
AQSH va Isroil munosabatlarida yana bir muhim uchrashuv o‘tdi, deb xabar berdi reuters.com. Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu va AQSH prezidenti Donald Tramp seshanba kuni rejadan tashqari, yopiq eshiklar ortida muzokara olib borishdi. Ushbu suhbat taqriban bir soat davom etdi va unga jurnalistlar qo‘yilmadi. Ko‘pchilik bu vaziyatni muzokaralarda yangi to‘siq paydo bo‘lganiga ishora sifatida baholamoqda.
Manbalarga ko‘ra, Tramp va Netanyahu o‘rtasidagi uchrashuvdan avval Qatar delegatsiyasi Oq uyda AQSHning yuqori lavozimli shaxslari bilan suhbatlashgan. Suhbat asnosida, asosiy mavzulardan biri — G‘azoda garovda ushlanganlarni ozod qilish va “Hamas”ning harbiy va siyosiy imkoniyatlarini yo‘q qilish bo‘lgan.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, ular deyarli butun muzokarani G‘azo masalasiga bag‘ishlashgan va bu muammoni hal qilishda har ikki davlat rahbari ham qat’iyat ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, rasmiylar uchrashuv natijasida juda oz ma’lumot bergani, muzokaralar sir saqlangani va uchrashuv qisqa bo‘lgani sababli, vaziyatni aniq tushunish murakkabligini alohida ta’kidlashdi.
«Bu muammoni hal qilishimiz kerak. G‘azo bu — fojia. U (Netanyahu) bu muammoni hal qilmoqchi, men ham xohlayman, deb o‘ylayman. Va menimcha, boshqa tomon ham xohlaydi», - deya Trampning so‘zlarini keltirmoqda nashr.
Al-Jazeera muxbiri Mayk Xanna so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi uchrashuvdan «juda kam ma’lumot» chiqqan, shuning uchun vaziyatni tushunish qiyin bo‘lmoqda.
«Ammo bu darajada maxfiy o‘tkazilgani, muzokaralar tafsilotlari bo‘yicha aniq bayonot berilmagani va uchrashuv bor-yo‘g‘i bir soat davom etgani — bularning barchasi shuni ko‘rsatishi mumkin: qandaydir to‘siq yuzaga kelgan. Bu holatda so‘nggi 24 soat ichida ikki lider tomonidan ifodalangan optimistik kayfiyatni bulut qoplagan bo‘lishi mumkin», - deydi Xanna.
Amerikalik maxsus vakil Stiv Uitkoff esa yaqin kunlarda 60 kunlik o‘t ochmaslik bo‘yicha kelishuvga erishilishi mumkinligini bildirgan, 10 nafar garovdagilar tirik holda qaytarilishi va 9 nafar jasad topshirilishi kutilayotganini aytgan. Biroq, hali yechim topilmagan yagona masala — Isroil mudofaa kuchlari G‘azodan qaysi chiziqqacha chekinishi lozimligidir. Hamas mart oyidagi so‘nggi vaziyatga qaytishni talab qilmoqda, Isroil esa buni qabul qilmayapti.
Shu o‘rinda, Netanyahu AQSH Kongressi spikeri Mayk Jonson bilan suhbatda “G‘azodagi ishimiz hali tugamadi, Hamasni to‘liq neytrallashtirish kerak”, deya qayd etdi.
Isroil OAVlari Netanyahu G‘azo bo‘yicha kelishuvga erishish uchun Tramp tomonidan jiddiy bosim ostida qolganini yozmoqda. Shu bilan birga, Uitkoffning Doxaga uchishi kechikkani va bu, ehtimol, uning pozitsiyasida o‘zgarishga sabab bo‘lgani haqida ham xabarlar tarqaldi.
Zamin.uz esa, Yaqin Sharqdagi so‘nggi siyosiy voqealar, muzokaralar va mintaqadagi diplomatik jarayonlar haqida o‘z o‘quvchilarini tezkor va xolis ma’lumotlar bilan ta’minlashda davom etadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar