date
views 3 738

Hindistonda Boeing 787 Dreamliner ilk bor halokatga uchradi (video)

Hindistonda Boeing 787 Dreamliner ilk bor halokatga uchradi (video)
Hindistonda juda ham kam uchraydigan, balki tarixiy deb atash mumkin bo‘lgan aviafalokat sodir bo‘ldi. Gujarot shtatidagi yirik shahar — Ahmadobod yaqinida Air India aviakompaniyasiga tegishli Boeing 787-8 Dreamliner samolyoti yo‘lovchilar to‘la holda halokatga uchradi.

Samolyot uy-joylar mavjud hududga qulagani va voqea joyida quyuq tutun osmonga ko‘tarilgani aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda bir zumda keng tarqaldi. Hozircha halokat oqibatida halok bo‘lganlar va jabrlanuvchilar soni rasman ma’lum qilinmadi. Ammo, bortda 242 nafar yo‘lovchi bo‘lgani qayd etilmoqda. Ular orasida 169 nafar Hindiston, 53 nafar Buyuk Britaniya, 7 nafar Portugaliya, 1 nafar Kanada fuqarosi va 11 nafar bolalar bo‘lgan.

Reuters agentligining xabar qilishicha, yo‘qotilgan samolyot AI171 reysi bo‘lib, boshlang‘ich manzili sifatida Londondagi Getvik aeroporti ko‘rsatilgan, ba’zi manbalar esa samolyot Birminghemga uchganini aytishmoqda.

Texnik ma’lumotlarga ko‘ra, halokatga uchragan Boeing 787-8 Dreamliner — Boeing kompaniyasining so‘nggi yillarda ishlab chiqarilgan, innovatsion va tejamkor parvoz xususiyatlari bilan farq qiladigan zamonaviy avialaynerlaridan biridir. Bu model tarixida ilk bor yirik aviahalokat qayd etildi. Bu esa Boeing kompaniyasi uchun so‘nggi paytlarda ko‘paygan texnik muammolar soyasida yana bir jiddiy zarba bo‘lishi mumkin.

Air India rasmiylari hozircha hodisaning aniq sabablari va oqibatlari haqida ma’lumot bermadi. Kompaniyа bayonotida faqat “AI171 reysi bilan bog‘liq favqulodda vaziyat yuz bergani” tasdiqlandi. Hodisa atrofida tergov ishlari boshlangan, yaqin soatlarda qo‘shimcha rasmiy ma’lumotlar e’lon qilinishi kutilmoqda.

Bunday holatda ko‘plab mamlakatlar elchixonalari, jumladan, Buyuk Britaniya va Portugaliya diplomatlari yordam ko‘rsatish va halok bo‘lganlar hamda jabrlanuvchilar haqida aniq ma’lumot olish uchun ish olib bormoqda.

Bu voqea nafaqat Hindiston, balki butun dunyodagi aviatsiya xavfsizligi masalasini yana bir bor kun tartibiga chiqarishi shubhasiz.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Hindistonda Boeing 787 Dreamliner ilk bor halokatga uchradi (video)