Britaniyada faoliyat yuritgan va texnologik innovatsiyalar sohasida katta obro‘ qozongan Builder.AI startapi ortida aslida hech qanday real generativ AI texnologiyasi yo‘qligi oshkor qilindi. Bu haqda Financial Times gazetasi ma’lum qilgan.
Natasha AI — Builder.AI startapiga tegishli chat-bot bo‘lib, u foydalanuvchilarga mobil ilovalar va dasturiy mahsulotlar yaratishda «yordamchi» sifatida xizmat qilgan. Startap o‘zini sun’iy intellekt asosida ishlaydigan platforma sifatida namoyon etgan va jahonning yirik sarmoyadorlarini jalb qilishga muvaffaq bo‘lgan. Microsoft, SoftBank va Insight Partners kabi global IT-gigantlar bu loyihaga 480 million dollardan ortiq mablag‘ kiritgan.
Kompaniya 2018 yilda $1,5 milliard dollarga baholanib, startaplar olamida «yakkashox» (unicorn) maqomiga erishgan. Ushbu muvaffaqiyat kompaniyani sun’iy intellekt sohasidagi eng umidli va kelajakka qarab ildamlayotgan startaplardan biri sifatida namoyon etgan.
Biroq voqelik ancha boshqacha chiqqan. FT tahliliga ko‘ra, Natasha AI nomli «aqlli» chat-bot aslida hech qanday neyrointellekt yoki algoritmlarga ega emas. Unga kelib tushayotgan buyurtmalarni Hindistondagi 700 nafar dasturchi o‘z qo‘li bilan kodlash orqali bajarib kelgan. Bu jarayon butunlay inson resurslariga bog‘langan bo‘lib, Natasha AI foydalanuvchilari bu haqda umuman xabardor bo‘lmagan.
Kompaniya ilovalarni avtomatik yaratish orqali muammosiz xizmat ko‘rsatishini va’da qilgan bo‘lsa-da, mijozlar tomonidan ko‘plab nosozliklar va texnik muammolar kuzatilgan. Bu holatlarga qaramasdan, loyiha qariyb 10 yil davomida bozorda o‘z o‘rnini saqlab qolgan va AI revolyutsiyasida yetakchi deb baholangan.
Biroq barchasi 2024 yil oxirida o‘zgardi. Kompaniya kreditorlari hisobidan 37 million dollarni qaytarib olganidan so‘ng, Builder.AI o‘zini rasman bankrot deb e’lon qildi. Ayni paytda kompaniya rahbariyati moliyaviy hisobotlarni soxtalashtirganlik va sarmoyadorlarni chalg‘itishda gumon qilinayotgani aytilayapti.
Natasha AI bilan bog‘liq bu fosh etilgan hodisa butun texnologik jamoatchilikni hayratda qoldirdi. Bu voqea sun’iy intellekt nomidan foydalanib, investorlar va mijozlarni aldash mumkinligini va texnologiyaga bo‘lgan ishonchni suiiste’mol qilish orqali katta mablag‘larni jalb etish mumkinligini yana bir bor ko‘rsatdi.
Zamin.uz tahririyati eslatadi: Texnologiyaga nisbatan mustahkam va tanqidiy yondashuv, har bir yangi platforma va loyihaning haqiqiy salohiyatini chuqur o‘rganish hamda shaffoflikni talab qilish — bugungi raqamli dunyoda eng muhim qadriyatlardan biriga aylanmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar