date

Rossiyada onlayn kinolarga yangi senzura talablari belgilandi

Rossiyada onlayn kinolarga yangi senzura talablari belgilandi
Rossiyada onlayn-kinoteatrlar va yirik ijtimoiy tarmoqlarga nisbatan yangi qonuniy cheklovlar joriy etilishi kutilmoqda. Davlat Dumasining axborot siyosati bo‘yicha qo‘mitasi mamlakatning “an’anaviy ma’naviy-axloqiy qadriyatlarini» kamsituvchi filmlarni bloklash majburiyatini onlayn platformalar zimmasiga yuklovchi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda Pravilamag nashri xabar berdi.

Yangi tartibga ko‘ra, kunlik foydalanuvchilar soni 100 mingdan oshadigan saytlar, shu jumladan onlayn kinoteatrlar, Rossiya Madaniyat vazirligi tomonidan “qadriyatlarni kamsituvchi” deb topilgan yoki kino prokat guvohnomasidan mahrum etilgan filmlarni bir sutka ichida o‘z platformalaridan olib tashlashi shart bo‘ladi.

Agar talab bajarilmasa, Roskomnadzor aralashadi va platformalarga nisbatan choralar ko‘rilishi mumkin.

Shuningdek, 500 mingdan ortiq foydalanuvchiga ega ijtimoiy tarmoqlar ham ushbu qonundan mustasno emas. Agar foydalanuvchi shaxsiy sahifasida taqiqlangan kontentni joylashtirsa, platforma bu kontentni o‘chirishi lozim bo‘ladi.

Yangi qonun qabul qilinsa, Madaniyat vazirligi prokat guvohnomalarini bekor qilish yoki ularga istalgan vaqtda o‘zgartirish kiritish huquqiga ega bo‘ladi. Bu o‘zgarishlar, masalan, filmning yoshga oid cheklovlarini kuchaytirish ko‘rinishida bo‘lishi mumkin.

Qonun loyihasiga binoan, Rossiyada prokatga chiqish huquqini olgan filmlar endilikda “an’anaviy qadriyatlarni” hurmat qilishi kerak bo‘ladi. Ushbu tamoyillarga zid bo‘lgan asarlar ruxsatdan mahrum etiladi.

Qonun loyihasi 24 iyun kuni Davlat Dumasida birinchi o‘qishda ma’qullangan. Hozircha ikkinchi o‘qish sanasi belgilanmagan. Hujjat kuchga kirsa, u 2026 yil 1 martdan boshlab amal qila boshlaydi.

Tuzatishlar muallifi – Davlat Dumasining axborot siyosati bo‘yicha qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Anton Gorelkin hisoblanadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiyada onlayn kinolarga yangi senzura talablari belgilandi