date

Tramp e’lon qilgan otashkesim rad etildi: Eron–Isroil nizosi hal etilmadi

Tramp e’lon qilgan otashkesim rad etildi: Eron–Isroil nizosi hal etilmadi
Yaqin Sharqda keskinlikni kamaytirish borasida yangi qadamlar qo‘yilgani haqidagi xabarlar jamoatchilik orasida katta qiziqish uyg‘otdi. AQSH prezidenti Donald Trampning bayonotiga ko‘ra, Isroil va Eron o‘rtasida “12 soatlik to‘liq o‘t ochishni to‘xtatish” bo‘yicha kelishuvga erishilgan. U, shuningdek, bu otashkesim urushni tugatishi kutilganini qayd etgan. Biroq voqelik boshqacha bo‘lib chiqdi.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi mazkur ma’lumotni rasman rad etdi va bu borada hech qanday kelishuv yoki muzokara bo‘lmaganini ma’lum qildi. Aroqchi o‘z bayonotida, “Isroil rejimi Eronga qarshi urush boshlagan, aksincha emas” deb urg‘uladi va harbiy harakatlarni to‘xtatish haqidagi qaror keyinroq qabul qilinishi mumkinligini aytdi. Shu bilan birga, Eron tomoni Isroil tomonidan amalga oshirilayotgan har qanday noqonuniy tajovuzga javob berishga tayyor ekanini aniq bildirgan.

Ayni vaqtda Eron tashqi ishlar vaziri rasmiy tashrif bilan Moskvada bo‘lib turibdi va Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv o‘tkazgan. Bu orqali Tehron diplomatik frontda ham faol harakatlarni davom ettirmoqda.

E’tiborli jihati shundaki, 23 iyun kuni Eron Qatardagi Amerika harbiy bazalariga qarshi operatsiya boshlagani ma’lum bo‘ldi. AQSHning Iroqdagi bazasi ham hujumga uchragan. Qatar esa o‘z hududidagi bazaga berilgan zarbalarni keskin qoralab, mamlakatning javob qaytarishga to‘liq haqli ekanini bildirgan. Saudiya Arabistoni ham ushbu bayonotni qo‘llab-quvvatladi. Shu sababdan Yaqin Sharqdagi bir qator davlatlar xavfsizlik choralarini kuchaytirib, o‘z havo hududlarini yopishga majbur bo‘ldi.

Donald Tramp esa otashkesim haqida rasmiy bayonot berib, Isroil va Eronga “12 kunlik urush”ni tugatishdagi sabr-toqati va jasorati uchun minnatdorchilik bildirgan. Ammo 24 iyun kuni voqealar boshqacha tus oldi: Eron harbiy harakatlarni to‘xtatish yoki kelishuvga erishilmaganini qayta ta’kidladi va Isroilning Beyer Sheva shahriga ballistik raketalar bilan zarba berdi.

Mazkur vaziyat, Yaqin Sharqdagi mojaro keskinlik kasb etayotganini va diplomatik muzokaralar murakkab sharoitda kechayotganini yana bir bor ko‘rsatib turibdi. Jahon hamjamiyati esa, ushbu mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash uchun har ikki tomondan ham aniq va konstruktiv qadamlarni kutishda davom etmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp e’lon qilgan otashkesim rad etildi: Eron–Isroil nizosi hal etilmadi