Moskva shahrida Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston maxsus xizmatlari birgalikda yirik terrorchilik tarmog‘iga zarba berdi. FSB jamoatchilik bilan aloqalar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada faoliyati taqiqlangan xalqaro terrorchilik tashkiloti saflariga mehnat muhojirlarini yollash bilan shug‘ullangan to‘qqiz nafar xorijiy fuqaro qo‘lga olindi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu amaliyot Davlat xavfsizlik xizmati, Federal xavfsizlik xizmati va Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi o‘zaro hamkorligida amalga oshirilgan. Tergov organlari ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘lga olinganlar xalqaro terrorchilik tashkiloti yacheykasida faoliyat yuritib, Yevropa Ittifoqi hududidagi mafkuraviy yetakchilar bilan bog‘langan holda ish olib borgan. Ular Rossiya hududida yashovchi muhojirlarni turli yo‘llar bilan o‘z saflariga jalb qilishga harakat qilgan.
Amaliyot davomida huquq-tartibot organlari xodimlari ushbu shaxslarning yollovchilik faoliyatiga oid aniq dalillarni to‘plashga muvaffaq bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ular 2025 yil apreligacha Moskvada faol tashviqot ishlarini amalga oshirgan. Yollovchilar yashirin uchrashuvlar tashkil etishgan, hatto Telegram messenjeri orqali videokonferensiyalar o‘tkazib, muhojirlarga “global xalifalik” g‘oyalariga asoslangan radikal ta’limotlarni singdirishgan.
Qo‘lga olinganlar orasidan 38 va 39 yoshli ikki nafar shaxsga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 205.5-moddasi 1-qismi (terroristik tashkilot faoliyatini tashkil etish va unda ishtirok etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va ular qamoqqa olingan.
Tintuv jarayonida huquq-tartibot idoralari terrorchilik tashkiloti targ‘ibot materiallari, aloqa vositalari, elektron axborot tashuvchilar va terrorchilik faoliyatining turli usullariga oid ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan hujjatlarni musodara qildi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, bu kabi qo‘shma amaliyotlar kelgusida ham davom ettiriladi va Rossiya hududida xavfsizlikni ta’minlash uchun barcha choralar ko‘riladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!