
Yaqin Sharqda keskinlashgan vaziyat barobarida, Eron hukumati orqa fondda tinchlik o‘rnatish uchun jiddiy harakatlarga qo‘l ura boshladi. The Wall Street Journal nashri Yaqin Sharq va Yevropa rasmiylariga tayanib xabar qilishicha, Eron vositachilar orqali Isroil va AQSHdan harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishni so‘ragan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, agar AQSH Isroilning hujumlarida to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirok etmasligini kafolatlasa, Eron Vashington bilan muzokaralarni qayta tiklashga tayyor ekanini ma’lum qilgan. Shuningdek, Tehron Isroilga ham murojaat qilib, zo‘ravonlikni to‘xtatish har ikki davlat uchun manfaatli bo‘lishini ta’kidlagan.
Eronliklar bilan suhbatlashgan arab diplomatlarining fikricha, Tehron Isroilning “toliqtirish urushi”ni uzoq davom ettira olmasligini yaxshi anglab yetadi. Yahudiy davlati esa oxir-oqibat diplomatik yo‘l izlashga majbur bo‘lishi mumkin. Eron rasmiylari Isroilning bu mojarodan chiqish uchun aniq strategiyasi yo‘qligini bildirgan. Ekspertlar esa yadroviy obyektlarga sezilarli zarar yetkazish uchun AQSHning yordami zarurligini ta’kidlamoqda.
WSJ ma’lumotiga ko‘ra, agar AQSH bilan muzokaralar bo‘lmasa, Eron yadro dasturini tezlashtirish va urush hajmini kengaytirish bilan tahdid qilgan. Biroq arab vositachilariga ko‘ra, Tehron yadroviy muzokaralarda jiddiy yon berishga tayyor ekanligining aniq alomatlarini namoyon qilmagan.
Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE)ning baholashicha, Eronning yadroviy obyektlariga berilayotgan zarbalar halicha katta yo‘qotishlarga olib kelmagan. Shu sabab Isroil hozircha harbiy amaliyotlarni davom ettirish uchun barcha asoslarga ega, deydi tahlilchilar.
Ma’lumki, Isroil va Eronning o‘zaro hujumlari 13 iyunga o‘tar kechasi boshlandi. Yahudiy davlati “Isyonkor sher” harbiy operatsiyasini amalga oshirmoqda. Uning doirasida Isroil qo‘shinlari Eron hududidagi yadroviy va harbiy obyektlarga bir necha bor zarba berdi.
Eron tomoni esa bu harakatlarga javoban “Haqiqiy va’da 3” nomli operatsiyani boshladi va Isroilga yuzlab raketalarni yo‘lladi. Eron oliy rahnamosi o‘z murojaatida Isroilning hujumlarini jinoyat deb atadi va yahudiy davlatini “achchiq va dahshatli taqdir” kutmoqda, deb ogohlantirdi.
Hozirda har ikki davlat bir-biriga nisbatan hujumlarni to‘xtatgani yo‘q. Mojaro yanada kengayishi yoki diplomatik yechim topilishi esa xalqaro hamjamiyatning faolligidan hamda yirik davlatlar ta’siridan kelib chiqadi. Hamma umid tinchlik va muzokaralarga bog‘liq. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar