date
views 186

Suriyalik muhojirlar Qurbon hayitini o‘z vatanlarida kutib olmoqda

Suriyalik muhojirlar Qurbon hayitini o‘z vatanlarida kutib olmoqda
Turkiyadagi ko‘p yillik muhojirlik hayotidan so‘ng, suriyaliklar uchun yangi davr boshlandi. Mamlakatda 61 yil hukm surgan Asadlar sulolasi rejimi ag‘darilganidan keyin o‘nlab suriyalik muhojirlar Qurbon hayiti munosabati bilan ommaviy tarzda o‘z yurtlariga qayta boshladi.

Hozirgi kunda Turkiyaning Suriya bilan chegaradosh Kilis viloyatidagi Onjupinar nazorat-o‘tkazish punktida o‘z vatanlariga qaytish istagida bo‘lgan suriyaliklarning soni keskin ortgan. Bu yerda odamlar uzoq navbatlarda turib, vataniga doimiy qaytish uchun zarur bo‘lgan protseduralardan o‘tmoqda. Hatto ayrim kunlarda bu jarayonlar sababli tirbandlik holatlari kuzatilmoqda.

7 yil avval urush sababli Suriyani tark etib, Turkiyadan boshpana topgan 25 yoshli Ahmad Ismoil ham o‘z vataniga qaytayotganidan juda baxtiyor ekanligini aytmoqda. «Bu yillar davomida fikru xayolim doimo vatanimda bo‘ldi. Endilikda yurtimda tinchlik o‘rnatilganidan keyin men ham vataniga qaytayotganlar safidan o‘rin oldim. Turkiya xalqi va Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anga minnatdorchilik bildiraman. Hayitni o‘z yurtimda oilam bilan o‘tkazishdan xursandman», – deydi Ahmad.

19 yoshli Ekrem O‘mer esa Turkiyada bir necha yillik muhojirlikdan keyin, oila a’zolari bilan birgalikda Qurbon hayitini o‘z yurtida kutib olish imkoniyati paydo bo‘lganidan behad quvonchli ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «vazifamiz endi o‘z yurtimizdagi tinchlikni saqlash va uni qayta tiklashda faol ishtirok etishdir».

23 yoshli Zeid Eljubeydi esa Suriyadagi urush sababli Turkiyaga qochib kelgan va so‘nggi to‘rt yil davomida o‘z oilasidan uzoqda bo‘lganini afsus bilan eslaydi. «Turkiyada tinch va osuda yashash imkoniyatini topgan bo‘lsam-da, doim vatanga qaytishni orzu qilardim. Bu Qurbon hayiti men uchun o‘ta qadrli, chunki uni o‘z yurtimda, oilam bag‘rida kutib olaman. Bunday kunlar uchun Turkiya davlatiga va xalqlariga samimiy minnatdorlik bildirmoqchiman», – dedi u.

Suriyada tinchlik o‘rnatilishi bilan ko‘plab suriyalik muhojirlarning o‘z vatanlariga ommaviy ravishda qaytishi mintaqa uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu nafaqat Suriyaning qayta tiklanishiga turtki bo‘ladi, balki insonlarning o‘z yurtlarida, yaqinlari bag‘rida tinch va baxtli hayot kechirishlariga ham zamin yaratadi. Shu bilan birga, bu jarayon ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va insonparvarlik rishtalarini yanada mustahkamlaydi.

Foto: Anadolu Agency
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Suriyalik muhojirlar Qurbon hayitini o‘z vatanlarida kutib olmoqda