date

Global iste’dodlar uchun kurash kuchaymoqda

Global iste’dodlar uchun kurash kuchaymoqda
AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushining navbatdagi bosqichi tovarlar emas, balki inson kapitali – muhandislar, texnolog mutaxassislari va sun’iy intellekt sohasidagi olimlar ustidan nazoratga aylanishi mumkin. Bu boradagi keskinlik yaqinda yana bir bor o‘z aksini topdi: iPhone ishlab chiqaruvchi Foxconn kompaniyasi Hindistonda faoliyat yuritayotgan yuzlab xitoylik muhandis va texniklarni mamlakatga qaytarishga chaqirdi.

Bloomberg‘ning 2-iyuldagi xabariga ko‘ra, bu qaror Xitoy rasmiylarining xorijga bilim va texnologiyalar oqimini cheklashga qaratilgan strategiyasining bir qismi bo‘lishi mumkin. Yanvar oyida Pekin mahalliy hukumatlarga va regulyatorlarga Hindiston va Janubi-Sharqiy Osiyoga texnologiyalarni eksport qilish va u yerda ishlashni cheklash bo‘yicha og‘zaki ko‘rsatmalar bergani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Bu holat Apple kabi kompaniyalar uchun jiddiy muammo tug‘diradi. Kompaniya ishlab chiqarish zanjirlarini Xitoydan Hindiston va Vetnamga ko‘chirish orqali tariflar va geosiyosiy xatarlarni kamaytirishga harakat qilmoqda. Apple rahbari Tim Kukning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yilning uchinchi choragiga qadar AQShga eksport qilinadigan mahsulotlarning “asosiy qismi” Xitoydan tashqarida, aynan Hindiston va Vetnamda ishlab chiqariladi.

Biroq bu ko‘chirish jarayoni Xitoy iqtisodiyoti uchun og‘riqli bo‘lishi aniq. Apple Xitoyda 5 millionga yaqin ish o‘rni yaratgan bo‘lib, ularning yarmidan ko‘pi ishlab chiqarish sohasida. Foxconn va boshqa ishlab chiqaruvchilarning xodimlarini chet elga yuborishiga to‘siqlar qo‘yish qisqa muddatda foydali ko‘rinsa-da, uzoq muddatda Hindistonning javob choralari, jumladan, texnologik va diplomatik bosimlar, kuchayishi mumkin.

Bundan ham xavfliroq yo‘nalish esa texnologik bilimlarning global harakatiga nisbatan cheklovlardir. Xitoy noyob yer elementlari bo‘yicha dunyo bozorida yetakchi bo‘lib qolmoqda. Bu materiallar AI, elektromobillar va zamonaviy harbiy texnika ishlab chiqarishda muhim o‘rin tutadi. Pekin allaqachon ba’zi texnologiyalar eksportiga to‘liq taqiq qo‘ygani ma’lum bo‘ldi. Bundan tashqari, Xitoy hukumati texnik bilimga ega xitoylik mutaxassislar ro‘yxatini tuzmoqda va ularning xorijga chiqishiga cheklovlar qo‘ymoqda.

Sun’iy intellekt sohasida ham ehtiyotkorlik kuchaymoqda. Mart oyida The Information axborotiga ko‘ra, Pekindagi DeepSeek startapining ayrim xodimlariga chet el safarlariga chiqish taqiqlangan. Bu Xitoyning o‘z mutaxassislarini ushlab qolishga va xorijga bilim chiqishini cheklashga jiddiy yondashayotganidan darak beradi. Ayniqsa, Meta va boshqa Silikon vodiysi kompaniyalarida faoliyat yuritayotgan xitoylik AI mutaxassislar Pekin uchun katta strategik qiymatga ega.

Bu uslub yangi narsa emas – Xitoy boshqa davlatlar, xususan, Tayvandan yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilishga doim intilgan. Misol uchun, taniqli chip muhandisi Lyan Mong Song 2017-yilda TSMC kompaniyasidan ketib, Shanxaydagi SMIC kompaniyasiga rahbarlik qilgan edi. Bu kabi holatlar Xitoyning xalqaro miqyosdagi iste’dodlar kurashida faol ishtirokini ko‘rsatadi.

Natijada, dunyo endi faqat mahsulotlar uchun emas, balki bilim, innovatsiya va intellektual salohiyat uchun ham global “sovuq urush” holatiga kirib bormoqda. Xitoy va AQSh o‘rtasidagi bu yangi maydon – “iste’dodlar urushi” – yaqin yillarda global texnologik raqobatning eng muhim frontiga aylanishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Global iste’dodlar uchun kurash kuchaymoqda