date

Erdo‘g‘an: “Isroil urushi ortida makkor reja bor”

Erdo‘g‘an: “Isroil urushi ortida makkor reja bor”
16 iyun kuni Turkiya Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishidan so‘ng bayonot bilan chiqqan prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Eron va Isroil urushiga to‘xtaldi. Bu haqda Anadolu nashri xabar bermoqda.

«Har kun o‘tgan sayin, Eronning yadro obyektlariga zarba berish bahonasi ostida boshlangan hujum aslida nihoyatda keng qamrovli va makkor maqsadlarni ko‘zlagani ayon bo‘lib bormoqda. Biz boshidanoq Eronning yadro dasturi muzokara stolida muhokama qilinishi kerakligini aytib kelamiz. Bugun ham o‘sha nuqtadamiz. G‘azoni butunlay vayron qilgan va mintaqadagi barcha davlatlarni qo‘rqitayotgan Isroil, ehtimol, xatolarini kelajakda anglab yetar, biroq u paytda kech bo‘ladi».

Erdo‘g‘anning fikricha, Isroil tomonidan sodir etilayotgan har bir jinoyat va insoniyatga qarshi harakat ularning mavjudligiga va kelajagiga tahdid soladi. Erdo‘g‘an Isroil tajovuzini to‘xtatish bo‘yicha AQSH, Rossiya, Eron, Misr va Saudiya yetakchilari bilan muzokara olib borganini hamda bu borada har qanday yordamni ko‘rsatishga tayyorligini aytdi. U mintaqadagi muhim voqealarni eslagan:

«Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush hali ham davom etmoqda, ikki tomon ham charchagan. Pokiston va Hindiston o‘rtasidagi tanglik qisqa davom etgan bo‘lsa-da, xavf saqlanib qolmoqda. Isroil tomonidan G‘azoda ochiqcha sodir etilayotgan genotsid, Livan va Suriyadagi tajovuzkor harakatlar yuragimizni ezmoqda. Endilikda Isroil bizning qo‘shnimiz Eronga ham hujum boshladi. Har kun o‘tgan sayin bu hujum ortida juda xavfli va yashirin niyatlar borligi ayon bo‘lmoqda».

Erdo‘g‘anning aytishicha, so‘nggi voqealar fonida Turkiya o‘z raketa zaxiralarini yetarli darajaga olib chiqish bo‘yicha rejalar hamda Anqara mojaro yuzasidan har qanday ssenariyga tayyorligini bildirdi.

«Biz o‘rta va uzoq masofali raketa zaxiralarimizni to‘xtatuvchi darajagacha yetkazish imkonini beradigan rejalar ustida ishlayapmiz. Umid qilamizki, qisqa vaqt ichida biz — hech kim bizga qarshi chiqishga jur’at eta olmaydigan darajadagi mudofaa salohiyatiga erishamiz», degan Rajab Toyyib Erdo‘g‘an.

Mudofaa sanoati haqida gapirgan Erdo‘g‘an ikki yil oldin tanqidga uchragan KAAN milliy qiruvchi samolyoti bo‘yicha Indoneziya bilan erishilgan juda katta muhim kelishuvni e’lon qildi:

«INDO Defence 2025 ko‘rgazmasida Indoneziyaga 48 ta KAAN samolyoti yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolandi. 15 milliard dollarga yaqin qiymatga ega bu tarixiy kelishuv mamlakatimiz, mudofaa sanoatimiz va indoneziyalik birodarlarimiz uchun xayrli bo‘lishini tilayman», degan Erdo‘g‘an.

Shuningdek, u bunday vaziyatda mas’uliyatli siyosat yuritish muhimligini ta’kidlagan:

«Turkiya davlat donishmandligi va chuqur tajribasi asosida barcha voqealarni hushyorlik bilan tahlil qiladi va 86 million fuqarosining xavfsizligi va tinchligini ta’minlash uchun zarur choralarni ko‘radi. Biz, boshqalar kabi, olovga yoqilg‘i qo‘shish niyatida emasmiz – balki uni kengayib ketishidan oldin o‘chirishga harakat qilamiz».
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Erdo‘g‘an: “Isroil urushi ortida makkor reja bor”